O‘zbekiston | 23:12 / 19.11.2020
3967
3 daqiqa o‘qiladi

Orolbo‘yida 150 nafarga yaqin bola bepul operatsiya qilinadi - Bositxonova

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi majlisida Qoraqalpog‘istonda uchraydigan ayrim kasalliklar va ularni davolash choralari to‘g‘risida takliflar bildirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

18 noyabrdagi yig‘ilishda Bositxonova Orolbo‘yida yashovchi bolalarning og‘ir kasalliklarga chalinganlari ro‘yxatini tuzishda shaxsan o‘zi ishtirok etgani, ularni davolash uchun kerakli mablag‘ topilib, bir yil davomida operatsiyalar o‘tkazilishi kerakligini aytdi.

«Men o‘zim Qoraqalpog‘istondan saylangan senatorimiz Oral Ataniyazova bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yurak tug‘ma nogironligi bo‘lgan va boshqa kasalliklarga chalingan bolalarni to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazib, amaliyot va yuqori ixtisoslashgan tibbiy yordam kerak bolalarni ajratib oldik. Ular 150 nafarga yaqin. Ana shu bolalarimizga kerakli mablag‘ni topib, bir yil ichida ularning barchasida amaliyot o‘tkazib, yuqori ixtisoslashgan xalqaro standartlarga mos yordam ko‘rsatish taklifini kiritdik.

Bu taklif [qo‘mita rahbariyati tomonidan] juda ham ijobiy qabul qilindi. Bu orolbo‘yini rivojlantirishdagi real va aniq hissa bo‘ladi.

Orolbo‘yida buyrak va jigar kasalliklari, yurakning tug‘ma nuqsoni bilan tug‘ilayotgan bolalarimiz ham alohida bir muammoni tashkil qiladi. 2017–2018 yillarda prezidentimiz tomonidan ajratib berilgan mablag‘lar evaziga yuragida nuqsoni bor 100 nafar bolada operatsiya bajarilgan edi. Mana, oradan vaqt o‘tib, bunday kasalligi bor bolalarning soni yana paydo bo‘ldi. Demak, bu – yangi tug‘ilgan bolalarning Orolbo‘yi muammosiga taaluqli salomatlik masalalarini bartaraf etishda ekologik muammolarni birinchi navbatda hal qilishimiz, ichimlik suvi ta'minotini yaxshilashimiz kerakligini ko‘rsatib berayapti», – dedi Elmira Bositxonova.

Vazir o‘rinbosari bog‘chalarda ichimlik suviga filtr o‘rnatish to‘g‘risida taklif bildirdi.

«Umuman, ta'lim muassasalarida ichimlik suvi bo‘lmasa, u hatto sog‘lom bolaning ham kasal bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Buni tibbiyot sohasidagi olimlarning xulosalari ham ko‘rsatib berdi.

Qisqasi, yangi qo‘mita mamlakatimizda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish uchun amalga oshiriladigan barcha ishlarni muvofiqlashtirish, nazoratga olish vazifasini bajaradi, deb o‘ylayman», – dedi u.

Yangi tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi masalalari bo‘yicha qo‘mitaning ilk yig‘ilishi Senatning 9-yalpi majlis oldidan tashkil etildi. Unda qo‘mita a'zolari 32 nafar xalqaro darajadagi o‘rmonchilik, ekologiya va tibbiyot sohalaridagi ekspertlar guruhi bilan tanishtirildi.

Orolbo‘yi muammolarini hal qilish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqishga kelishib olindi.

Mavzuga oid