Texnologiya | 17:06 / 31.08.2025
7021
5 daqiqa o‘qiladi

 “25 daqiqada 1946 ta robot yig‘dik” – Ginnes rekordini yangilagan o‘zbek yoshlari

Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida yangi Ginnes rekordi o‘rnatildi. Jarayonda jami 2 ming nafar yosh muhandis qatnashdi. Ishtirokchilar dala sharoitida paxtani tez va aniq terishga moslashtirilgan 1946 ta kichik robotni bir vaqtning o‘zida yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda rekordni yangilashda qatnashgan yoshlar loyihaning qanday o‘tgani va unga tayyorgarlik jarayonlari haqida gapirib berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

18 avgust kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida 2000 nafar yosh muhandis bir vaqtning o‘zida mini-robotlarni yig‘ishga urinib ko‘rdi. Jarayonda kombayn vazifasini bajaruvchi, ya’ni paxta teruvchi kichik robotlar yasaldi. Ulardan 1946 tasi o‘sha vaqtning o‘zida muvaffaqiyatli ishga tushirildi va bu natija bilan O‘zbekiston muhandislik yo‘nalishida ilk bor Ginnes rekordini yangiladi.

Loyihada injyenerlik bo‘yicha boshlang‘ich bilimga ega, 15 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar ishtirok etdi. Ular mamlakatning turli hududlaridan suhbat va amaliy topshiriqlar asosida tanlab olindi.

Saralangan ishtirokchilarga robotlarni to‘g‘ri yig‘ish bo‘yicha master-klasslar tashkillashtirib, ularning bu boradagi ko‘nikmalarini oshirdik. Qatnashchilarning 1000 nafari hududlardagi oliy ta’lim muassasalaridan, 930 nafari Toshkent shahridagi oliygohlardan, 50 nafari Prezident ta’lim agentligi tizimidagi maktablardan, yana 20 nafari imkoniyati cheklangan yoshlardan iborat bo‘ldi”, – deydi tashkilotchi Sardor Qiyomov.

Uning aytishicha, avvalgi rekord 2023 yilda Hindistonda qayd etilgan bo‘lib, unda 1459 nafar o‘quvchi robot yig‘gan edi. Bu safar o‘zbekistonlik yoshlardan tashkil topgan jamoa 1946 ta robotni yig‘ib, natijani yangiladi.

Rekord o‘rnatilgunga qadar bir necha oy davomida jarayonga tayyorgarlik ishlari olib borilgan. O‘zbekistonda bu tajriba ilk bor sinab ko‘rilgani uchun bir qator kamchiliklar ham kuzatilgan. Jumladan, lazer stanokdagi xato sabab minglab detallar kuyib ketgan, keyin tashkiliy jamoa ularni qaytadan yig‘ishga majbur bo‘lgan. Shuningdek, ayrim to‘plamlarning ichiga noto‘g‘ri detallar aralashib joylangani uchun ikki kecha davomida 2 000 ta robot qayta ochilib, tarkibiy qismlari takroran tekshirib chiqilgan.

Har bir bosqich: paykalash, 3D printerdan chiqqan detallarni tekshirish, motorlarni ulash, qadoqlash – hammasi alohida jamoaviy mehnat talab qildi. Biz shunchaki 25 daqiqada robot yig‘madik, buning orqasida bir necha haftalik mashaqqatli mehnat turibdi”, – deydi tashkilotchi Mirqobil Mirvosilov.

Ishtirokchilarga 25 daqiqa ichida mini-robotlarni yig‘ib, ularni ishga tushirish topshirig‘i berilgan edi. Qatnashchilarning ayrimlari 3,5 daqiqa ichida qurilmani yasashni tugallagan bo‘lsa, ba’zilari texnik kamchiliklar va hayajon tufayli buning uddasidan chiqa olmagan.

Rekord o‘rnatishda ishtirok etish qiziq bo‘ldi, lekin hammasi ham oson kechmadi. Eng katta qiyinchilik vaqt bosimi edi. Ko‘p narsani qisqa muddatda bajarishimizga to‘g‘ri keldi. Ba’zi detallarning yetib kelishi kechikdi, bu esa robotni yig‘ish ishlarini sekinlashtirdi. Ko‘pchilik bir joyda ishlagani uchun tartibni saqlash ham muammo bo‘ldi. Kimdir elektr simlarini ulayotganda shoshganidan uzib yubordi. Ayrim robotlar esa sinov jarayonida ishlamay qoldi. O‘sha paytda biroz tushkunlikka tushdik, lekin jamoaviy hisobda rekordni yangilaganimizdan keyin hammasi o‘tib ketdi”, – deydi Muhsinjon Movutaliyev.

O‘zbekiston shu paytgacha Ginnes rekordlar kitobiga asosan oshpazlik kabi maishiy yo‘nalishlarda kirgan edi. Endilikda esa texnik intellekt va muhandislik bo‘yicha ham tarixiy natija qayd etildi. Ishtirokchilarning fikricha, bu rekord yoshlarda muhandislikka bo‘lgan ishonch va qiziqishni yanada oshiradi.

Ginnes rekordlaridagi natija orqali butun dunyo O‘zbekiston yoshlarini ko‘rdi. Biz muhandislikda salohiyatimiz borligini isbotladik. Endi bu sohaga mamlakatimizda yanada yaxshiroq e’tibor qaratilishiga umid qilamiz”, - deydi Diyorbek Risqiboyev.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Jurnalist: Diyoraxon Nabijonova,
operatorlar: Abdulloh Hasanov, Ziyaddin Mammatjonov,
montaj ustasi: Abdulloh Hasanov.

Mavzuga oid