O‘zbekiston | 08:00 / 25.10.2019
33448
5 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy shaxslar uchun yagona bojxona to‘lovi joriy etiladi

Foto: norma.uz

O‘zbekistonda yagona bojxona to‘lovi joriy etilishi mumkin. Bu haqda Kun.uz’ga Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadida olib o‘tilayotgan tovarlarni bojxonada deklaratsiyalanishi tartibini yanada takomillashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadida tovarlarning olib o‘tish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini ishlab chiqdi.

Loyihada, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegara o‘tkazish punktlari orqali tovarlarni olib kiruvchi jismoniy shaxslar uchun, qonunchilik bilan o‘rnatilgan tartibda, bir qancha bojxona to‘lovlari o‘rniga yagona bojxona to‘lovini undirishni nazarda tutuvchi bojxona to‘loviga tortish va bojxona rasmiylashtiruvining soddalashtirilgan tartibini joriy etish nazarda tutiladi.

Shu bilan birga, loyihada yagona bojxona to‘lovi, xususan, respublikaga jismoniy shaxslar tomonidan bojxona to‘lovlari undirilmaydigan chegaraviy normadan oshgan tovar qiymatidan kelib chiqib, tovarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodi va kelib chiqish mamlakatidan qat'iy nazar, barcha toifa(kategoriya)dagi tovarlar bo‘yicha undirilishi ko‘zda tutilgan. 

Yagona bojxona to‘lovini quyidagi miqdordagi stavkalarda o‘rnatish taklif etiladi:

oziq-ovqat mahsulotlari uchun - 30 %, lekin kamida 1 kg uchun 2 AQSh dollari;

nooziq-ovqat mahsulotlari uchun - 50 %, lekin kamida 1 kg uchun 4 AQSh dollari.

Stavkalar amalda o‘rnatilgan bojxona bojlari, aksiz solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkalarining (QQS) o‘rtacha yig‘indisi asosida hisoblanadi.

Masalan, sut mahsulotlaridan biri bo‘lgan pishloq tovariga 15 % miqdorida bojxona boji, 10 % miqdorida aksiz solig‘i va 15 % miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i belgilangan. Jami bo‘lib ushbu tovarga 44 % miqdorida bojxona to‘lovlari to‘lanishi lozim. 

Joriy qilinayotgan tartibga muvofiq esa pishloq mahsulotiga 30 % miqdorida yagona bojxona to‘lovi joriy etilmoqda.

Shu kabi holatni shokolad mahsulotlari misolida ham ko‘rish mumkin, xususan ushbu mahsulotga 30 % miqdorida bojxona boji, 10 % miqdorida aksiz solig‘i va 15 % miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i belgilangan. Jami bo‘lib ushbu tovarga 61 % miqdorida bojxona to‘lovlari to‘lanishi lozim. 

Joriy qilinayotgan tartibga muvofiq shokolad mahsulotiga 30 % miqdorida yagona bojxona to‘lovi joriy etilmoqda. 

Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari  hisoblanuvchi va tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasining 6105-tovar pozitsiyasida tasniflanadigan kiyim kechak tovarlari uchun 20 % miqdorida bojxona boji va 15 % miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i belgilangan. Jami bo‘lib ushbu tovarga 38 % miqdorida bojxona to‘lovlari to‘lanishi lozim. 

Hozirgi amaliyotda jismoniy shaxslar tomonidan olib kelingan ushbu tovarlarning kelib chiqish sertifikatlari taqdim qilinmagan taqdirda Bojxona kodeksining 300-moddasi talablariga muvofiq ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarining stavkalari ikki baravar oshirilgan miqdorida hisoblanadi. Bu holatda pishloq mahsulotiga 51 %, shokolad mahsulotiga 95 %, kiyim kechak tovarlariga 61 % miqdorida bojxona to‘lovlari belgilanadi.

Yagona bojxona to‘lovining joriy etilishi chegara o‘tkazish punktlarida jismoniy shaxslar tomonidan bojxona to‘lovlari undirilmaydigan me'yorlardan ortiq tovarlar uchun to‘lovlarni hisoblash tartibotlarini keskin soddalashtiradi va tirbandliklarni oldini oladi. 

Shuningdek, chegara o‘tkazish punktlari orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslar tomonidan olib o‘tilayotgan belgilangan me'yordan ortiqcha tovarlar uchun to‘lovlarni hisoblashga sarflanayotgan o‘rtacha vaqtni 40 daqiqadan 10 daqiqagacha qisqartirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, loyihada jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali qo‘l yuki bilan olib kirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining sanoat qadoqlari bo‘lishi majburiy shartini kiritish taklif etilmoqda.

Texnik tartibga solish sohasida normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovarlarni olib kirilishini oldini olish uchun, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirishda tadbirkorlik faoliyati maqsadini nazarda tutmaydigan tovarlar toifa(kategoriya)lari ro‘yxatini loyiha bilan tasdiqlash nazarda tutilmoqda.

Mazkur ro‘yxatga meditsina, xirurgik, stomatologik yoki veterinar mebellari, markaziy isitish uskuna-anjomlari, va boshqalar kiritilgan. 

Ushbu tovarlar olib kirilgan taqdirda, bojxona idoralari tomonidan ular shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlar toifasiga kiritilmay, ularga belgilangan tartibda notarif boshqaruv usullari (sertifikat, ruxsatnoma va h.k.) qo‘llaniladi. 

Mavzuga oid