Jahon | 18:46
1613
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Nobel mukofotini olmagach, endi tinchlik haqida qayg‘urishga majbur emasligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styorega maktub yo‘llab, o‘ziga Nobel mukofoti berilmaganligi sababli, endi tinchlik haqida qayg‘urishga «majbur emasligini» aytdi.

Foto: Getty images

Maktub matni PBS muxbiri Nik Shifrin tomonidan e’lon qilindi. U Yevropa davlatlarining Vashingtondagi elchilariga yo‘llangan - ulardan Trampning Norvegiya bosh vaziriga yo‘llagan maktubini o‘z hukumati rahbarlariga yetkazish so‘ralgan.

«Hurmatli Yonas! Mamlakatingiz sakkiz va undan ortiq urushning oldini olganim uchun menga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini bermaslikka qaror qilganini hisobga olsak, men endi faqat tinchlik haqida qayg‘urish majburiyatini his qilmayman, garchi u har doim ustuvor bo‘lsa-da, endi men Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun nima yaxshi va to‘g‘ri ekanini o‘ylashim kerak. Daniya bu yerni Rossiya yoki Xitoydan himoya qila olmaydi va nega ularda mulk huquqi bo‘lishi kerak? Bu haqda hech qanday yozma hujjat yo‘q, faqat u yerga yuz yillar oldin qayiq suzib borgan, lekin bizning qayiqlar ham borgan. Men NATO uchun u tashkil etilganidan beri boshqalardan ko‘ra ko‘proq ish qildim va endi NATO Qo‘shma Shtatlar uchun nimadir qilishi kerak. Agar biz Grenlandiyani to‘liq va butkul nazorat qilmasak, dunyo xavfsiz bo‘lmaydi», deb yozgan Tramp.

Yonas Gar Styore bu maktubni 18 yanvar kuni Trampdan olganini tasdiqladi. Norvegiya bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, maktub shu kuniyoq AQSh prezidentiga o‘zi va Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb nomidan yuborgan qisqa xabariga javoban kelgan. Styore va Stubb Trampning Yevropaning sakkizta davlatiga qarshi bojlar joriy etish tahdidi bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini bayon qilgan va telefon orqali suhbat o‘tkazishni so‘ragan.

17-18 yanvar kunlari Grenlandiya atrofidagi vaziyat keskinlashdi. Tramp Grenlandiyaga o‘z harbiylarini yuborgan sakkizta davlatga bojlar joriy etish bilan tahdid qildi. Yevropa yetakchilari bu tahdidlarni «noto‘g‘ri» va «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atadi hamda javob choralarini belgilash uchun shoshilinch uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 2025 yil davomida bir necha urushlarga barham berganini aytib, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ekanini astoydil ta’kidlab kelgan edi. Biroq, Norvegiyaning Nobel mukofoti qo‘mitasi mukofotni Venesuela muxolifati vakili Mariya Korina Machadoga topshirdi.

O‘z navbatida Machado 16 yanvar kuni Nobel mukofoti medalini Trampga sovg‘a qildi va AQSh prezidenti bunga ko‘proq loyiq ekanini aytdi.

Mavzuga oid