Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil va Hamas, F-35 dasturiga qaytish va Ukrainadagi urush – Erdo‘g‘an AQSh OAVga katta intervyu berdi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an AQShda respublikachilarni faol qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan Fox News telekanaliga intervyu berdi. Erdo‘g‘an suhbatda Isroilning G‘azodagi urushi va Hamas, AQSh bilan munosabatlari hamda Rossiya-Ukraina urushiga to‘xtalib o‘tdi.
Foto: Turkiya prezidenti matbuot xizmati
BMT Bosh Assambleyasi doirasida AQShga tashrif buyurgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 22 sentabr kuni Donald Tramp va respublikachilarni faol qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan Fox News telekanaliga intervyu berdi. Erdo‘g‘an suhbatda Isroilning G‘azodagi urushi va Hamas, AQSh bilan munosabatlari hamda Rossiya-Ukraina urushi masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Anadolu nashri intervyuning muhim nuqtalarini jamladi.
Isroilning urushi haqida
Erdo‘g‘an Isroil G‘azoda «to‘liq genotsid» amalga oshirayotganini aytdi va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qotilliklarda aybladi.
«Boshqa yo‘l bilan tushuntirishimiz mumkin deb o‘ylamayman. Bu to‘liq genotsid. Va bu genotsidning sababi Netanyahu. Afsuski, Netanyahu beshafqatlarcha bu genotsid bilan o‘n minglab odamlarni o‘ldirdi», dedi Erdo‘g‘an Fox News'ga.
Uning qo‘shimcha qilishicha, G‘azoda 120 mingdan ortiq odam yaralangan va Turkiya ko‘plab jarohatlanganlarni davolanish uchun mamlakatga qabul qilgan. «Biz bu genotsidga butunlay qarshimiz», dedi u.
Shuningdek, Erdo‘g‘an hamma aybni Falastindagi qurolli guruh – Hamas zimmasiga yuklashni ham rad qildi.
«Bu bir tomonlama jinoyat emas. Faqat Hamasni ayblash noto‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman. Shu bilan birga, Netanyahuning qilgan ishlarini qanday qilib chetga suramiz?» dedi u.
«Men Hamasni terrorchi tashkilot deb hisoblamayman. Aksincha, uni qarshilik guruhi deb ko‘raman… Ular o‘zlarini himoya qilish uchun mavjud imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Qurol masalasiga kelganda, Hamasni Isroil bilan solishtirish mumkin ham emas. Lekin Isroil bu kuchni rahmsizlarcha ishlatmoqda – 7 yoshdan 70 yoshgacha, bolalar, ayollar, qariyalar. Hech qanday rahm-shafqat yo‘q. Bu odamlar o‘ldirilmoqda».
Turkiya yetakchisi G‘azodagi urushga chek qo‘yish istiqbollariga shubha bildirdi, uni hal bo‘lmayotgan Rossiya-Ukraina urushi bilan taqqosladi.
«[Donald Tramp] aytganini eslashingiz mumkin: «Men Rossiya-Ukraina urushini tugataman», degandi u. Tugadimi? Hali ham davom etmoqda. Xuddi shuningdek, u «Men G‘azodagi urushni tugataman», degan. Tugatdimi? Yo‘q».
2023 yil 7 oktyabrdagi Hamas hujumidan so‘ng Isroil G‘azoda olib borayotgan urush – Falastin xalqiga nisbatan genotsidga aylanib ketdi. Unda 65 mingdan ortiq falastinlik Isroil hujumlari qurboni bo‘ldi. Harbiy kampaniya anklavni vayron qildi va u yerda rasman ocharchilik boshlandi.
2024 yil noyabr oyida Xalqaro jinoiy sud Netanyahu va uning sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga G‘azodagi urush bo‘yicha urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun hibsga olish orderi chiqardi. Isroil, shuningdek, G‘azodagi urushi bo‘yicha Xalqaro sudda genotsid ishi bilan yuzlashmoqda.
Turkiya-AQSh munosabatlari
Turkiya prezidenti 25 sentabr kuni Oq uyda Tramp bilan bo‘ladigan uchrashuvi haqida ham gapirdi. Erdo‘g‘an uchrashuvda to‘xtab qolgan F-35 qiruvchi samolyotlari dasturini ko‘tarmoqchi.
«Biz F-35 loyihasida hamkor bo‘lganmiz. Hozirgacha 1,4 milliard dollar to‘ladik… Ba’zi samolyotlar yetkazib berilish arafasida edi, ammo oxirgi daqiqada yetkazib berish to‘xtatildi. Menimcha, bu strategik hamkorlikka yarashmaydi,» dedi u.
Yaqinda AQSh Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotishga ruxsat bergan bo‘lsa-da, Anqaraning Rossiyadan C-400 havo mudofaa tizimini xarid qilishi bo‘yicha kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda. Bu Turkiyaning F-35 dasturidan chiqarilishiga va keyinchalik AQSh sanksiyalariga olib kelgan.
Prezident Erdo‘g‘anning aytishicha, Oq uyda bo‘ladigan muzokaralarda F-16 samolyotlarini yetkazib berish, ishlab chiqarish, texnik xizmat va kengroq mudofaa hamkorligi ham muhokama qilinadi.
Erdo‘g‘an AQSh-Turkiya iqtisodiy va sanoat aloqalari haqida optimistik ruhda fikr bildirdi.
«Menimcha, bu aloqalar juda yaxshi rivojlanadi, ayniqsa mudofaa sanoatida. Shu bilan birga, sanoat va texnologiya sohalarida ham Turkiya va AQSh o‘zaro munosabatlarini yaxshilaydi», dedi u.
Rossiya Ukraina urushi
Prezident Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina urushi haqida gapirar ekan, Turkiya har ikki davlat bilan ham muvozanatli munosabatda ekanini ta’kidladi.
«Rossiya juda jiddiy talafot ko‘rmoqda. Ukraina ham juda katta talafot ko‘rmoqda — ham insoniy, ham moliyaviy jihatdan. Biz bunday bo‘lishini istamagan edik», dedi u.
U NATO Turkiyaning yondashuviga o‘xshash, ya’ni har ikki tomon bilan diplomatik aloqalarni olib boradigan modelni qabul qilishi mumkinligini taklif qildi.
Prezident Erdo‘g‘an, shuningdek, Yevropaning Turkiyaga bo‘lgan munosabatini tanqid qildi. U Turkiya 50 yildan ortiq vaqt davomida NATO a’zosi bo‘lganiga qaramay, Yevropa Ittifoqiga qabul qilinmaganini «adolatsizlik», deya baholadi.
Mavzuga oid
22:54 / 24.12.2025
Rossiya Ukraina bo‘yicha 20 banddan iborat tinchlik rejasini rad etdi
15:25 / 24.12.2025
1 yanvardan AQSh fuqarolari O‘zbekistonga 30 kunga vizasiz kirishi mumkin bo‘ladi
13:45 / 24.12.2025
Turkiya kapitali ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi Toshkent hissasiga to‘g‘ri keldi
09:40 / 24.12.2025