Sport | 17:30 / 19.08.2018
6521
2 daqiqa o‘qiladi

Erkin kurash. O‘zbekistonning ikki vakili bronza uchun gilamga chiqadi

O‘zbekiston erkin kurash jamoasining 65 kg vazn toifasidagi vakili Sirojiddin Hasanov nimchorak finalda yutqazgan bo‘lsada, birinchi raqibi hindistonlik Bazirang Bazirang finalga qadar yetib kelgani uchun bronza medallar uchun kurashga qo‘shildi.

U bronza yo‘lida Tojikiston vakili Abdulqosim Fayziyevga qarshi bahs yuritib, mutlaq ustunlik bilan g‘alaba qozondi. U birinchi raunddayoq 10:0 hisobida oldinga chiqib oldi va muddatidan avval g‘alabani qo‘lga kiritdi.

U endi bronza uchun mo‘g‘ulistonlik Batmagnai Batchuluunga qarshi gilamga chiqadi.

57 kg vazn toifasida ishtirok etib, chorak finalda mag‘lub bo‘lgan Mahmudjon Shavkatovning raqibi - mo‘g‘ulistonlik Erdenebat Bekbayar ham finalga yetib keldi. Shavkatov esa bronza medal uchun kurashni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ammo u bu imkoniyatdan foydalana olmadi va janubiy koreyalik Kim Sunggvonga mag‘lub bo‘ldi - 1:5 (0:1, 1:4).

86 kg vazn toifasida ishtirok etib, chorak finalda yutqazgan Rashid Qurbonovning raqibi mo‘g‘ulistonlik Ordogal Uytumen finalga chiqa olmadi. Natijada o‘zbekistonlik sportchi bronza medal uchun kurasha olmaydigan bo‘ldi.

Bundan oldin 97 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Magomed Ibragimov yarim finalda imkoniyatni boy bergach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bronza medal uchun gilamga chiqadigan bo‘lgandi. Uning raqibi yaponiyalik Takeshi Yamaguchi.

74 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Bekzod Abdurahmonov esa finalga chiqqan. U oltin medal uchun qozog‘istonlik Daniyar Kaisanovga qarshi bellashadi.

Mavzuga oid