21:52 / 30.01.2024
8489

Milliy sertifikatga ega tarix fani o‘qituvchilariga ham ustama to‘lanadi

2024/25 o‘quv yilidan boshlab, avval e’lon qilinganidek ona tili va adabiyot o‘qituvchilari bilan birga, tarix o‘qituvchilariga ham milliy sertifikat olgan taqdirda 50 foizlik ustama to‘lanadi. 1 sentabrdan e’tiboran, tajriba-sinov tariqasida Qashqadaryo va Surxondaryodagi maktablarga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun bepul avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: Kun.uz

2024 yilgi davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini menejyerlik sertifikatsiyalash tizimi joriy etiladi; bunda, direktorlarga malakaviy talablar aniq belgilanib, ular har 5 yilda 1 marotaba attestatsiyadan o‘tkaziladi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 1 tadan tumanida (shahar) sinov tariqasida “Mening maktabim” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha doirasida maktablarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobari miqdorida (hozirda 51 mln so‘m) mablag‘ ajratilib, bu mablag‘lar 5–11 sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktablar uchun zarur tovarlarga sarflanadi.

2024 yil 1 sentabrdan boshlab, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, milliy sertifikatga ega o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilariga 50 foiz ustama to‘lanishi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil dekabr oyidagi yig‘ilishlardan birida e’lon qilgan edi. Tarix fani o‘qituvchilariga ustama to‘lanishi esa ilk marta ma’lum bo‘lmoqda.

Top