O‘zbekiston | 17:18 / 16.06.2021
13495
5 daqiqa o‘qiladi

1 avgustdan aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi - Prezident qarori

Prezident “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

2021 yil 1 avgustdan boshlab Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi va quyidagilar uning asosiy maqsadi etib belgilandi:

  • aholining barcha qatlamlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali jismoniy qobiliyat va harakat faolligini takomillashtirish hamda zararli odatlar va turli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish;
  • yoshlarda iroda, o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonch kabi fazilatlarni mustahkamlash, ularda jasorat, vatanparvarlik va sadoqat xislatlarini rivojlantirish, yurtimiz sharafini himoya qila oladigan, jismonan baquvvat va intellektual salohiyatli Vatan mudofaasiga munosib zaxira kadrlarni tayyorlash;
  • respublika hududida, shu jumladan olis hududlarda joylashgan qishloqlar, ovullar, mahallalarda aholini sog‘lomlashtirish ishlarini yanada rivojlantirish;
  • aholi jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning xalqaro standartlari va ilg‘or xorijiy tajribasini tatbiq etish.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlari maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan qatlami va undan kattalarning jismoniy tayyorgarligini aniqlaydi;
  • sport sinovlari pog‘ona va murakkablik darajasidan kelib chiqib, 15 turdagi, shu jumladan uzoq va qisqa masofalarga yugurish hamda suzish, turnikda tortilish, anjomlarni uloqtirish va boshqa mashqlardan iborat bo‘ladi;
  • sport sinovlari ishtirokchilariga 11 ta yosh toifasi bo‘yicha egallagan o‘rni va darajasiga qarab sport razryadlari va unvonlari beriladi hamda ular moddiy va boshqa sovg‘alar bilan rag‘batlantiriladi;
  • Turizm va sport vazirligi sport sinovlari tadbirlari o‘tkazilishining tashkilotchisi hisoblanadi.
  • O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga:
  • mehnat jamoalarida xodimlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish;
  • sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga har yili bir marotaba dam olish maskanlari yoki sanatoriylarga imtiyozli yo‘llanmalar berish tartibini joriy etish tavsiya etildi.

Turizm va sport vazirligining sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslar uchun “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishonini ta'sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi. Bunda, sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan g‘oliblar I, II, va III darajali ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanadi.

Baholash tizimi bo‘yicha yosh ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib sport sinovlarining maxsus talablarini muvaffaqiyatli bajargan shaxslar bir yil mobaynida quyidagi imtiyozlar va rag‘batlantirishlardan foydalanadi:

  • safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat to‘lovining 50 foizini chegirma bilan to‘laydi va muddatli harbiy xizmatga birinchilar qatorida ustunlik bilan yuboriladi;
  • maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) “Temurbeklar maktabi”ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari o‘qishga kirishda;
  • bepul tarzda davlat tuman (shahar) ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasida bir martalik chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tadi;
  • maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) umumiy foydalanishdagi davlat yo‘lovchi tashish shahar transportida bepul hamda hududlararo harakatlanishda 50 foiz chegirmali to‘lov bilan imtiyozli yurish huquqi beriladi (taksi, shu jumladan yo‘nalishli taksi mustasno);
  • farzandlari yashayotgan joydagi umumta'lim maktabi, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, shuningdek, yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga navbatsiz joylashtiriladi;
  • barcha davlat organlari va tashkilotlarining xodimlariga ish joyi hisobidan dam olish maskanlari va sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar taqdim etiladi;
  • respublika miqyosida ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan imtihon (oliy ta'lim muassasalari sport yo‘nalishlaridan tashqari), sinov, amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik (imtihonda maksimal ball yoki amaliy mashg‘ulotlardan ozod qilinishi) beriladi.

Mavzuga oid