O‘zbekiston | 15:58 / 22.12.2023
9054
3 daqiqa o‘qiladi

Milliy sertifikatga ega bo‘lgan «O‘zbek tili va adabiyoti» fani o‘qituvchilariga 50 foiz ustama to‘lanadi - prezident

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident «O‘zbek tili va adabiyoti» fani o‘qituvchilariga ham xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan boshqa fan o‘qituvchilaridan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanishi adolatdan bo‘lishini ta’kidladi. 

Shu maqsadda milliy sertifikatga ega bo‘lgan «O‘zbek tili va adabiyoti» fani o‘qituvchilariga kelgusi o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lanadi. 

O‘zbek tili bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasi o‘tkazilishi, g‘olib va sovrindorlari pul mukofoti bilan taqdirlanishi hamda oliygohlarga o‘zbek tili filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilandi.

Shuningdek, kelgusi yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ko‘p ming nusxalarda chop etish va barcha kutubxonalarga yetkazib berish lozimligi ta’kidlandi. 

Shu bilan birga, har yili eng yaxshi badiiy asarlar yaratish, tarjima qilish uchun ijodiy buyurtmalar berilib, muallif va tarjimonlarga munosib qalam haqi to‘lanadi.

Allomalarimizning yoshligi haqida kitoblar yozish, yozganda ham bolalarbop qilib yozish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu ishlarni rag‘batlantirish, yangi bosqichga ko‘tarish uchun kelgusi yili mamlakatimizda Xalqaro bolalar adabiyoti ko‘rgazmasi tashkil etiladi.

Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilishi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi zarurligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda ushbu korxonalar 5 yilga soliqlardan ozod qilinadi. Shuningdek, ularga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Prezidentimiz tarjimonlikdek mas’uliyatli mehnatni munosib rag‘batlantirish uchun ulug‘ shoir va tarjimon Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etishni taklif etdi.

Hududlardagi bolalar kutubxonalari bosqichma-bosqich bolajonlarimizning sevimli maskaniga aylantirilishi ta’kidlandi.

Davlat rahbari ko‘plab xorijiy davlatlarda metsenatlik harakati keng yoyilganini qayd etib, bizning hayotimizga ham kirib kelayotganini olqishladi.

2017 yilda tashkil etilgan 70 ga yaqin «Do‘stlar klubi» tomonidan madaniyat muassasalariga 85 milliard so‘m homiylik yordami ko‘rsatilgan.  

Prezident madaniyat va san’atimizning sadoqatli do‘stlari bo‘lgan ushbu tashkilotlarga, ularning mehnat jamoalariga tashakkur bildirdi.

Endi bu tajribani doimiy ishlaydigan tizimga aylantirish zarurligi qayd etildi.

Mavzuga oid