“Jadidlar” to‘plami o‘zbek jadidchiligining 8 nafar yirik vakili: G‘ulom Zafariy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti, asarlari haqida kitobxonga qisqa ma’lumot berishga harakat qiladi. To‘plam Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan lotin alifbosida nashr etilgan.

O‘rtacha 150 betli 60x84 bichimidagi kitobchalar qutilarga solingan shaklda kitobxonlarga taqdim etildi. Agentlikning ma’lumot berishicha, to‘plam ustida 4 oy davomida 20ga yaqin mutaxassis ishlagan. To‘plamdagi 8 kitobga 8 nafar jadidshunos olim mualliflik qilgan. Ular orasida jadidshunoslikning darg‘alari sanalgan Hamidulla Boltaboyev, Bahodir Karimov kabi olimlar bor.

Har bir jild „Adib hayoti“, „Faoliyati va ijodi“, „Hikmatli so‘zlari“, „E’tirof“ hamda „Foydalanilgan adabiyotlar“ bo‘limlariga bo‘lingan.

Loyiha uchun 1,5 mlrd so‘m ajratilgan

Agentlik rahbari Alisher Sa’dullayevning bergan ma’lumotiga ko‘ra, “Jadidlar” to‘plamini tayyorlash va 23 ming (har bir to‘plamda 8tadan jami 184 mingta kitob) nusxada chop etish uchun agentlik tomonidan 1 mlrd 416 mln 800 ming so‘m mablag‘ ajratilgan.

“Jadidlar” to‘plamidagi har bir kitobni yozish uchun mualliflarga 10 million so‘mdan gonorar ajratilgan. Har bir to‘plam o‘rta hisobda 61 600 so‘mga, har bir kitobcha esa 7 700 so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.

Budjetning boshqa xarajatlari bilan taqqoslab, foydali yo‘nalishdagi kitoblarga ajratilgan mablag‘ni kamtarona deyish mumkin. Biroq tanqidchilar bu to‘plamning jadidlar haqida chiqarilgan birinchisi ham, mukammali ham emasligi, mukamallikka da’vo qilmaydigan to‘plamni nashr qilish nega kerak bo‘lganini so‘rashmoqda.

Alisher Sa’dullayevning aytishicha, nashrdan maqsad – “Jadidlar” kitobi to‘plamini aholi, jumladan, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish orqali ma’rifatparvar jadid bobolarimiz haqida har bir yoshning xabardorligini oshirish hisoblanadi.

Agentlik rahbarining fikri bir qaraganda umumiy gapga o‘xshab tasavvur uyg‘otadi. Chunki jadidlar haqida oldin nashr etilgan to‘plamlar ham keng ommaga mo‘ljallangandi va jadidlarni tanitish maqsad qilgan. Xo‘sh, unda “Jadidlar”ning o‘ziga xos jihati nimada?

“Kitoblar maktab o‘quvchisiga tushunarli bo‘lishi uchun yozildi”

Bu savolga to‘plamning “Abdulla Qodiriy” kitobi muallifi, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov javob berar ekan, kitobga har qachongidan ham ishonchli bo‘lgan, bahsli bo‘lmagan ma’lumotlar kiritilgani, ayrim ma’lumotlar keng jamoatchilik uchun ham yangi ekanini ta’kidlaydi.