O‘zbekiston | 18:09
1612
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident Yangi Toshkentda bir qancha obektlar qurilishi bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev yer osti avtoturargohi, vazirlik va idoralarning ma’muriy binolari, turar joy majmualari, energetika obektlari qurilishini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda ishlayotgan yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududidagi bunyodkorlik ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi.

Davlat rahbari dastlab yer osti avtoturargohi va piyodalar o‘tish yo‘lagini barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Qurilish maydoni 40 ming kvadrat metrdan iborat bo‘lgan, qiymati 100 million dollarlik mazkur avtoturargohda birinchi bosqichda 200 ta yengil avtomobil hamda 30 ta mototsikl va skuterlarni joylashtirish imkoniyati bo‘ladi. To‘rt tomonlama qulay va xavfsiz harakatlanish uchun piyodalar yo‘lagi quriladi. Prezident bu kabi zamonaviy avtoturargohlarni ko‘paytirish, ular aholi uchun maksimal darajada qulay bo‘lishini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Yangi Toshkentda vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun ma’muriy binolar qurilmoqda. Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining modul turdagi yangi binosi barpo etilgan. Mazkur bino vazirlikning markaziy apparati hamda tizimdagi tashkilotlarni bir makonda joylashtirish imkonini berib, muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik va ish jarayonlarining samaradorligini oshiradi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi ham shu binoda joylashgan. Hozirda markaz tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi negizida bir qator platformalar ishga tushirilgan. Davlat rahbariga platformalar faoliyati haqida ma’lumot berildi. Tizimni yanada takomillashtirish, shaffoflashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Davlat rahbari shu yerda yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

– Kechagi bilim bilan bugun katta natijalarga erishish qiyin. Buning uchun har kuni izlanish, aniq fanlar, xususan, axborot texnologiyalarini yaxshi o‘rganish kerak, bu qurilish sohasida ham juda muhim, – dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi. Majmua mintaqamizdagi eng yirik uy-joy loyihalaridan biri hisoblanadi. 95 gektar hududda 15 mingga yaqin xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar quriladi. Aholining shaxsiy transport vositalarini saqlashi uchun uylarning yer osti qismlarida avtoturargohlar tashkil etiladi. Majmuadan 5-10 daqiqalik masofada bog‘, metro bekati, ma’muriy binolar va ijtimoiy muassasalar qayd rostlaydi.

Prezident tayyor xonadonlardan biriga kirib, sharoitlar bilan tanishdi, Yangi Toshkent aholi uchun har tomonlama qulay uy-joy qurishda butun mamlakatimizga namuna va tajriba maktabi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Shu bilan birga Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududida qurilayotgan energetika obektlari bilan tanishdi.

Jumladan, Yangi Toshkentning birinchi nimstansiyasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Nimstansiya quvvati 100 megavattga teng bo‘lib, Yangi Toshkentning dastlabki bosqichdagi ehtiyojlarini ta’minlaydi. Loyiha Xitoyning “Haocheng Industry Group Limited” kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz mazkur obektlar bilan tanishar ekan, ularning texnik imkoniyatlari, iqtisodiy samarasi va Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini alohida qayd etdi. Loyihaning yanada samarali ishlashi va kelgusidagi bosqichlarini tez hamda sifatli amalga oshirish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.

Mavzuga oid