O‘zbekiston | 10:58 / 15.06.2026
3383
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi: 8 mingdan ortiq ishtirokchi kutilmoqda

Joriy yilning 16–18 iyun kunlari poytaxtda bo‘lib o‘tadigan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida dunyoning 99 mamlakatidan 8 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Nufuzli xalqaro tadbir doirasida yirik investitsiya kelishuvlari imzolanishi va O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati keng namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevga navbatdagi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik ishlari yuzasidan axborot berildi.

Qayd etilishicha, mazkur forum mamlakatning investitsiyaviy salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etish, xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni shakllantirish va ilgari surish uchun muhim platformaga aylangan.

Bu yilgi forumda qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbirga xorijiy davlatlar hukumatlari vakillari, xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, investitsiya jamg‘armalari hamda biznes doiralari rahbarlari taklif etilgan.



Forum dasturidan yalpi majlis, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, investitsiya kelishuvlarini imzolash marosimlari hamda ishbilarmonlar muloqotlari o‘rin olgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini namoyish etuvchi ko‘rgazma tashkil etilib, unda qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, geologiya, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari sohalaridagi imkoniyatlar taqdim etiladi.



Forum doirasida prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi ham o‘tkaziladi. Unda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, xususiy sektor va xalqaro investorlar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Joriy yilgi forum doirasida kimyo sanoati, geologiya va metallurgiya, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, energetika, raqamli texnologiyalar, transport-logistika, turizm va ta’lim kabi qator yo‘nalishlarda yirik investitsiya kelishuvlarini imzolash rejalashtirilgan.



Mutasaddilarga xorijiy mehmonlarni munosib kutib olish, tadbirlar dasturini puxta tashkil etish hamda forum yakunlari bo‘yicha imzolanadigan kelishuvlarning samarali ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid