Jahon | 10:28 / 25.04.2026
2947
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya va Eron neftiga berilgan vaqtinchalik yengillikni bekor qilmoqchi

AQSh dengizda bo‘lgan Rossiya va Eron neft mahsulotlarini xarid qilishga ruxsat beruvchi sanksiyalardan vaqtinchalik istisnoni yana bir bor uzaytirishni rejalashtirmayapti. Bu haqda AQSh moliya vaziri Skott Bessent Associated Press agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Foto: AP

Bessentning aytishicha, Eron energiya tashuvchilari bo‘yicha avval berilgan bir martalik istisnoni uzaytirish masalasi umuman kun tartibida yo‘q.

U Rossiya nefti bo‘yicha avvalgi istisno aprel oyi o‘rtalarida Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi yig‘ilishlari vaqtida “10 dan ortiq eng zaif va qashshoq mamlakat”ning iltimosiga ko‘ra qabul qilinganini aytdi.

“Bu zaif va qashshoq mamlakatlar uchun qilingan edi. Ammo yana bir bor uzaytirish bo‘lishini tasavvur qila olmayman. Menimcha, dengizdagi Rossiya nefti asosan tugab bo‘ldi”, — dedi u.

Shu bilan birga, Skott Bessentning fikricha, Eronga nisbatan bosim tez orada Tehronni neft qazib olishni qisqartirishga majbur qiladi.

“O‘ylashimizcha, yaqin ikki-uch kun ichida ular qazib olishni qisqartirishni boshlashga majbur bo‘ladi. Bu esa ularning quduqlari uchun juda yomon bo‘ladi”, — dedi AQSh moliya vaziri.

18 aprel kuni Reuters agentligi AQSh 16 maygacha tankerlarga allaqachon yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotishga ruxsat beruvchi litsenziyani uzaytirgani haqida xabar bergan edi. Bungacha Skott Bessent Vashington istisnolarni uzaytirmasligini aytgandi.

Rossiya nefti eksportiga nisbatan AQSh tomonidan avvalgi yengilliklar 13 mart kuni joriy etilgan. Bu qaror Erondagi urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi ortidan energiya tashuvchilar narxi oshgani sharoitida qabul qilingan bo‘lib, 30 kun amal qilgan. O‘shanda Bessent buni “tor doiradagi va qisqa muddatli” chora deb atagan hamda u Moskva neft daromadlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidlagan.

Shunga qaramay, The New York Times gazetasi 13 aprel kuni AQSh sanksiyalarni yumshatganidan keyin Rossiya neft sotishdan har kuni 100 mln dollardan ortiq qo‘shimcha daromad olganini xabar qilgan.

Vaqtinchalik cheklovlarni yumshatishga, jumladan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Ukrainaning AQShdagi elchisi Olga Stefanishina qarshi chiqqan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid