O‘zbekiston | 12:13 / 17.04.2019
7976
18 daqiqa o‘qiladi

Xizmat chog‘ida jarohat olgan harbiylarga yoki halok bo‘lgan harbiylarning oila a'zolariga nafaqa to‘lash tartibi tasdiqlanadi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oila a'zolariga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oila a'zolariga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Harbiy xizmatchi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lganda (vafot etganda) ularning oila a'zolariga marhumning asosiy egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi (harbiy ta'lim muassasasi kursantining va tinglovchisining stipendiyasi) va harbiy unvoni maoshi yig‘indisining yuz barobari miqdorida nafaqa tayinlanadi.

Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchiga:

og‘ir tan jarohati olganda – harbiy xizmatchining egallab turgan lavozimi bo‘yicha maoshi (harbiy ta'lim muassasasi kursantining va tinglovchisining stipendiyasi) va harbiy unvon maoshi yig‘indisining ellik barobari miqdorida;  

o‘rtacha og‘ir tan jarohati olganda – harbiy xizmatchining egallab turgan lavozimi bo‘yicha maoshi (harbiy ta'lim muassasasi kursantining va tinglovchisining stipendiyasi) va harbiy unvon maoshi yig‘indisining yigirma barobari miqdorida nafaqa tayinlanadi.

Yengil tan jarohati olgan harbiy xizmatchiga nafaqa tayinlanmaydi.

Harbiy xizmatchi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olganligi holati yuz berganda (halok bo‘lganda yoki vafot etganda) bevosita harbiy xizmatchining boshlig‘i (komandiri) yoki uning o‘rinbosari tashabbusi bilan xolislar (kamida ikki nafar voyaga yetgan fuqaro) ishtirokida darhol muvofiq shaklda tan jarohati olganligi (halok bo‘lganligi, vafot etganligi) bo‘yicha dalolatnoma tuziladi.

Dalolatnomani tuzishda voqea tafsilotlari aniq va xolisona bayon etilishiga, shuningdek harbiy xizmatchining tan jarohati olganligining (halok bo‘lgan yoxud vafot etganligining) xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq holda yuz berganligiga alohida e'tibor qaratiladi.

Dalolatnoma tan jarohati olgan (halok bo‘lgan, vafot etgan) harbiy xizmatchining boshlig‘i (komandiri) yoki uning o‘rinbosari, voqea guvohi bo‘lgan harbiy xizmatchilar yoki fuqarolar (xolislar) tomonidan, shuningdek voqea sodir bo‘lgan hududdagi Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) tomonidan imzolanadi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.

Harbiy xizmatchi tan jarohati olganligi (halok bo‘lganligi, vafot etganligi) voqeasi sodir bo‘lgan hududdagi Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) tomonidan yuz bergan holat yuzasidan zudlik bilan yuqori turuvchi qo‘mondonlikka dastlabki axborot beriladi.

Harbiy xizmatchining halok bo‘lishi (vafot etishi) yoxud uning tan jarohati olishi holati va sabablarini tekshirish uchun Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari)ning yozma ko‘rsatmasiga asosan tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi tayinlanadi.

Tergovga qadar (xizmat) tekshiruvni Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) tomonidan tayinlanadigan tergovga qadar (xizmat) tekshiruvini o‘tkazish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) o‘tkazadi. Zarur hollarda vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida komissiya ishiga boshqa vazirlik va idoralarning tegishli soha mutaxassislari jalb etiladi.

Komissiya harbiy xizmatchining halok bo‘lishi (vafot etishi) yoki uning tan jarohati olishi uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liqligiga alohida e'tibor qaratishi shart.

Komissiya yoxud Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) tomonidan harbiy xizmatchi olgan tan jarohatining darajasini (halok bo‘lish yoxud vafot etish sababini) aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (yoki Sog‘liqni saqlash vazirligi) sud-tibbiy ekspertizasi muassasalarida ekspertizani tayinlash haqida qaror qabul qilinadi.

Ekspertizani tayinlash va o‘tkazish jinoyat-protsessual qonunchiligiga asosan amalga oshiriladi.

Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning xatti-harakatlarida huquqbuzarlik, xizmat intizomini buzish holatlari yoki harbiy xizmatchidan olinadigan qon namunasi tarkibida spirtli ichimliklar, giyohvandlik yoki psixotrop moddalar mavjudligi aniqlangan taqdirda, nafaqa tayinlashni rad etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rik o‘tkazish to‘g‘risida nizomga muvofiq, Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) uch kunlik muddat ichida harbiy-davolash muassasasiga tan jarohati olingan (yaralangan, shikastlangan, mayib va kontuziya bo‘lgan) vaziyat haqidagi ma'lumotnomani tegishli shaklga muvofiq taqdim etadi.

Ma'lumotnoma Qurolli Kuchlardagi tibbiyot bo‘lim (bo‘linma, xizmat)larida ro‘yxatga olinadi va asl nusxasi tegishli yig‘ma jildlarda doimiy muddatga saqlanadi.

Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) hamda Komissiya ma'lumotnomada bayon etilgan ma'lumotlar ishonchli bo‘lishi uchun shaxsan javob beradi.

Tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi davomida harbiy xizmatchi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida olgan tan jarohati darajasi – sud-tibbiy ekspertiza muassasasi xulosasiga ko‘ra Harbiy-tibbiy komissiyasi qarori bilan belgilanadi.

Komissiyaga harbiy xizmatchi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida har bir halok bo‘lishi yohud vafot etishi holati yuzasidan tibbiy yoki sud-tibbiy ekspertiza muassasasining o‘lim haqidagi tibbiy guvohnomasining nusxasi taqdim etiladi.

Komissiya tomonidan barcha hujjatlar umumlashtirilgan holda tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi natijasiga doir xulosa chiqariladi. Mazkur xulosa tergovga qadar (xizmat) tekshiruvini tayinlagan Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) tomonidan tasdiqlanadi.        

Tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi natijasiga doir xulosaga asosan harbiy xizmatchi tan jarohati olishi xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq deb topilsa, tergovga qadar (xizmat) tekshiruvini o‘tkazgan Komissiya tomonidan sodir etilgan voqea yuzasidan hujjatlar to‘planadi.    

Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalarda tuziladigan jarohatlanish va boshqa baxsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha komissiyalarga (Jarohatlanish va boshqa baxsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha komissiya) quyidagi to‘plangan hujjatlar taqdim etiladi:        

a) tan jarohati olgan harbiy xizmatchi to‘g‘risida ma'lumot;        

b) halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchining yaqin qarindoshlari to‘g‘risida ma'lumot;

v) tan jarohati olganligi (halok bo‘lganligi yoxud vafot etganligi) to‘g‘risida dalolatnoma;

g) Harbiy-tibbiy komissiya tomonidan berilgan ma'lumotnoma;           

d) tan jarohati olishning (halok bo‘lish yoxud vafot etishning) sabablari va holati yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi hujjatlari to‘plami;           

ye) sud-tibbiy ekspertiza muassasasining xulosasi nusxasi;           

j) tan jarohati olingan (yaralangan, shikastlangan, mayib va kontuziya bo‘lgan) vaziyat haqidagi ma'lumotnoma.        

Agar yuz bergan holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga muvofiq jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish va jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror mavjud bo‘lsa, to‘plangan hujjatlar bo‘yicha ushbu yakuniy qaror nusxasi ham tegishli hujjatlarga ilova qilinadi.          

Harbiy xizmatchi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan (vafot etgan) bo‘lsa, Komissiya tomonidan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlar ham to‘planadi:       

a) harbiy xizmatchining o‘limi haqidagi guvohnoma nusxasi;

b) merosxo‘rning shaxsini tasdiqlovchi hujjat hamda uning meros olishga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnomaning notarial tasdiqlangan ma'lumotnoma nusxasi;

v) tegishli Qurolli Kuchlar tarkibidagi bo‘linmalar boshliqlarining (komandirlarining) harbiy xizmatchini shaxsiy tarkib ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi buyrug‘idan ko‘chirma.

Jarohatlanish va boshqa baxsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha komissiya o‘z yig‘ilishida to‘plangan hujjatlarning asosliligini o‘rganib chiqadi hamda tan jarohatining og‘irlik darajasi va mehnat qobiliyati yo‘qotilgan vaqtga qarab beriladigan nafaqa miqdori to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Jarohatlanish va boshqa baxsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha komissiya qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) nafaqa to‘lash masalasi yuzasidan yakuniy qaror chiqarilishi uchun besh kun ichida ko‘rsatilgan hujjatlarni belgilangan tartibda Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralari Markaziy devonining doimiy faoliyat yurituvchi komissiyalariga taqdim qiladi.

Doimiy faoliyat yurituvchi komissiyaning tarkibi Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralarining birinchi rahbarlari buyrug‘i bilan belgilanadi.

Nafaqani rasmiylashtirish uchun yuborilgan hujjatlar Doimiy faoliyat yurituvchi komissiya tomonidan o‘rganib chiqiladi va nafaqa miqdorini aniq belgilab berish uchun Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralarining birinchi rahbarlariga bir martalik nafaqa bo‘yicha taqdimnoma kiritiladi.

Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralarining birinchi rahbarlari tomonidan nafaqa miqdori aniq belgilangan holda tasdiqlangan Taqdimnomaning asl nusxasi Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralaridagi mas'ul boshqarma tomonidan ijro uchun harbiy xizmatchining so‘nggi xizmat yoki o‘qish joyiga, nusxalari esa ma'lumot va ijro uchun Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralari Tibbiyot hamda Moliya-iqtisod boshqarmalariga yuboriladi.

Taqdimnoma Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalarga kelib tushgach, marhumning oila a'zolariga meros huquqini tasdiqlovchi notarial idoraning guvohnomasini olish uchun muvofiq shakldagi ma'lumotnoma beriladi.

Doimiy faoliyat yurituvchi komissiya to‘plangan hujjatlarni qayta rasmiylashtirish uchun qaytarishga, quyi turuvchi Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar komissiyalarining nafaqa miqdori yuzasidan chiqargan qarorlarini bekor qilishga haqlidir.

Agar yuz bergan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, to‘plangan hujjatlar ushbu jinoyat ishi yakuni bo‘yicha chiqarilgan hukm, ajrim va qarorlar qonuniy kuchga kirganidan so‘ng belgilangan tartibda Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralarining mas'ul boshqarmalariga yuboriladi.

Muddatli harbiy xizmatchilarga xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida olgan tan jarohati uchun nafaqa, muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilganidan so‘ng beriladi.

Merosxo‘r voyaga yetmagan bo‘lsa, nafaqa puli uning vasiy yoki homiysiga beriladi.

Harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi (vafot etishi) yohud tan jarohati olishi quyidagi hollarda xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq deb hisoblanadi:

jangovar harakatda ishtirok etganda, xizmat majburiyatini ijro etish vaqtida;

jangovar navbatchilikni (jangovar xizmatni) o‘tash vaqtida;

xizmat safari yoki davolanishda bo‘lganida; 

kun tartibida belgilangan xizmat vaqti davomida yoki xizmat zarurati tufayli harbiy qism (muassasa) hududida bo‘lganida;

xizmat, davolanish joyiga borish yoki ulardan qaytish vaqtida;

yig‘inlarda (harbiy yig‘inlarda) ishtirok etganda;

asirga tushgan (o‘z ixtiyori bilan asirga tushish hollari bundan mustasno), garovga olingan, ushlab qurolsizlantirilgan ahvolda bo‘lganida;

harbiy xizmatchi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bedarak yo‘qolgan deb topilguniga yoki vafot etgan deb e'lon qilinguniga qadar sodir. bo‘lganida;

shaxsning hayoti, sog‘ligi, sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilishga doir harakatlar vaqtida sodir bo‘lganda;

qonuniylikni va huquq-tartibotni ta'minlashda (jamoat tartibini saqlashda) boshqa shaxslarga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yordam ko‘rsatish vaqtida;

sud tomonidan harbiy xizmatchining harakati shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan harakat deb topilganda;

harbiy xizmatchining hayotiga uning xizmat mavqei tufayli suiqasd qilinganda.

Quyidagi hollarda harbiy xizmatchilar xizmat majburiyatini bajarayotgan deb e'tirof etilmaydilar:

o‘zini ko‘ngilli ravishda giyohvand, spirtli yoki zaharli moddalardan mast holatga keltirgan bo‘lsa;

jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan jamiyat uchun xavfli xatti-harakatlarni sodir etgan bo‘lsa;

o‘z-o‘zini o‘ldirgan yoxud o‘z-o‘zini o‘ldirishga suiqasd qilgan bo‘lsa, agar bunday harakatlar kasallik holati yoxud o‘z-o‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazish tufayli sodir etilgan bo‘lmasa;

harbiy qism hududidan tashqarida dam olishda, javob (ruxsat) berishda yoxud ta'tilda yurganda, shuningdek o‘zboshimchalik bilan Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar qarorgohidan tashqarida yoxud Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar hududidan tashqarida, belgilangan xizmat joylaridan tashqarida yurganda, bundan asirda bo‘lgan, garovga olingan hollarda, sud tomonidan jamiyat va davlat manfaatlari yo‘lida sodir etilgan, deb topilgan boshqa xatti-harakatlar mustasno.

Agar harbiy xizmatchi xizmat majburiyatini bajarayotgan deb e'tirof etilmagan vaziyatda tan jarohati olgan yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) bo‘lsa, harbiy xizmatchiga yoki uning oila a'zolariga nafaqa to‘lanmaydi.

Nafaqa harbiy xizmatchining so‘nggi xizmat (o‘qish) joyidagi moliya bo‘lim (bo‘linma)lari tomonidan tan jarohati olgan harbiy xizmatchiga yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchining oila a'zosiga (qonuniy vakiliga) to‘lanadi.      

Nafaqa miqdori harbiy xizmatchilar tan jarohati olgan yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) kundagi harbiy xizmatchilarning maoshi miqdoridan, jumladan:           

shartnoma bo‘yicha ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarga – ularning asosiy egallab turgan (egallagan) lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy unvon maoshi yig‘indisidan;        

muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga – lavozim maoshidan;          

oliy harbiy-ta'lim muassasalari kursant va tinglovchilariga – ularga belgilangan maoshi (stipendiyasi) va harbiy unvon maoshi yig‘indisidan;         

safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilariga – eng kam oylik ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi.

Tan jarohatining harbiy xizmatchilarning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lgan sababiy bog‘lanishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rik o‘tkazish to‘g‘risida nizomga muvofiq, Harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan aniqlanadi.      

Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida harbiy xizmatchi og‘ir yoki o‘ta og‘ir tan jarohati olganligi tufayli xizmatdan bo‘shatilgandan so‘ng, olgan tan jarohati tufayli bir yil ichida vafot etgan bo‘lsa, uning oila a'zolariga Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘lim (bo‘linma) tomonidan belgilangan miqdorda avvalgi to‘langan nafaqa bilan xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lganda (vafot etganda) beriladigan nafaqa miqdori orasidagi farq to‘lanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid