O‘zbekiston | 16:50 / 31.03.2023
5973
4 daqiqa o‘qiladi

OKMK: yangi loyihalar doirasida biznes jarayonlar diagnostikasi olib borilyapti

30 mart kuni Milliy matbuot markazida OKMK mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Foto: Olmaliq kon-metallurgiya kombinati

“Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisining iqtisodiyot, moliya va transformatsiya bo‘yicha o‘rinbosari Feruza Hamidovaning ma’lum qilishicha, kombinat o‘tgan yilgi rejani ortig‘i bilan bajargan:

“2022 yil yakunlari bo‘yicha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining moliyaviy-iqtisodiy faoliyati bo‘yicha barcha prognoz ko‘rsatkichlar bajarildi. Xususan, tayyor mahsulotlar sotishdan tushgan tushum 30,5 trln so‘mni tashkil etib, biznes-reja 108,2%ga bajarildi. Kombinatda mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi hisobiga xarajatlar 418 mlrd so‘m yoki 3,8 foizga iqtisod qilinishiga erishildi.

Foto: Olmaliq kon-metallurgiya kombinati

Bu topshiriqlar davlat rahbarining kombinatimizga tashrifi davomida topshirilgan vazifalar edi”,- dedi rais o‘rinbosari.

Shuningdek o‘tgan yilda kombinat tomonidan 947,5 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, prognoz 110,8%ga bajarilishi ta’minlandi. OKMKda ishlab chiqarilgan mis konsentratlaridan iborat birinchi konteyner blok poyezdi Bolgariyaning Burgas shahriga yuborildi.

Foto: Olmaliq kon-metallurgiya kombinati

“Pricewaterhousecoopers” MChJ bilan birgalikda “Olmaliq KMK” AJda operatsion samaradorlikni oshirish, tahlil qilish, tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, joriy qilishga ko‘maklashish va xodimlarning malakasini oshirish loyihasi doirasida biznes jarayonlar diagnostikasi o‘tkazilishi boshlanib ishlar jadal ketmokda.

Mas’ullarning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil boshida elektr ta’minoti tizimida yuz bergan “blekaut” tufayli 25 yanvardan 28 yanvarga qadar kombinat faoliyatining to‘liq to‘xtalishi, mahsulot ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Tezkor ravishda ko‘rilgan choralar evaziga, birinchi navbatda eng muhim uchastkalarga elektr tokini yetkazish, shuningdek, ichki zaxiralarining ishga tushirilishi hisobiga sotiladigan mahsulotlar ishlab chiqarish ta’minlandi. Jumladan, mis katodi ishlab chiqarish rejasi (148,5 ming tonna) 100 %ga, mis simi, emallangan sim, mis kuporosi rejasi 100 %ga bajarildi. Qimmatbaho va nodir metallar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarilishiga erishildi. Xususan, oltin va kumush ishlab chiqarish vazifasi mos ravishda 100,3 %ga, ammoniy perrenati 132,4 %ga, selen (34,5 tonna), tellur (2,8 tonna) 100,0%ga, palladiy kukuni rejasi 183,9 %ga bajarilgan.

Foto: Olmaliq kon-metallurgiya kombinati

2022 yilda rux metalli ishlab chiqarish 90,0 ming tonnani tashkil qilib, rejaviy vazifa 100,0%ga bajarildi. 111 111 tonna sulfat kislotasi ishlab chiqilib, reja 107,8%ga, 478 tonna kadmiy metalli tayyorlanib, reja 105,5%ga bajarilishiga erishildi.

Jahon bozorida 1 kg molibdenning narxi 22 dollardan 70-100 dollargacha ko‘tarilishini inobatga olib 2023 yilda molibden ishlab chiqarish quvvatlarini 800 tonnadan 1 200 tonnaga ko‘paytirish loyihasi amalga oshirilyapti. Mazkur vazifaning ijrosini ta’minlash maqsadida Mis eritish zavodining Kamyob metallar ishlab chiqarish sexi kengaytirilmoqda. Ayni kunlarda ushbu sexdagi mavjud 4 ta pechga qo‘shimcha yana 2 ta pech qurilmoqda.

Foto: Olmaliq kon-metallurgiya kombinati

Shuningdek, mis va rux ishlab chiqarishdan hosil bo‘ladigan tashlanma eritmalardan qo‘shimcha noyob metallar ajratib olish bo‘yicha ilmiy izlanishlar natijalarini joriy qilish rejalashtirilgan.

2023 yilda Rux zavodi jamoasi tomonidan 92,0 ming tonna rux metalli, 105,6 ming tonna sulfat kislotasi, 470 tonna kadmiy metalli ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Shuningdek, anjumanda kombinat ijtimoiy siyosati hamda  “Olmaliq KMK” AJning 2 foiz aksiyalari sotilishi haqida so‘z bordi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, “Olmaliq KMK” AJ aksiyalarini sotib olish bu foydali mulk egasiga aylanish demakdir. Aksiyador nafaqat jozibador dividendlar olishi (eng kamida 30 foiz) balki ushbu tashkilotga egalik qilishi, uni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati axborot xizmati

Mavzuga oid