Qibrayda 155 va 270 gektarlik ikkita park quriladi
«Toshkent-Sharqiy» aerodromi yaqinida faqat daraxtzor va gullardan iborat bo‘ladigan 155 gektarlik dendropark bunyod etiladi. Uning yonida, 160 gektar maydonda 2025 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari uchun Olimpiya shaharchasi quriladi. Chirchiq daryosi bo‘ylarida 270 gektarlik park ham tashkil etiladi; 2ta universitet va boshqa ijtimoiy obektlar qad rostlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 fevral kuni Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Rasmiy relizga ko‘ra, loyihalardan biri – Toshkent viloyatining Qibray tumanida, «Toshkent-Sharqiy» aerodromi yaqinida 155 gektarlik bog‘ barpo etish loyihasi.
«Uni ishlab chiqishda dunyo megapolislaridagi mashhur parklarning landshafti, qulayliklari o‘rganilgan. Bu bog‘ faqat daraxtzor, buta va gullardan iborat o‘ziga xos dendropark bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bu poytaxtimiz ekologiyasiga katta ta’sir ko‘rsatadigan, aholi va mehmonlar sayr qiladigan «yashil hudud» bo‘ladi», – deyiladi xabarda.
Mazkur bog‘ning yonida Olimpiya shaharchasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Ma’lumki, Osiyo Olimpiya kengashining qaroriga ko‘ra, 2025 yilda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari Toshkentda o‘tkaziladi. Unda qit’aning 45 ta mamlakati yoshlari 20 ga yaqin sport turi bo‘yicha bellashadi.
Bunday nufuzli xalqaro musobaqa O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba o‘tkaziladi. Davlat rahbari bu katta ishonch ekanini, musobaqaga hozirdan boshlab puxta tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ta’kidlagan.
Shu maqsadda 160 gektar maydonda Olimpiya shaharchasi qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan. Chirchiq daryosining 5 kilometrdan ziyod qismida qirg‘oqlarni tartibga keltirib, eshkak eshish bo‘yicha musobaqalar uchun zarur sharoit yaratish mo‘ljallangan. Uning bo‘ylarida esa 270 gektarlik park bunyod etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Qibray tumanining ushbu hududida 2 ta universitet, shifoxona, ekspo, savdo va ko‘ngilochar markaz binolari joylashtirilishi nazarda tutilmoqda.
Prezident loyihalarni sifat va qulaylik jihatidan takomillashtirish, inshootlarni qurishda jahondagi eng ilg‘or tajribalarni qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Mavzuga oid
21:41 / 31.12.2024
Bo‘stonliqda 12 yanvargacha harakat bir tomonlama bo‘ladi
12:02 / 30.12.2024
Toshkent viloyatida 60 mingdan ortiq pirotexnika vositalari ushlab qolindi
17:38 / 28.12.2024
Prezident Yangi Toshkentdagi ilm va ta’lim maskanlari qurilishi bilan tanishdi
16:19 / 28.12.2024