O‘zbekiston | 18:19 / 28.10.2023
9567
3 daqiqa o‘qiladi

Reklamada davlat tili talablarini buzganlik uchun jarima belgilanadi

Reklama tarqatishda davlat tiliga doir talablarga rioya qilmaganlik uchun 5–7 BHM ma’muriy jarima (1,7 mln – 2,3 mln so‘m) belgilash taklif etilmoqda. “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, reklama davlat tilida tarqatilishi kerak. Reklamaning tarjimasi berilsa, u davlat tilidagi asosiy ma’noni saqlashi, shuningdek, tarjima matni harflarining o‘lchami kichikroq bo‘lishi kerak.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda reklama tarqatishda davlat tiliga doir talablarga amal qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash rejalashtirilmoqda.

Bunday huquqbuzarlik uchun BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha (1 mln 650 ming so‘mdan 2 mln 310 ming so‘mgacha) ma’muriy jarima qo‘llash taklif etilyapti.

Tegishli qonun loyihasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan muhokamaga qo‘yildi. Jamoatchilik muhokamasi 10 noyabrgacha davom etadi.

Ma’lumot uchun, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.

Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

  • reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak;
  • tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi kerak;
  • reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak;
  • tele va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining 20 foizidan oshmasligi kerak.

Yuqoridagi talablar:

  • faqat chet tillarda e’lon qilinadigan bosma nashrlarda va noshirlik mahsulotining boshqa turlarida joylashtiriladigan reklamaga;
  • ko‘rsatuvni (eshittirishni) chet tillarda amalga oshiruvchi ommaviy axborot vositalarining tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarini namoyish etish (eshittirish) jarayonida joylashtiriladigan reklamaga;
  • Internet jahon axborot tarmog‘idagi materiallarni faqat chet tillarda joylashtiradigan veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bundan tashqari, “Davlat tili haqida”gi qonunga asosan, lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va e’lon qilinishi belgilangan.

Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, respublika hududlarida joylashgan tashqi reklama obektlaridagi reklamalarning davlat tili qoidalariga mosligini o‘rganish yuzasidan jami 9 435 ta monitoring o‘tkazilgan.

Shundan, 3 252 ta (35 foiz) reklamalar davlat tili qoidalariga muvofiq emasligi aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan, 1 483 ta (16 foiz) reklamaning matni boshqa tillarda (asosan rus tilida) berilgani aniqlangan.

Shuningdek, 1 618 ta (17 foiz) reklama va e’lonlar matnida imloviy va lug‘aviy xatolar mavjudligi kuzatilgan.

Mavzuga oid