O‘zbekiston | 14:20 / 11.07.2017
93392
5 daqiqa o‘qiladi

Muhammadjon Rashidov 2 oylik bo‘lmay vafot etdi

Foto: Shahnoza Hamidova

Qashqadaryolik Muhammadjon Rashidovning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmadi. 

14 may kuni tug‘ilgan, iyun oyi oxiridagi operatsiyadan so‘ng «vafot etdi» deya oilasiga qaytarib berilgan, ammo mayit yuvuvchining qo‘lida «jonlangan» Muhammadjon Rashidov 11 iyulga o‘tar kechasi jon bergan. 

Ushbu chaqaloq haqida ilk bor 6 iyul kuni xabar paydo bo‘lgandi. Muhammadjonning buvisi — Nargiza Qurbonova bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 14 may kuni tug‘ilgan chaqaloqning ahvoli 16 may kuni yomonlashgan.

Muvaffaqiyatsiz davolanish jarayoni bir oydan ziyod davom etgan — turli shifokorlarning bir-biridan farqli tashxislari asosida berilgan har xil dori vositalari chaqaloqning ahvolini yaxshilash o‘rniga og‘irlashtirgan, qorni esa shishib ketgan.

Muhammadjonning ahvoli juda og‘irlashib qolganidan so‘ng, 10 iyun kuni uni viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi jonlantirish bo‘limiga «Markaziy nerv tizimining perinatal zararlanishi. Chaqaloqlar gemolitik kasalligi. Homila ichi infeksiyasi» tashxisi bilan qabul qilishgan.

Tibbiyot markazi yonidagi poliklinikadagi shifokor esa chaqaloqni birinchi marta ko‘rib, unga orqa tomondan dori yuborgan va chaqaloqning salomatligidagi muammo aslida uning orqa ichagi qayrilib qolgani bilan bog‘liq ekanini ma'lum qilgan. «Ichagi qayrilgan ekan-ku, operatsiya qilish kerak», — degan shifokorlar. Chaqaloqning onasi va buvisi operatsiyaga rozilik bildirgan. 

Chaqaloq 28 iyun kuni Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida operatsiya qilingan, operatsiyadan so‘ng «vafot etgan» deya oilasiga qaytarilgan, janozasi vaqtida «jonlangan».

So‘ng shu kunning o‘zida kasalxonaga qaytarib olib kelinib, internetda bu haqda ma'lum bo‘lguniga qadar sharoitlari yetarli bo‘lmagan palatada parvarishlangan.

Muhammadjon bilan bog‘liq vaziyat OAV va internetda ma'lum qilinganidan so‘nggina (6 iyuldan boshlab), u to‘liq ta'minotga olingan. Chaqaloq Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining alohida, konditsionerli xonasiga ko‘chirilgan, bir shifokor, bir hamshira va bir sanitar biriktirilgan.

Uning ahvoli bilan tanishishi uchun respublikaning boshqa hududlaridan, jumladan, Samarqand va Toshkent shaharlaridan mutaxassislar Qarshiga yetib kelgan.

Bu orada, 7 iyul kuni Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi Nargiza Qurbonovaning 6 iyul kuni berilgan bayonotiga zid bayonot bilan chiqish qildi. Boshqarmadagilar chaqaloqqa javob berilganida (28 iyun kuni), u tirik bo‘lganini iddao qilishgan.

Shu bilan birgalikda, axborotda chaqaloqning operatsiyasi 28 iyun kuni soat 17:00da boshlanib, soat 18:50da tugagani, chaqaloq soat 19:40da shifoxonadan olib ketilgani, ikki soatcha vaqt o‘tib, soat 22:30—23:00larda qaytarib olib kelingani aytilgan.

«Shifokorlarning barcha amaliy choralarni ko‘rishiga qaramasdan bemor ahvoli og‘ir bo‘lgan. Jarroh ushbu murakkab vaziyatni bemorning qarindoshlariga tushuntirgan. Shundan so‘ng bemorning buvisi bolani uyga olib ketmoqchi bo‘ladi. Shifokorlarning ruxsat bermasligiga qaramay, tilxat asosida 28 iyun kuni soat 19:30 da bemor Muhammad Rashidovni uyga olib ketgan», deyilgan boshqarma ma'lumotida.

Nargiza Qurbonova esa buni inkor etadi.

«Men o‘z nevaramga dushman emasman-ku! Tirik desa, qanday qilib uyga olib ketardim?! Tirik bo‘lsa, qarindoshlarni to‘plab, go‘r qazdirib, mayit yuvuvchini chaqirib o‘tiramanmi? «Vafot etdi, harakatingizni qiling», degani uchun olib ketdim. Tilxat yozdirib olishdi. Operatsiyadan avval ham tilxat yozdirib olishgan edi», deyilgan buvining ma'lumotida.

«Nevaramning bunday bo‘lishiga shifokorlarning noto‘g‘ri tashxisi, Muhammadjonni davolashda paysalga solish va sansolarlikka yo‘l qo‘yishlari sababdir. Men taqdirga ko‘nib bo‘ldim, ammo boshqalarning farzandlari, jigarporalari mana shunday holatga tushmasin, shifokorlar o‘z kasblarini sidqidildan bajarsin deyman...», degan buvi.

Bu voqea O‘zbekistonda tibbiyot tizimi og‘ir ahvolga tush(iril)ganini yana bir bor isbotladi. Bu voqea, Muhammadjonning buvisi aytganidek, boshqa takrorlanmasligi uchun tegishli ishlar olib borilishiga, muammolar chuqur o‘rganilib, bartaraf etilishiga umid qilinadi.

«Kun» tahririyati Muhammadjon Rashidovning oila a'zolariga hamdardlik bildiradi.

Mavzuga oid