O‘zbekiston | 23:34 / 25.07.2025
33263
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda pensiya miqdori qanday hisoblanadi? – muhim savollarga javoblar

Pensiya yuqori yoki kam miqdorda tayinlanishi nimaga bog‘liq? Hisob-kitoblar qay tartibda amalga oshiriladi? Masalan, o‘rtacha oyligi 4,5 mln so‘mni tashkil etuvchi 40 yillik ish stajiga ega o‘qituvchi uchun qancha pensiya tayinlanadi? Jamg‘arma bu boradagi bir qancha muhim jihatlarga aniqlik kiritdi. 

Pensiya kimlarga beriladi?

Yoshga doir pensiya erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar 55 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda tayinlanadi. Bunda kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lganda, bor stajga mutanosib miqdorda to‘liqsiz yoshga doir pensiya beriladi.

Nogironlik pensiyasi qonunchilikda belgilangan tartibda I va II guruh nogironligi belgilangan shaxslarga beriladi. Bunda nogironlik belgilangan vaqtda quyidagicha ish stajiga ega bo‘lish talab etiladi:

  • 23 yoshga qadar – 2 yil;
  • 23 yoshdan 26 yoshga qadar – 3 yil;
  • 23 yoshdan 26 yoshga qadar – 3 yil;
  • 26 yoshdan 31 yoshga qadar – 5 yil;
  • 31 yoshdan 36 yoshga qadar – 7 yil;
  • 36 yoshdan 41 yoshga qadar – 9 yil;
  • 41 yoshdan 46 yoshga qadar – 11 yil;
  • 46 yoshdan 51 yoshga qadar – 14 yil;
  • 51 yoshdan 56 yoshga qadar – 17 yil;
  • 56 yosh va undan oshganda – 20 yil.

Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolariga tayinlanadi. Bunda vafot etgan fuqaroning farzandlariga 18 yoshga qadar (agar o‘qisa 23 yoshgacha) pensiya to‘lanadi.

Pensiya oluvchilar soni qancha?

Joriy yil 1 iyul holatiga pensiya oluvchilar soni 4 mln 202 ming nafarni tashkil etdi. Bu jami aholining 11 foiziga teng. Shundan yoshga doir pensiya – 3 mln 477,9 ming nafar, nogironlik pensiyasi – 475,5 ming nafar, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi – 249,1 ming nafar kishiga beriladi.

Pensiya qanday hisoblanadi?

O‘zbekistonda pensiya miqdori quyidagi formula asosida hisoblanadi: P = PTM+OS+PU.

Bunda PTM - pensiyaning tayanch miqdori (o‘rtacha oylik ish haqining 55 foizi), OS – ortiqcha ish staji uchun pensiyaning oshirilishi, PU - pensiyaga qo‘shiladigan ustama haqlari.

Ma’lumot uchun, o‘rtacha oylik ish haqini aniqlashda fuqaroning so‘nggi 10 yillik mehnat faoliyatidagi eng yaxshi ketma-ket 5 yillik ish haqi inobatga olinadi. Bunda pensiya hisoblash bazaviy miqdorining (471 ming so‘m) 12 karrasidan (5 mln 652 ming so‘mdan) yuqori ish haqi inobatga olinmaydi. Avvalgi yillardagi ish haqi o‘tgan davrlarda ish haqining oshish koeffitsiyentini inobatga olgan holda zamonaviylashtiriladi, ya’ni bugungi kundagi qiymati hisoblanadi.

Ish staji uchun pensiyaning oshirilishi (OS) - pensiya tayinlashda talab etiladiganidan ortiq har bir yil staj uchun o‘rtacha oylik ish haqining 1 foizi (boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasida 0,5 foiz) miqdori pensiyaga qo‘shiladi.

Pensiyaga qo‘shiladigan ustama haqlar (PU) – O‘zbekiston Respublikasi oldidagi alohida xizmatlari uchun unvonga ega bo‘lgan shaxslar (misol uchun, Xalq arbobi, O‘zbekiston qahramoni va boshqalar)ga qo‘shimcha to‘lov.

Misol: fuqaro (erkak) 40 yil ish stajiga ega, hisoblangan o‘rtacha ish haqi miqdori 4,5 mln so‘mni tashkil qiladi, shuningdek, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” faxriy unvoniga ega. Pensiya miqdori quyidagicha hisoblanadi:

Pensiyaning tayanch miqdori – 4,5 mln so‘m * 55 foiz = 2 mln 475 ming so‘m;

Talab qilingandan ortiqcha ish staji – 15 yil (umumiy 40 yil – talab qilingan 25 yil)ning har bir yili uchun 1 foizdan 15 foiz ish staji uchun pensiya miqdori oshiriladi: 4,5 mln so‘m 15 foiz = 675 ming so‘m; Pensiyaga qo‘shiladigan ustama haq – “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” faxriy unvoni uchun bazaviy hisoblash miqdorining (412 ming so‘m) 160 foizi miqdorida ustama haq qo‘shib beriladi: 412 ming so‘m 160 foiz=659,2 ming so‘m.

Jami pensiya miqdori: 2 mln 475 ming so‘m + 675 ming so‘m + 659,2 ming so‘m = 3 mln 809,2 ming so‘mni tashkil qiladi.

Pensiya qanday moliyalashtiriladi?

Pensiya to‘lovlari korxona va tashkilotlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq tushumlari hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda ijtimoiy soliq stavkasi ish haqi fondidan budjet tashkilotlari uchun 25 foiz va budjetdan tashqari tashkilotlar uchun 12 foizni tashkil etadi. Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlar (har oy uchun kamida bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari) va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan (bir yil uchun kamida bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdori ixtiyoriy) ijtimoiy soliq to‘lanadi. Davlat pensiya tizimiga xodimlar tomonidan ijtimoiy soliq to‘lanmaydi. Shuningdek, pensiya to‘lovlari uchun qonun bilan jamg‘armaga respublika budjetidan transfertlar ajratish ham belgilangan.

Ma’lumot uchun, joriy yil iyul oyi holatiga 4,2 mln nafar pensionerlarga bir oylik pensiya to‘lovi miqdori 6,7 trln so‘mni tashkil etadi.

Mavzuga oid