17:48 / 28.09.2019
7
40797

«Qolipga solingan fikrlar yoshlarga qiziq emas» - Yoshlar ittifoqini o‘zgartirishga intilayotgan Alisher Sa'dullayev bilan suhbat

Shu yilning 29 avgust kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkilotida rahbar o‘zgarishi kuzatildi. Unga ko‘ra, Qahramon Quronboyev Yoshlar Ittifoqi raisligidan ketdi va uning o‘rnini tashkilot raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan Alisher Sa'dullayev egalladi.

Kun.uz O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining o‘tgan davrdagi faoliyati tahlili va kelgusi rejalari haqida fikrlashish maqsadida Alisher Sa'dullayev bilan suhbat tashkil qildi. Tashkilot rahbari bilan qilgan mazkur suhbatimiz O‘zbekistonda yoshlar masalalari va bu borada ularni qiynayotgan muammolar, yangi rejalar hamda yosh rahbarning shaxsiy kar'yerasidagi o‘sish sirlari haqida kechdi.

- Kamolot yoshlar ijtimoiy harakatining Qurultoyidagi chiqish, Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga kelish va ushbu tashkilotda rahbarlik...

 Alisher, O‘zbekistonda deyarli barcha sizni mana shu bosqichlardan boshlab biladi, taniydi. Ayting-chi, Alisher Sa'dullayev undan avval kim edi?

- Yaxshi eslayman, maktab davridan boshlab yaxshi o‘qishga, boshqalardan ajralib turish va liderlikka harakat qilardim. Keyinchalik Jizzaxdagi umumta'lim maktabini tamomlab litseyda tahsil oldim.

Litseyda o‘qiyotgan paytda ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim boshlangan va o‘sha paytlarda bu tilning jahonni o‘rganish uchun kalit ekanligini tushungandim.

Shu sababli, litsey davrimda ko‘p vaqtimni xorijiy tildagi adabiyotlarni mutolaa qilishga sarflardim.

O‘sha paytda yana bir voqea yaxshi esimda qolgan, dadam menga mahallamizda hali ko‘pchilikda bo‘lmagan yangi noutbukni olib bergan edi.  O‘sha paytda bu noutbukning narxi 725 dollar edi. Keyin Toshkentga kelib 107 dollarga printer qurilmasi va 7 dollarga modem olib ketganmiz. Menimcha, dadam bu ishlarni o‘g‘lim ilm olsin, ilm olib kelajakda yaxshi kasblarni egallasin, deb qilgan. Chunki, biz badavlat emasdik, oilamiz o‘rtahol edi.

Bu ota-onani, ular farzandi uchun qilgan mehnatlarni qadrlaydigan bola uchun juda katta qarz.   

Litseyni tamomlab, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga o‘qishga kirdim. O‘sha paytda oilamizda chet el oliy ta'lim muassasalari haqida to‘la tasavvur bo‘lmagani uchun biroz ikkilanishlar ham bo‘lgan, qaysiki, keyinchalik O‘zbekistondagi davlat ishlariga joylashib keta oladimi, degan xavotirlar bor edi. Bunday xavotirlar hozir ham ko‘pchilik yoshlarda bor. Shu o‘rinda ularga qarata aytmoqchi edimki, sizda yetarli salohiyat, bilim va o‘z kasbini yaxshi ko‘rish xislatlari bo‘lsa har qanday ishga joylasha olasiz.

Universitetda o‘qish davrida nafaqat men balki oilamiz ham ko‘plab qiyinchiliklarga duch keldi, masalan, o‘qish shartnoma pulimni to‘lash uchun oilamizga qadrli bo‘lgan ko‘p narsalarni sotishga majbur bo‘ldik. Lekin ota-onam taslim bo‘lishmadi, meni qo‘llab-quvvatlashdi.

O‘qishimni ikkinchi kursidan boshlab men abituriyentlarga ingliz tilidan dars bera boshladim. Uchinchi kursga kelib esa endi shartnoma pulimni to‘liq o‘zim to‘lay oladigan holatga keldim.

To‘rtinchi kursga kelib esa Toshkentda orttirgan yaqin do‘stlarim bilan birgalikda o‘z o‘quv markazimizni ochishga erishdik. Endi biz oldimizga kattaroq maqsadlarni qo‘yib, harakat qila boshladik.

Ozgina vaqt o‘tgach, menga “Kamolot” YoIHning Qurultoyi bo‘lishini aytib qolishdi. To‘g‘risini aytsam, bu xabar Qurultoyga juda kam vaqt qolganda menga aytildi. Ya'ni, Prezidentga zehni o‘tkir, kuchli fikrga ega yoshlarni kerak ekanligi aytilganda biz ham ruhlanib, “Kamolot”ga murojaat qilganmiz. O‘sha murojaatdan keyin bizni ham Qurultoyga taklif qilishdi. Qurultoyda hammasi tabiiy kechgan, Prezident yoshlar bilan juda ochiq gaplashdi, har kim o‘z fikrini erkin aytdi. Yig‘ilishda men ham ikkinchi bo‘lib so‘zga chiqdim va taklifim  xorijdagi IDP IELTS tashkilotini Avstraliya bilan hamkorlikda O‘zbekistonga olib kirish va bu yo‘ldagi ba'zi muammolarni Prezident orqali yechish edi.

- O‘zbekistonda shu paytga qadar yoshlar tashkilotlari bir necha bor qayta tashkil etilgan. Qiziq jihati, bu tashkilotlar har safar ishonchni oqlamaydi yoki boshqa bir sabab bilan qayta tashkil etiladi. Nima deb o‘ylaysiz, o‘zi O‘zbekistonda yoshlar bilan ishlash sohasida tanlangan aniq manzilli yo‘l bormi va u nimalarni maqsad qiladi?

Savolning davomi sifatida aslida tili, dunyoqarashi, qiziqishlari turlicha bo‘lgan yoshlarni bir tashkilotga qamrab olishga intilish qanchalik to‘g‘ri?

- Menimcha, bu tabiiy holat, chunki, vaqt o‘tgan sari yoshlarni dunyoqarashi, fikrlashi rivojlanib boradi. Buni esa eskicha ishlash tizimi va eskicha qoliplar bilan hech kanaqasiga qondirib bo‘lmaydi.

Yoshlar doimiy rivojlanuvchi, ular har soatda o‘z ustida, loyihalar ustida ishlaydi, yangiliklarni kutishadi.

Yana bir narsani aytishim kerak, Yoshlar ittifoqi ham “Kamolot”ning vorisi sifatida tashkil qilingan. Lekin bu tizimdagi asosiy qatlam to‘lig‘icha olib tashlangani yo‘q. Bu yo‘nalishdagi tashkilotlarning ishi baribir yoshlar bilan ishlash.

U qanday nom bilan atalishidan qat'i nazar yoshlarning huquqlarini himoya qiladi, ularga yordam beradi, ko‘maklashadi. Men buni tabiiy holat deb hisoblayman.

- Alisher , tashkilot rahbarligiga saylanganingizdan keyin Yoshlar ittifoqida a'zolik degan narsa bo‘lmaydi, yoshlar endilikda a'zolar va a'zo bo‘lmaganga  ajratilmaydi, dedingiz. Bundan albatta ko‘pchilik xursand bo‘ldi, lekin meni masalaning boshqa bir tarafi o‘ylantirib qo‘ydi. Ya'ni, tashkilot ustavida uning nizomi, dasturi, va boshqa hujjatlariga o‘zgartirish kiritish faqat Qurultoy qarori bilan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Ya'ni tashkilotni katta jamoa boshqarishi belgilangan. Xo‘sh, sizning bu fikrlaringiz ushbu qoidalarga zid emasmi?

- Ilyos aka, rostini aytaman, ustav nuqtayi nazaridan olinsa, mening ba'zi bir fikrlarim zid bo‘lishi mumkin, lekin bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak, yoshlarga bizning ustavlarimiz, bizning qonun qoidalarimiz yoki qolipga solingan g‘oyalarimiz har doim ham yoqavermaydi.

Gap bu yerda maqsadlarda. Masalan, Respublikadagi yoshlar tomonidan Yoshlar ittifoqining barcha yoshlar bilan teng ishlashi kerakligi borasida takliflar bo‘ladi. Vaholanki, tashkilot ustavida uning asosiy vazifasi o‘z a'zolari bilan ishlash ekanligi ko‘rsatilgan. Bu yerda qo‘yilayotgan talab va asl holat bir-biriga mos bo‘lmay qoladi. Shu nuqtayi nazardan biz aytdikki, mayli u bizga a'zomi, a'zo emasmi, muhimi, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsin va shu asos bizga u bilan ishlay olishimizga yetarli fakt bo‘lsin.

Agar Qurultoy yo‘q, bu ustavga zid, buni qabul qila olmaymiz degan taqdirda ham biz yoshlar bilan ishlayveramiz. Chunki bizning maqsadimiz yoshlar tashkilot ozgina bo‘lsa ham ko‘mak his qilsin.

Hozirgi kunda yoshlardagi fikrlar xilma-xilligini, taklif va g‘oyalarini ularning o‘zisiz va ularning ishtirokisiz hal qilishning iloji yo‘q.

- 2017 yil 5 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab–quvvatlash to‘g‘risida»gi farmonni imzolagandi. Mazkur farmonda xorijda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlarning huquq manfaatlarini himoya qilish tashkilot zimmasidagi vazifa sifatida belgilangan. Xo‘sh, bu borada O‘zbekiston yoshlar ittifoqi nima ishlarni amalga oshirdi va endilikda qanday rejalari bor?

Nega bu savolni beryapman, afsuski, chet davlatlarda ishlayotgan, o‘qiyotgan yoshlar bilan ko‘pgina holatda ko‘ngilsiz xabarlarni eshityapmiz, lekin ularning birortasida tashkilot munosabatini kuzatmadik. Shaxsan sizda bu borada qanday rejalar bor?

- Bu biz uchun haqiqatda og‘ir savol. Nazarimda, bu vaziyatni jamiyatda hamma ko‘rib, his qilib turibdi.

Xorijga migrant sifatida ketayotgan yoshlar ham yaxshi sharoit, pul topish va shu orqali oilasini qo‘llab-quvvatlash va hayotidagi boshqa muhim qarorlarga yordam bo‘lishni maqsad qilgan bo‘ladi.

Biz mana shunday yoshlarga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasini tashkil qildik. Hozirda bu assotsiatsiyaning bir qancha davlatlarda bo‘limlari bor. Lekin tan olib aytish kerak, xorijda migrant sifatida ishlayotgan yoshlarni himoya qilishga bizning vakolatimiz ham salohiyatimiz ham yetmasligi mumkin.

Biz yaqinda xorijdagi yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun «Yosh vatandoshlar» forumini o‘tkazdik. Bu forum yakunida xorijdagi ko‘pchilik yoshlarimiz O‘zbekistondagi imkoniyatlarni ko‘rib shu yerda qolganlari ham bo‘ldi, ba'zi birlari keyinchalik tajriba to‘plab yurtga qaytadigan bo‘ldi.

 Albatta, xorijda migrant sifatida ishlash davomida ko‘ngilsiz holatlarga duch kelayotgan yoshlarni himoya qilish uchun xorijdagi xodimlarimiz sonini oshirishga harakat qilyapmiz, ammo ularning ham vakolatlari juda keng emas.

Lekin shunday bo‘lsa-da bizga turli muammolar bilan murojaat qilgan yoshlarga qo‘limizdan kelganicha ko‘mak beramiz.

- Bilasizmi, bu yerda eng katta muammoni nimada ko‘raman, chet elga ishlash uchun chiqib ketayotgan yoshlarning aksariyati borayotgan davlatidagi qonun-qoidalar bilan yetarlicha tanishmaydi, huquqlari bilan yaxshi tanish emas. Muammoning ildizlaridan biri shu yerda emasmikan?

- To‘g‘ri, bu joyda men ikkita asosiy masalani aytgan bo‘lardim. Ya'ni, chet elga ketayotgan yoshlar u yerda nima ish uchun borishyapti va o‘sha kasbning mutaxassisimi?

Chunki hozir yoshlarning ko‘pchiligi biror kasbsiz, til bilmasdan va o‘z huquqlaridan yaxshi xabardor bo‘lmagan holatda xorijga ketishyapti. Muammolarning asosiy qismi ham shu sabablardan kelib chiqadi.

Shu sababli ham biz joylardagi bo‘limlarimizda, Yoshlar markazlarida yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e'tibor qaratamiz.

Suhbat davomida Alisher Sa'dullayev Yoshlar uylari masalasida kelib chiqqan muammolarning asosiy sabablari, yoshlar orasida «ittifoqchi» va «uyushmagan» sifatida ikkiga bo‘linish sabablari, Yoshlar telekanali va Yoshlar radiosi faoliyatida kutilayotgan o‘zgarishlar, Yoshlar press klubi faoliyatidagi samarasizlik sabablari va boshqa mavzularda qiziqarli fikrlarini bildirdi.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top