Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ahmad al Ahmad - Avstraliyaning suriyalik qahramoni
Sidneydagi otishmada bir hujumchini qurolsizlantirgan Ahmadning jasorati - nafaqat Avstraliya va Suriyada, balki butun dunyoda qahramonlik sifatida e’tirof qilinmoqda. Bu voqea - 15 kishi o‘ldirilgan fojia ortidan avstraliyaliklar uchun birdamlik ramziga aylandi. Ahmadning davolanishi uchun ochilgan xayriya fondiga allaqachon 1,5 million dollar yig‘ildi.
14 dekabr kuni Sidneydagi Bondi plyajida dahshatli otishma yuz berdi. Otishma yahudiylarning diniy bayrami – Xanukining ilk kuniga to‘g‘ri keldi: ikki hujumchi – ota-bola piyodalar ko‘prigida turgan holda plyajdagilarni o‘qqa tutgan.
Avstraliyaning so‘nggi o‘n yilliklardagi tarixida eng qonli voqea sifatida ko‘rilgan hujum qurbonlari 15 kishi bo‘ldi. 40 dan ortiq insonlar jarohatlandi, ularning 22 nafari shifoxonalarda qolmoqda.
Bugungi qahramonimiz 43 yoshli Ahmad – hujumchilardan birini yiqitib, qurolsizlantirgan inson. Uning shuhrati – hujum haqidagi shov-shuvdan ham oshib ketdi. Dunyoning barcha yirik OAVlari Ahmadning qahramonligi haqida yozib chiqdi.
Eng kerakli vaqtda, boshqalar uchun jonini xatarga qo‘ygan inson
Avstraliyaning issiq yoz oqshomida Bondi plyajida sayr qilayotgan ko‘plab avstraliyaliklar kabi, Ahmad al Ahmad ham do‘sti bilan qahva ichmoqchi edi. Ammo u turgan joy yaqinida, qirg‘oq bo‘yidagi bog‘da qonli qirg‘in boshlandi.
Ahmad esa to‘xtab turgan ikki mashina orasidan sekin yurib o‘tib, qurollangan shaxslardan biriga qarab to‘g‘ri yugurdi. Butun dunyo bo‘ylab millionlab marta tomosha qilingan videolarda, Ahmad – qurollangan shaxsni yiqitib, uning qo‘lidagi miltiqni tortib olgani va qurolni hujumchining o‘ziga qarata burib yuborgani aks etgan.
Keyinroq, ikkinchi hujumchi tomonidan o‘q uzilgach, Ahmad qurolni yerga qo‘ygan. Uning o‘zi ham qo‘li va bilagidan o‘q yegan. Shundan so‘ng, hujumchilardan biri – 50 yoshli shaxs politsiya tomonidan otib tashlangan, uning o‘g‘li esa qo‘lga olingan.
The Associated Press'ning yozishicha, kelib chiqishi suriyalik bo‘lgan musulmon haqidagi bu voqea – 15 kishi o‘ldirilgan fojia ortidan taskin izlayotgan Avstraliyada katta ramzga aylandi.
Ahmad al Ahmad – suriyalik qahramon, sobiq politsiyachi
Al Ahmad Avstraliyaga kelishidan oldin Suriyaning Idlib mintaqasidagi Nayrab shahrida yashagan. U 2006 yilda ta’limini tugatib Suriyani tark etgan.
Bu yil Sidneyga u bilan ko‘rishish uchun kelgan al Ahmadning ota-onasi o‘g‘lining ilgari politsiyada va Suriyaning markaziy xavfsizlik kuchlarida xizmat qilganini aytgan. Otasi Muhammad Fotih al Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lini harakatga undagan narsa uning «vijdoni va qalbi» bo‘lgan.
«Men faxr va sharaf his qilyapman, chunki o‘g‘lim Avstraliyaning qahramoni,» — dedi u.
Uning Suriyadagi amakisi Muhammad al Ahmadning aytishicha, u jiyanini tarmoqlardagi videolar orqali tanigan.
«Biz u bilan faxrlanamiz. Umuman olganda, butun Suriya u bilan faxrlanadi. U o‘ldirilayotgan odamlar kim ekanini, ularning dini nima – musulmonmi, nasroniymi yoki yahudiymi, deb o‘ylab o‘tirmay, darhol harakat qildi. Uni shu narsa o‘rnidan turishga va bu qahramonona ishni qilishga undadi», deya amakisining so‘zlarini keltirmoqda Reuters.
«U butun dunyoga, musulmonlar – urush qo‘zg‘atuvchilar emas, balki tinchlikparvarlar ekanini isbotlaydi», – degan Ahmadning yana bir amakisi.
Al Ahmad uchun yordam va qo‘llab-quvvatlov
Avstraliya fuqarosi hisoblangan Al Ahmadning rafiqasi va ikki nafar kichik qizi bor. Uni oldinda uzoq va og‘ir tiklanish jarayoni kutmoqda: u chap qo‘lidan bir necha marta o‘qqa tutilgan. Taxminlarga ko‘ra, bu – hujum paytida piyodalar ko‘prigidan betartib o‘q uzgan ikkinchi qurollangan shaxs tomonidan amalga oshirilgan.
Ahmad allaqachon birinchi jarrohlik amaliyotidan o‘tgan va yana bir nechta operatsiyalar rejalashtirilgan. Rasmiylarga ko‘ra, u juda holdan toygan va kamida olti oylik tiklanish davri uni kutmoqda.
Al Ahmadni shaxsan tanimagan avstraliyaliklar tomonidan unga yordam berish uchun Go FoundMe'da xayriya sahifasi ochildi. 17 dekabr tushga qadar 41 mingdan ortiq insonlar uni qo‘llab-quvvatlab, jami 1,6 million dollardan ko‘proq pul yiqqan bu xayriya davom etmoqda.
Bundan tashqari, Sidneyning chekka hududida – temiryo‘l vokzali qarshisida joylashgan al Ahmadga tegishli do‘kon oldida gullar va minnatdorchilik xatlari tobora ko‘payib bormoqda.
Avstraliya va dunyo yetakchilari uni e’tirof qilmoqda
Al Ahmad – dunyoning ko‘plab yetakchilari va avstraliyaliklar tomonidan qahramon sifatida e’tirof etildi.
Seshanba kuni yuqori martabali mehmonlar: Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanezi, qirol Charlz III ning Avstraliyadagi vakili Sem Mostin va Suriyaning yuqori darajali diplomati – Ahmadni ziyorat qilish uchun u davolanayotgan Sidneydagi shifoxonaga bordi.
«U haqiqiy avstraliyalik qahramon,» — dedi bosh vazir shifoxona tashqarisida nutq so‘zlarkan.
Ahmed, you are an Australian hero.
— Anthony Albanese (@AlboMP) December 16, 2025
You put yourself at risk to save others, running towards danger on Bondi Beach and disarming a terrorist.
In the worst of times, we see the best of Australians. And that's exactly what we saw on Sunday night.
On behalf of every Australian, I… pic.twitter.com/mAoObU3TZD
«Biz yovuzlik sodir etilgan lahzani ko‘rdik, ammo u - insoniyat qudratining yorqin namunasi sifatida porladi. Biz jasur [odamlar] mamlakatimiz. Ahmad al Ahmad - mamlakatimizning eng yaxshi qiyofasini ifodalaydi», — dedi Entoni Albanezi.
AQSh prezidenti Donald Tramp al Ahmadni ko‘plab odamlar hayotini saqlab qolgan «juda, juda jasur inson» deb atadi.
Hujum sodir bo‘lgan Yangi Janubiy Uels shtati bosh vaziri Kris Minns — Ahmad «hisoblab bo‘lmaydigan darajada ko‘p» inson hayotini saqlab qolgani va bu «u ko‘rgan eng aql bovar qilmas manzara» bo‘lganini aytdi.
U shifoxonaga borganida, Ahmad, agar xuddi shunday vaziyat bo‘lsa, yana shu ishni qilgan bo‘lishini aytgan.
«Islomofobiyaning ham oldini oldi»
Seshanba kuni Avstraliya rasmiylari gumonlanuvchi ikki shaxs IShIDdan ilhomlanganini bildirdi. Bu esa hujum ortidan Avstraliyada islomofobiya kuchayishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni uyg‘otdi, deb yozmoqda New York Times.
Avstraliyadagi suriyaliklar jamoat birlashmasi rasmiysi Lubaba Alhamidiyning aytishicha, hech bir jamoa alohida shaxslarning xatti-harakati bilan baholanmasligi kerak. Shuningdek, gumonlanuvchi qurollangan shaxslar - barcha musulmonlarni ifodalamaydi.
Shu bilan birga musulmon jamoasi vakillari al Ahmadning qahramonligi – Avstraliyada umid va birlik ramziga aylanishiga ishonishini bildirmoqda. Nashrning yozishicha, Al Ahmadning bu harakati butun mamlakat va dunyo bo‘ylab aks sado berdi: qayg‘u va zulmat paytida avstraliyaliklarga birlashish uchun sabab bo‘ldi.
«Avstraliyaning go‘zalligi shundaki, bu yerda odamlar dunyoning har bir burchagidan kelgan. Biz aynan shuni asrashimiz kerak», deya avstraliyalik fuqarolardan birining so‘zini keltirmoqda NYT.
Bugun – otishmaga aloqasi bo‘lmagan boshqa avstraliyaliklar ham, ijtimoiy tarmoqlarning millionlab foydalanuvchilari ham Ahmadning jasoratiga chuqur hurmat bildirmoqda.
Mavzuga oid
21:35
Suriya g‘arbida o‘tkazilgan namoyishlar chog‘ida 3 kishi halok bo‘ldi
14:03 / 25.12.2025
Masqatda hujjatsiz qolgan bola O‘zbekistonga qaytarildi
10:01 / 23.12.2025
Bashar Asadning Moskvadagi hayoti: u nimalar bilan mashg‘ul?
20:33 / 22.12.2025