O‘zbekiston | 22:35 / 21.09.2017
63129
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy bog‘ning yangi ko‘rinishi qanday bo‘ladi? (foto)

Avvalgi xabarlarda Vazirlar Mahkamasining 4 sentabr kungi qaroriga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i o‘rnida «zamonaviy hamda yuqori texnologiyali madaniyat va istirohat bog‘i» qurilishini ma’lum qilgan edik. 

Yangi qurilajak bog‘ birinchi navbatda, yoshlarning «yuqori sifatli, jahon standartlari darajasidagi madaniy-ma’rifiy xizmatlarga» bo‘lgan ehtiyojini qondirishi lozim, deya ta’kidlanadi qarorda. 

Bog‘ning 20,79 gektar qismini investoriga aylangan Stargate Systems MChJ mazkur loyihaga 60 mln. dollar ajratgan. Kompaniya KUN.UZ nashriga bog‘ning yangi dizayni tasvirlangan fotosuratlarni taqdim etdi. 

Loyiha konsepsiyasiga ko‘ra, rekonstruksiya qilingan va zamonaviylashtirilgan yangi bog‘ har kuni 10 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi.

Yangi bog‘da amfiteatr, kartografik favvora, attraksionlar va hordiq chiqarish uchun boshqa ko‘ngilochar obektlar quriladi. Shuningdek, ikkita «Amerika tepaliklari» attraksioni, ikkita bolalar avtodromi, interaktiv poyezd, labirint, syorfing bilan shug‘ullanish uchun sun’iy to‘lqinli suv inshooti, to‘rtta qo‘lga o‘rgatilgan delfin ishtirokidagi shou-dastur uchun delfinariy ochilishi kutilmoqda. 

Qurilish ishlari 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, yangi bog‘ 2021 yilning 1 yanvar kunigacha foydalanishga topshiriladi.

Mavzuga oid