O‘zbekiston | 15:58 / 15.04.2023
26728
24 daqiqa o‘qiladi

Ma’muriy iskanja paxta-to‘qimachilik sohasini boshi berk ko‘chaga olib kirdi

Iqtisodchi Yuliy Yusupov Kun.uz uchun yozgan maqolasida O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik sohasini tahlil qiladi. Xulosa ravshan – tarmoq qat’iy isloh qilinishi, bozor iqtisodiyotiga o‘tishi lozim. Beo‘xshov, bozor va aksilbozor elementlar qorishmasidan iborat “tizim” erki yo‘q fermerni ham, klasterni ham, aniq egasi mavjud bo‘lmagani bois shiddatli tezlikda ishdan chiqayotgan yerni ham baxtiqaro qilmoqda. Aynan qishloq xo‘jaligi isloh qilinmayotgani sabab qishloqlarda ishsizlik va mehnat migratsiyasi salmog‘i yuqori. O‘z mehnat resurslarimizdan o‘zimiz emas, boshqalar foydalanyapti. Qishloqlardagi cheksiz ijtimoiy muammolar zanjiriga ham shu omil bo‘lyapti.

O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati keyingi yillarda juda yaxshi rivojlandi. Ayniqsa, eksport bo‘yicha soha muvaffaqiyatlari e’tiborga molik. 2022 yilda O‘zbekistondan barcha to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 3,2 milliard AQSh dollarini (umumiy eksport hajmining 16,5 foizi), shu jumladan, ip-kalava – 1,4 milliard AQSh dollarini, tayyor trikotaj va tikuv-trikotaj mahsulotlari – 0,9 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

2016 yilda to‘qimachilik eksporti 1,6 milliard dollardan kam bo‘lganini va asosan paxta va ip-kalavadan iborat bo‘lganini inobatga olsak, o‘sish yaqqol ko‘zga tashlanadi.

O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari eksporti, million AQSh dollarida. Manba: https://stat.uz/images/uploads/docs/pressreliztashqisavdo202212ru.pdf.

To‘qimachilik tarmog‘ining asosiy xomashyo manbai O‘zbekistonda yetishtiriladigan paxta bo‘lib, uni yetishtirish uchun mamlakat sug‘oriladigan ekin maydonlarining 1/3 qismi ajratilgan. Ko‘p yillar davomida o‘zimizning nisbatan arzon paxtamiz xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatda mahalliy to‘qimachilarga ma’lum afzalliklarni berdi. Ammo oxirgi paytlarda o‘z xomashyo bazamiz mavjudligi ustunlikdan ko‘ra, ko‘proq sanoatni o‘ldiradigan omilga aylandi. Harholda buni to‘qimachilik sohasi vakillarining o‘zlari ta’kidlashmoqda. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan paxta narxi xalqaro bozorlardagi paxtadan qimmatroq bo‘lib qolmoqda. Jahon to‘qimachilik bozorida shiddatli raqobat hukm surayotgani va raqobatda g‘alaba ba’zan mahsulot narxidagi juda kichik farq tufayli qo‘lga kiritilayotganini hisobga olsak, bu holat soha rivojiga chek qo‘yishi mumkin.

Klasterlar va fermerlar: “majburiy nikoh”

Qanday qilib mahalliy paxta xorijnikidan qimmat bo‘lib qoldi?

Bu savolga javob O‘zbekistonda paxta yetishtirishni tashkil etish amaliyotida. Gap shundaki, paxtachilik mamlakatimiz iqtisodiyotining davlat tomonidan eng tartibga solinadigan tarmoqlaridan biridir. Bu yerda hamon davlat tomonidan tartibga solishning ma’muriy, bozorga qarshi mexanizmlaridan foydalaniladi. Davlat paxta yetishtirish uchun yerlarni kvotalaydi (u «ajratish» deb ataladi), fermerlardan ma’lum miqdorda paxta xomashyosi yetishtirish majburiyatini oladi (minimal hosildorlik me’yorlari belgilanadi). Yig‘ilgan hosilni qonuniy ravishda erkin bozorda sotish mumkin emas va «paxta-to‘qimachilik klasterlari»ga qat’iy belgilangan narxda sotilishi kerak.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekistonda 134 ta paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, ularga paxta yetishtirish uchun 1 million gektardan ortiq yer ajratilgan, shundan 173 ming gektar (17 foizga yaqin) klasterlarning o‘ziga tegishli, qolgan yerlar klasterlarga «biriktirilgan» fermerlar yerlari (29,3 ming fermer xo‘jaligi).

Klasterlar fermerlardan paxta xomashyosini xarid qilibgina qolmay, ularni avanslar bilan ta’minlaydi, moddiy resurslar va konsultativ yordam ko‘rsatadi, fermerlarga kreditlar yoki xaridlarni kafolatlaydi.

Klasterlar va fermerlar o‘rtasidagi munosabatlar juda murakkab.

Fermerlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni o‘rnatishga, o‘z majburiyatlarini vijdonan bajarishga, hosildorlikni oshirish va mahsulot sifatini yaxshilashga har tomonlama yordam berishga harakat qilayotgan klasterlar mavjud.

Ammo, fermerlarning shikoyatlariga qaraganda, o‘z majburiyatlarini bajarmaydigan (masalan, sotib olingan paxta uchun o‘z vaqtida to‘lamaydigan), zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etishda qo‘llab-quvvatlamaydigan, ish o‘rinlari yaratmaydigan, yoqilg‘i-moylash vositalarini imtiyozli narxlarda olib, fermerlarga qimmat narxda sotadigan, imtiyozli kreditlar olib, tijoriy maqsadlarda qurilish qiladigan va boshqa nomaqbul ishlarni qiladigan klasterlar bisyor. Klasterlar davlat ularga bergan imtiyozli maqomni bajonidil suiiste’mol qilish holatlari ko‘p. Ba’zi klaster rahbarlari va xodimlari fermerlarga nisbatan boy erksiz qullarga qiladigan munosabatni qilishadi, bu esa nosog‘lom muhitni, ijtimoiy taranglikni yuzaga keltiradi.

Boshqa tomondan, klasterlar fermerlardan shikoyat qiladi: avans olishadi, lekin o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishmaydi, paxta dalalarida "chap ekinlarni" yetishtirishga harakat qilishadi, paxta hosildorligini oshirishdan manfaatdor emas, deyishadi.

Va bularning hammasiga buzuq ma’muriy tizim aybdor, aynan u bu kabi nosog‘lom ijtimoiy-iqtisodiy muomalalarga zamin yaratadi, fermerlarni erkin – nimani qayerda ekishni, mahsulotini kimga va qaysi narxda sotishni o‘zi belgilaydigan mustaqil tadbirkorlar sifatida tan olmaydi.

Boshqa tomondan fermerlar ham, klasterlar ham davlat buyurtmasini bajarishga mas’ul qilingan mahalliy hokimiyat organlarining xo‘jalik va iqtisodiy masalalarga aralashishidan shikoyat qilishadi. Mansabdor shaxslar:

– klasterlarni yo‘nalishlariga xos bo‘lmagan va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydigan faoliyatni moliyalashtirishga, fermerlarning xaridlarini (masalan, tomchilab sug‘orish tizimini sotib olish uchun) va kreditlarini kafolatlashga majburlashadi;

– tuproq unumdorligi past bo‘lgan, suv bilan ta’minlanmagan dalalarda paxta yetishtirish uchun yer ajratishga harakat qilishadi;

– shu bilan birga tuproq sharoiti, almashlab ekish ehtiyoji borligiga qaramasdan, fermerga ortiqcha majburiyatlarni yuklashadi va bu vaziyatda fermer kimyoviy o‘g‘itlar va zararkunandalarga qarshi kurash vositalarini suiiste’mol qila boshlashiga qarashmaydi.

Kimyoviy moddalar va pestitsidlardan hadsiz foydalanish tuproqni charchatadi va mikroorganizmlarning tabiiy yashash muhitini yo‘q qiladi. Bundan tashqari, sug‘orish va tuproqni yuvish uchun ishlatiladigan suv ifloslanadi. Oqibatda nafaqat bevosita paxta yetishtiriladigan yer uchastkalarida, balki boshqa barcha sug‘oriladigan yerlarda ham tuproqning kuchi ketishi va ifloslanishi sodir bo‘lmoqda. Bunday chek-chegasiz “boshqaruv” samarali dehqonchilikka putur yetkazadi hamda fermerlar va klasterlar o‘rtasida bartaraf etib bo‘lmaydigan keskinlikni keltirib chiqaradi.

Nima bo‘lganda ham klasterlar va fermerlar o‘rtasidagi munosabatlarni bozor munosabatlari, o‘zaro kelishuv va manfaatlar asosiga qurilgan munosabatlar deb bo‘lmaydi. Joriy tizim zamirida fermerlarni ma’lum yerlarda ma’lum ekin yetishtirishga va ularni davlat tomonidan belgilangan narxda sotishga majburlash, shuningdek, klasterlarni nafaqat paxta yetishtirish, balki mansabdor shaxslarning boshqa turdagi istak-injiqliklarini moliyalashtirishga majburlashdan iborat. Sotsializmdan meros bo‘lib qolgan va haligacha bartaraf etilmagan bu amaliyot ko‘plab salbiy oqibatlarga olib keladi:

1. Fermerlarda paxta hosildorligini oshirish uchun hech qanday stimullar mavjud emas, ularga paxta dalalarida boshqa daromad keltiradigan ekinlarni yetishtirish qulay, shuningdek, paxtani qorabozorda sotish uchun rag‘bat mavjud.

2. Qishloq xo‘jaligi yerlaridan maksimal darajada tijoriy daromad olish nuqtai nazaridan samarasiz foydalanilmoqda. Kvotalash fermerlarga tuproq xususiyatlari, iqlim, suvning ko‘p-kamligi, bozor kon’yunkturasi, xodimlar malakasi, ortiqcha xarajatlar hajmi va qiyosiy ustunlikning boshqa omillarini hisobga olgan holda ishlab chiqarish tuzilmasini optimallashtirish imkonini bermaydi.

Shuni ham yodda tutish kerakki, O‘zbekiston katta hajmda paxta yetishtiriladigan eng shimoliy mamlakat hisoblanadi: vegetatsiya davri qisqa bo‘lgani uchun paxtamizning sifati nisbatan past. Ko‘pincha paxta ekiladigan yerlarda boshqa ekinlarni yetishtirish samaraliroq bo‘ladi.

3. Qishloq xo‘jaligi yerlaridan yer unumdorligini saqlash va oshirish nuqtai nazaridan samarasiz foydalanilmoqda. Tuproq unumdorligi muttasil pasayib bormoqda, sho‘rlanish va yerlarning degradatsiyasi sodir bo‘lmoqda, chunki davlat buyurtmasi bo‘yicha ekinlarni joylashtirish fermerlarni yerdan intensiv foydalanishga majbur qiladi, almashlab ekishga imkon bermaydi.

4. Yerlardan samarasiz foydalanish va degradatsiyaga uchrashi omillaridan yana biri majburiy davlat buyurtmalari amaliyoti bilan ham bog‘liq. Ushbu amaliyotning davom etishi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer egaligining huquqiy tomondan zaif himoyalanishi omili bo‘lib qolmoqda. Majburiy ekin yetishtirishni ta’minlash vazifasi yuklatilgan hokimlar yerlarni qayta taqsimlash mexanizmlarini suiiste’mol qilyapti, ya’ni «beparvo» dehqondan yerni tortib olib, boshqasiga beryapti. Tabiiyki, ular bu imkoniyatlardan shaxsiy boyish uchun faol foydalanishyapti va o‘z odamlarini “boshliq” qilib qo‘yish orqali keng yerlarga egalik qilib olishyapti – latifundistlarga aylanishyapti. Yerga egalik qilish huquqi yomon himoyalangani, yerni istalgan vaqtda olib qo‘yilishi mumkinligi sabab, fermerlarning yerga g‘amxo‘rlik qilish va unumdorligini oshirish uchun uzoq muddatli sarmoya kiritishga rag‘bati yo‘q. Yerdan qisqa muddatli foyda olish uchun o‘ta intensiv foydalanilyapti.

5. Bundan tashqari, ushbu boshqaruv tizimida samarali yer egalarini tanlash va yerlarni samarali egalari foydasiga qayta taqsimlashning xolis va samarali mexanizmlari mavjud emas. Fermerlar yerlari bozor aylanmasidan chiqarib qo‘yildi, yerdan foydalanish huquqi qayta sotilmaydigan, garovga qo‘yilmaydigan qilib qo‘yilgan, subijaraga berish imkoniyatlari cheklangan. Yerlarni taqsimlash va qayta taqsimlash bozor tamoyillari asosida emas, balki mansabdor shaxslarning xohishiga binoan amalga oshiriladi. Yerlarni taqsimlash va qayta taqsimlash mexanizmlari shaffof emas va korrupsiogendir.

6. Ijtimoiy muammolarni hal qilishda yerdan to‘liq foydalanilmayapti: qishloq aholisining katta qismi uchun yerga kirish imkoniyati cheklangan, bu esa bandlik va daromadlarning pastligi sabab ijtimoiy taranglikni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, hozirgi fermerlarning yer olish mexanizmlari tushunarsiz va noaniq bo‘lgani sabab, qishloq aholisining nazdida ularning yerga egalik qilish huquqi noqonuniy hisoblanadi. Ko‘p hollarda fermerlar turli mansabdorlarning odamlari bo‘ladi, korrupsion yig‘imlarni yig‘ib oluvchi asl egalar esa – o‘sha mansabdorlar bo‘ladi.

To‘qimachilik sanoatining hozirgi inqirozi

To‘qimachilik sanoatidagi bugungi inqiroz O‘zbekistonda paxta yetishtirish va tayyorlashning ushbu o‘ta samarasiz tizimi bilan bevosita bog‘liq. Fermerlardan sotib olinadigan paxta narxi davlat tomonidan belgilanadi. Bu narxlar odatda jahon narxlaridan past bo‘lgan, bu esa paxtani tashqi bozorga sotuvchi eksport kompaniyalariga ham, to‘qimachilik korxonalariga ham ko‘proq foyda olish imkonini berdi.

Biroq hozirgi vaziyat teskari: davlat tomonidan belgilangan xarid narxi tashqi bozordagi narxlardan yuqori bo‘lib qolyapti. Mazkur holat 2-rasmda – davlat idoralarimiz paxta xomashyosini fermerlardan sotib olish narxlarini belgilashda qo‘llaydigan, paxta tolasi narxiga qayta hisoblashni hisobga oladigan uslub orqali ko‘rsatilgan. (Mazkur rasmdagi ma’lumotlarga nisbatan Kun.uz bog‘langan ba’zi mutaxassislar e’tiroz bildirishdi, bu haqda qo‘shimcha ma’lumot beriladi – tahr.).

Ichki va jahon bozorlarida paxta sotib olish narxlaridagi farq, narxlar – bir funt paxta tolasi uchun sentda. Kotirovkalar manbasi: https://finance.yahoo.com/quote/CT%3DF/history?p=CT%3DF.

Bundan tashqari, to‘qimachilik klasterlari bizning ma’muriy tizimimizning “o‘ziga xosligi” bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni ko‘taradi, bu esa tayyor mahsulot tannarxini yanada oshiradi:

– Klasterlar tavakkal qiladi va paxta yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi, bank foizlarini (yiliga 12% dan 24%), sug‘urta, tashish, saqlash, keyingi qayta ishlash va ishlab chiqarish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni to‘laydi.

– Klasterlar ko‘pincha hokimlar va Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga ko‘ra fermerlarga tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish, qishloq xo‘jaligi texnikasi, soya, kartoshka yetishtirish va paxta yetishtirish va klaster faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan boshqa xarajatlar uchun kredit olishga yoki kreditlar bo‘yicha kafolat berishga majburlanadi.

– O‘zbekistonda ip-kalava va trikotaj gazlamaga (bo‘yalgan trikotajdan tashqari) eksport boji undiriladi. Ushbu tovarlar bozorlari shiddatli raqobat va daromad darajasi juda past ekanligini hisobga olsak, aslida bu majburiyat to‘qimachilarning foydasini ikki baravar kamaytiradi.

Ip eksportini cheklash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning xavfliligi haqida avvalroq yozgan edim. Bunday chora-tadbirlar ip-kalava ishlab chiqarishning o‘sishiga, o‘rtacha tannarxni pasaytirish va mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, sanoatga investitsiyalarni jalb qilish uchun «masshtab effekti»dan foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda.

– QQSni o‘z vaqtida qaytarish bilan bog‘liq, soliq idoralarining noqonuniy, boshqa davlatlarda kuzatilmaydigan, mamlakatimizdagi biznes-muhitni yakson qiluvchi, “soliq uzilishi” deb nomlanuvchi muammolar saqlanib qolmoqda. Bu amaliyotning ma’nosi shuki, QQS to‘lamaganlik uchun moliyaviy javobgarlik qoidabuzarga emas, balki bu soliqning oxirgi – yakuniy to‘lovchilariga yuklanadi. Soliqchilarimizning fikricha aynan ular soliq idoralarining ishidagi kamchiliklar bilan bog‘liq kamomadni yopishi kerak... E’tiborlisi, soliqchilar aynan kim QQS to‘lamayotganini yaxshi bilishadi, ammo kamomadni aybsiz tadbirkorlar egniga yuklab yuborishni lozim deb bilishadi.

-To‘qimachilik vakillarining aytishicha, bojxona tartib-taomillarini murakkablashtirish orqali mamlakatimizga paxta xomashyosini olib kirish amalda taqiqlangani sababidan, to‘qimachilik mahsulotlari tannarxini optimallashtirishni qiyinlashmoqda. Tolani import qilish mumkin, lekin negadir bu ham “tavsiya etilmaydi”. Amaldorlarimizning «mantig‘ini» ba’zan tushunib bo‘lmaydi: chetdan keltirilgan paxtani qayta ishlashning nimasi yomon?

Mavjud vaziyat mamlakat to‘qimachilik korxonalarini quyidagi imkoniyatlardan mahrum qilmoqda:

– xalqaro bozorlarda raqobatlashish;

– eksport xajmini oshirish;

– olingan kreditlarni qaytarish;

– investitsiya kiritish va ish o‘rinlarini yaratish;

– soliqlar va budjetga boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash.

Bu oxir-oqibat aksariyat klasterlarning bankrot bo‘lishiga olib keladi. Paxtachilik sohasini boshqarishning ma’muriy tizimi o‘zini o‘zi yeb bitirdi…

Nima qilish kerak?

Bu savolga javob allaqachon ayon: paxtachilikni tartibga solishning bozor tamoyillariga qarshi amaliyotidan voz kechib, normal bozor munosabatlariga o‘tish kerak. Ekinlarni «joylashtirish»dan voz kechish kerak. Faqat paxta uchun emas, istisnosiz barcha qishloq xo‘jaligi ekinlari bo‘yicha rejalashtirishdan voz kechish zarur. Shunda qayta ishlovchi korxonalar xomashyoni (paxta, bug‘doy, ipak, meva-sabzavot va boshqalar) erkin bozordan erkin narxlarda sotib oladilar. Shuningdek, ular fermerlar bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzishi va shartnomalarga klasterlarni kiritishi mumkin bo‘ladi. Faqat endi buni majburiy emas, ixtiyoriy ravishda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bozor iqtisodiyotiga ega mamlakatlarda bo‘lgani kabi. Buning ustiga erkin bozor sharoitida klasterlar fermerlar bilan emas, balki ko‘ngillilik va o‘zaro manfaat ko‘rish stimuli asnosida tuziladigan (hozirgi klaster “kooperatsiyasi”dan farqli) fermerlar kooperativlari bilan uzoq muddatli muomalaga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday kooperativlar (mansabdorlar qarshiligiga qaramasdan) O‘zbekistonda yuzaga kelishni boshladi.

Yuqorida aytganlarimiz 2019 yil oxirida qabul qilingan “2020-2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi”ga to‘liq mos keladi. Bundan tashqari, 2020 yil boshida davlat rahbari 2020-23-yillarda majburiy davlat buyurtmasini bekor qilish rejalarini e’lon qilgan edi. Ammo Strategiyani amalga oshirish uchun mas’ul mansabdor shaxslar qabul qilingan qarorlarni aniq sabotaj qilmoqdalar, davlat buyurtmasi bekor qilinmadi, balki «joylashtirish» nomini oldi. Va bu nomni o‘zgartirish bilan, aftidan, cheklanishga qaror qilishdi. Lekin davlat buyurtmasini so‘zda emas, amalda bekor qilish kerak. Busiz iqtisodiyotimizning ham qishloq xo‘jaligi, ham to‘qimachilik tarmoqlarini rivojlantirishning istiqboli yo‘q.

Bundan tashqari, paxta importi yo‘lidagi rasmiy va norasmiy to‘siqlarni (ushbu bozorda raqobatni kuchaytirish va mahalliy paxta narxlarini jahon narxlariga moslashtirish maqsadida) olib tashlash, to‘qimachilik mahsulotlariga eksport bojlarini bekor qilish, QQSni o‘z vaqtida qaytarish masalasini hal etish zarur.

Lekin bu hammasi emas…

Davlat buyurtmasining kutilayotgan bekor qilinishi va qishloq xo‘jaligida bozor tamoyillariga o‘tilishi munosabati bilan bog‘liq yana bir o‘ta muhim masala bor – fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi yerlarning bir qismini qayta taqsimlash masalasi.

Gap nima haqida?

So‘nggi o‘n yilliklarda sobiq kolxoz va sovxozlarning ekin yerlarini bir necha marta qayta taqsimlash sodir bo‘ldi. Qolaversa, bu qayta taqsimlashlarning barchasi mutlaqo o‘zboshimchalik bilan, hech qanday jamoatchilik muhokamasi va ma’qullashisiz amalga oshirildi. Natijada ekin maydonlarining katta qismi hozirgi vaqtda (ijara shartnomalari asosida) qishloq aholisining juda kichik qismiga – fermerlarga tegishli. Qishloq aholisining mutlaq ko‘pchiligida faqat kichik tomorqadan (shaxsiy yordamchi xo‘jalik va dehqon xo‘jaliklaridan) foydalanish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, ayrim hududlardagi og‘ir demografik vaziyat, aholining haddan tashqari ko‘pligi va qishloq joylarida ishsizlikning yuqori darajasi mavjudligini hisobga olish kerak.

Aksariyat qishloq aholisi nazdida yerning bunday taqsimlanishi noqonuniy hisoblanadi. Yuz berishi kutilayotgan – davlat buyurtmasidan voz kechish bu masalani yanada dolzarb qiladi. Chunki bunda oz sonli fermerlar (yoki ular ortida turgan mansabdorlar) barcha unumdor va sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarining egalariga aylantiriladi. Axir ular bu yerlarni sotib olmagan (harholda rasman), qanday asosda egalik qilyapti ular yerga? Va aniqki – ularning ko‘pi eng samarali yer egalari emas. Ya’ni qishloqda biz ikkita tabaqaga ega bo‘lamiz: latifundistlar va yersiz dehqonlar.

Mazkur o‘tkir muammoni hal qilish yo‘llaridan biri – ijara shartnomalarida fermerning paxta va g‘alla uchun ajratilgan yer maydonlarini erkin tasarruf etish huquqiga ega emasligi ko‘rsatilganidan unumli foydalanish. Mohiyatan olganda yer uning yeri emas. Va davlat “davlat buyurtmasi” degan narsani bekor qilar ekan, shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish va ilgari davlat buyurtmalari uchun ajratilgan yerlarni boshqa qishloq aholisi foydasiga qayta taqsimlash imkoniyati mavjud. Ya’ni yer masalasini qonuniy yo‘l bilan hal etishning o‘ziga xos imkoniyati mavjud.

Davlat buyurtmasidan bo‘shatilgan yer maydonlarini qayta taqsimlash esa sotib olish, shaffoflik va ijtimoiy adolat tamoyillari asosida amalga oshirilishi kerak.

Yer eng samarali foydalanuvchilarga berilishi kerak. Samaradorlik ko‘rsatkichi esa – yerni olish uchun to‘lash qobiliyati va tayyorlik darajasi. Davlat buyurtmasidan bo‘shatilgan qishloq xo‘jaligi yerlari halol elektron auksionlar orqali xususiylashtirilishi yoki uzoq muddatli ijaraga berilishi kerak: kim yerdan foydalanish huquqi uchun ko‘proq pul to‘lashga tayyor bo‘lsa (to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish yoki ijaraning taklif etilayotgan miqdorini to‘lash bilan), u yer uchastkasini oladi.

Shu bilan birga, aholining o‘ta zichligi va u keltirib chiqaradigan ijtimoiy taranglikni hisobga olish kerak. Ya’ni aholi zich joylashgan hududlarda yerlarni aholining keng qatlamlari foydasiga qayta taqsimlash maqsadga muvofiqdir. Buning uchun yangi dehqonlarga o‘tkaziladigan yer uchastkalari hajmiga cheklovlar qo‘yish mumkin (agrar aholi soni qanchalik yuqori bo‘lsa, yer hajmi shunchalik kichik bo‘ladi), shuningdek, yer uchastkasining narxini bosqichma-bosqich to‘lashni nazarda tutish mumkin.

Kutilayotgan ixtisoslashuv va yerni qayta taqsimlash iqtisodiyotning turdosh tarmoqlari, birinchi navbatda qayta ishlash sanoati ehtiyojlarini, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish va saqlash infratuzilmasining rivojlanishi va xususiyatini hisobga olishi kerak, suv kam-ko‘pligini, suvni yetkazib berish narxini ham.

Yerga egalik qilish huquqini yoki yerni ijaraga berish huquqini qayta sotish bozor tamoyillari asosida amalga oshirilishi kerak. Shu bilan birga, yerdan foydalanish samaradorligini, shuningdek, ijtimoiy va agrar siyosatning vazifalarini hisobga olgan holda bunday bitimlarni tuzish qoidalarini davlat aniq belgilashi kerak. Yerlarning bir guruh latifundistlar o‘rtasida to‘planishiga ham, yer uchastkalarining haddan tashqari bo‘linishiga ham qarshi ma’lum cheklovlar o‘rnatish mumkin. Shu bilan birga chet el fuqarolari va kompaniyalarining qishloq xo‘jaligi yerlariga egalik qilishiga ham turli cheklovlar va talablar belgilash mumkin.

Demak, ko‘rib turganimizdek, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sohalari jiddiy islohotlarga muhtoj. Xususan, bu islohotlarsiz so‘nggi yillarda tashkil etilgan, mutasaddilarimiz haligacha haqiqiy bozor sharoitida ishlashga imkon bermagan paxta-to‘qimachilik klasterlari bankrotlikka mahkum. Va, albatta, agrar sohaning barqaror rivojlanishi mamlakatimiz aholisining yarmini tashkil etuvchi qishloq aholisi farovonligi va islohotlarning muvaffaqiyatiga bevosita bog‘liq.

Yuliy Yusupov

Mavzuga oid