Light | 18:06 / 16.11.2016
9124
2 daqiqa o‘qiladi

Smartfon ekranidagi izlar uning egasi haqida ma'lumot olish imkonini beradi

Smartfon har bir inson hayotining ajralmas qismiga aylandi. Ba'zi odamlar o‘zlarining "elektron do‘stlari" bilan bir daqiqaga ham ajralishmaydi. Bu degani, biz qayerlarda bo‘lgan bo‘lsak, smartfon ham o‘sha yerlarda bo‘lgan. Shunday ekan, u har birimiz haqimizda ma'lumot berishi mumkin. Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etilgan maqola shundan dalolat beradi. 

Manbaga ko‘ra, San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti olimlari smartfondan olingan namunalar asosida uning egasi haqida aniq ma'lumot olishning uddasidan chiqishgan. Ma'lumki, inson teri qismlari, teri bezlari ajralmalari, molekulalar, mikroflora mikroblari, shuningdek parfyumeriya va gigena predmetlari kimyoviy birikmalar ko‘rinishidagi ko‘plab izlarni qoldiradi. 

Ilmiy tadqiqotlarda bir necha kun davomida o‘z qurilmalaridan foydalangan 39 nafar kishi ishtirok etgan. Olimlar smartfonlarning turli qismlaridan 4tadan va foydalanuvchilarning qo‘llaridan 8tadan namuna olishgan. Shundan so‘ng ma'lumotlar mass-spektrometrda tahlil qilingan. Natijada elektron devays tahlili orqali olingan ma'lumotlar  qo‘l namunalaridan olingan ma'lumotlarga to‘liq mos tushgan. 

Bundan tashqari, olingan ma'lumotlar asosida sinov ostidagi kishilarning aniq "biologik portreti"ni tuzishga muvaffaq bo‘lingan. Tadqiqot muallifi doktor Amiana Buslimani bu borada shunday deydi: 

"Bunday izlarga asoslanib, deyarli hamma narsani bilib olish mumkin, lekin kimyoviy tahlil hozircha barmoq izlari kabi inson shaxsini yuz foizga aniqlash imkonini bermaydi. Shunday bo‘lsa-da, olingan ma'lumotlarni hozirning o‘zidayoq kriminalistika, shuningdek tibbiyotda bemorlar rejimini nazorat qilishda qo‘llash mumkin". 

Mavzuga oid