Jahon | 19:40 / 22.07.2024
8193
3 daqiqa o‘qiladi

Baydenning poygadan chiqishi: Demokratlarda imkon tug‘ildi, ular nomzodlikka kimni tanlaydi?

Kamala Harrisning amerikaliklar orasidagi obro‘si yuqori emas. 8 yil oldin undan ancha vazni og‘irroq siyosatchi bo‘lgan Hillari Klinton Trampga yutqazgan edi. Xo‘sh, hozir partiya ichkarisidagi bahs-munozaralar qaynayotgan demokratlarda Harrisdan tashqari yana qanday variantlar bor? “Geosiyosat” Baydenning poygadan chiqishiga oid shu va boshqa savollarni muhokama qildi.

Tahlilchi Shuhrat Rasulning so‘zlariga ko‘ra, demokratlar partiyasining nufuzli a’zolari Baydenga yangi prezidentlik saylovlarida qatnashmaslik talabi ortidan Baydenning prezidentlik poygasini tark etish qarori bu vaqt masalasi edi. Kamala Harris Qo‘shma Shtatlarda vitse-prezident sifatida taniqli shaxs, biroq nomzodlikka da’vogar bo‘lish uchun unga Michigan va Kaliforniya shtatlarining gubernatorlari raqib bo‘lishi mumkin.

Vitse-prezident Kamala Harrisning mamlakat va partiya ichidagi mavqeyi qay darajada va Trampga raqib bo‘loladimi? Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda prezidentlik saylovi yaqinlashar ekan, keyingi 60 yilda praymerizlar nomzodlarni aniqlab berishi odat tusiga aylangan. So‘rovnomalarga ko‘ra Kamala Harris va Baydenning reytingi Trampdan bir oz pastroq darajada. Umuman olganda an’anaviy praymeriz bo‘lishi imkonsiz, chunki 5 noyabr saylov kuni, shunday ekan vaqt juda kam qolyapti. Kamalaga raqiblar masalasiga kelsak: Illinois va Pensilvaniya gubernatorlari ancha xarizmatik shaxslar, agarda bu ikki gubernator prezidentlikka nomzod sifatida maydonga chiqmasa ham, keyinchalik vitse-prezident bo‘lishi mumkin.

Shuhrat Rasul Baydenning fikrini o‘zgartirishi demokratlar partiyasi uchun imkoniyat ekanini aytmoqda. Nomzod partiyaning 19 avgustdagi s’yezdida rasman tasdiqlanadi. Lekin munozaralarda Trampning ko‘p yolg‘on gapirishini hisobga olsak, uni yengish uchun katta salohiyat ham shart emas o‘zi aslida, deydi tahlilchi.

  • Ekspertlar sharhi bilan to‘liq holda video orqali tanishing.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid