O‘zbekiston | 11:10 / 06.07.2025
9661
14 daqiqa o‘qiladi

“Sun’iy intellekt bizni ishsiz qoldirmaydi, lekin...” - AQShdagi o‘zbek tadqiqotchisi bilan suhbat

Sun’iy intellekt – odamlarning ishini yengillashtiradi, bir qator kasblar o‘rniga yangilari paydo bo‘ladi, lekin u tobora aqlli bo‘lib borishi bilan, vaqti kelib tahdidga aylanishi mumkinligini ham istisno qilib bo‘lmaydi, deydi Texas universitetida sun’iy intellekt bo‘yicha doktoranturada o‘qiyotgan Anvar Zohidov.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Sun’iy intellekt – bugunning eng qudratli vositasi. Va bu vosita ustida ilmiy ish olib borayotganlar orasida bir o‘zbekistonlik ham bor. Anvar Zohidov – yosh olim, AQShning Dallas okrugidagi Texas universitetida sun’iy intellekt bo‘yicha PhD talabasi va shu yo‘nalishda talabalarga dars beradi.

Anvar Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tugatgach, Fransiya hukumati grantini yutib, Nitssadagi Côte d'Azur universitetida magistratura bosqichini tamomlagan. U yerda alsgeymer kasalligiga oid ilmiy tadqiqotda qatnashib, sun’iy intellekt yordamida ish jarayonini 80 foizga tezlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.

Yosh mutaxassis Kun.uz bilan suhbatda o‘z karerasi, zamonaviy ilm-fanning eng old chizig‘ida nima bo‘layotgani, sun’iy intellekt insoniyat hayotini qanday o‘zgartirishi mumkinligi haqida gapirib berdi.

“Alsgeymer kasalligi ustidagi tadqiqotda sun’iy intellet dasturini ishlab chiqdim”

(Alsgeymer – miya hujayralari asta-sekin yemirilib, xotira, fikrlash va kundalik hayotni boshqarish qobiliyatining pasayishiga olib keladigan surunkali asab kasalligi)

— Nitssada magistraturada o‘qib yurganimda CNRS (Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazi)ga ishga kirganman. U yerda alsgeymer kasalligi ustidagi tadqiqotda ishtirok etganman. Doktorlar va injyenerlar orasida, sun’iy intellekt bo‘yicha injyener bo‘lib ishlaganman. Har xil tajribalar qilishadi. Mening vazifam ularning ma’lumotlarini texnik tahlil qilish edi. Ma’lumotlar hammasi alsgeymer kasalligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Metformin degan dori bo‘lgan, jamoa uning ustida tadqiqot o‘tkazgan. Inson agar alsgeymer kasalligiga chalinsa, metformin bu kasallikning oldini olishi yoki uni yengillashtirishi mumkinmi – shu masala ustida ishlashgan. Qiziq bo‘lgan, boshida borganimda qanaqa tadqiqotlar bo‘lganini tushuntirishgan. Laboratoriya kalamushlariga virus yuqtirishgan, ularni o‘stirib 11 oydan keyin o‘ldirib, miyasidan namuna olishgan va ichidagi hamma proteinlar va molekulyar ma’lumotlarni olib yig‘ishgan, katta ma’lumotlar bazasi yuzaga kelgan. Mening ishim ma’lumotlarni tahlil qilish edi. Sog‘ kalamushlar va kasallarini bir biriga solishtirganmiz. Bu tajriba menga qiziq va qiyin bo‘lgan, chunki biologiya bo‘yicha bilimlarim bo‘lmagan, har bir proteinlarni o‘rganib chiqqanman. Ko‘p vaqt ketgan.

Men borgunimgacha tadqiqot 3 yil davom etgan, borib ishlab ketganimdan keyin loyiha yana 5 yil davom etishi kerak. Loyihadagi vazifam – SI bilan ma’lumotlar ichida dastur yozish edi, ma’lumotlar xaosda bo‘lgan, ularni tahlil qilib tozalash kerak bo‘lgan. Dastur yordamida olimlar ma’lumotlarni tozalab, klassifikatsiya qilgan va bu ularga katta hajmdagi ma’lumotlar o‘rtasidagi bog‘liqliklarni topishga yoki bog‘liqlik yo‘qligini aniqlashga yordam bergan.

“O‘qish xarajatlarimni universitet qoplaydi”

— Texas universitetidagi yo‘nalishim – kompyuter ilmi, sun’iy intellekt. Shu bo‘yicha o‘qiyapman, ishlayapman, tadqiqot qilyapman va dars beryapman. PhD talabalari o‘qish bilan birga, TA – teaching assistanship (o‘qituvchi yordamchisi) dasturi asosida dars ham bera oladi. TA dasturining katta plyusi – Amerikada o‘qish xarajatlarining to‘liq qoplab berilishida. Dars bersangiz, o‘qish xarajatlari va tibbiy sug‘urtani universitet qoplab beradi va oylik maosh to‘lanadi. Bu talabalarga katta motivatsiya bo‘ladi.

Lekin keyingi semestrga o‘tishim uchun baholarim zo‘r bo‘lishi kerak. Baholarim yomon bo‘lsa, men uchun bu dasturni to‘xtatib qo‘yishadi.

PhD qanday ishlaydi? Dastlabki 2 yil ko‘proq darslar bilan band bo‘lasiz, asosiy e’tiboringiz o‘qishda bo‘ladi va bu vaqt davomida tadqiqot mavzungizni aniq tanlab olishingiz kerak. Hozir menda shu jarayon ketyapti, professorim bilan sun’iy intellektni algoritmlarga integratsiyalash ustida izlanyapman. Amaliyotda buni keyinchalik ishlatib ham ko‘rmoqchimiz.

— SIni algoritmlarga integratsiyalash amaliyotda qanday yangilik yaratadi?

— Masalan, siz bir kitobdan nimadir qidirsangiz, uni topish uchun varaqlaysiz. Kitobdagi maqolalar alifbo bo‘yicha saralangan bo‘lsa va sizga kompyuter haqidagi maqola kerak bo‘lsa, “K” harfi bilan boshlangan maqolalar ichidan qidirishni boshlaysiz. Bu algoritm natijasida kerakli narsani tezroq topishingiz mumkin. Har xil algoritmlar bor, biz hozir SI yordamida algoritmlarni tezroq ishlatadigan yo‘lni qidiryapmiz. Bitta kitob uchun ma’lumot topishga 10 sekund ketsa, boshqa kitob 10 barobar kattaroq bo‘lsa, kerakli natijani topishga juda ko‘p vaqt ketishi mumkin, SI buning vaqtini ancha kamaytirib bera oladi.

ChatGPT kabilar chiqib, SI bum bo‘lishidan oldin ham SI sohasida o‘qiydigan talabalar bo‘lgan, lekin ularning soni ko‘p bo‘lmagan. Ular asosan laboratoriyada ishlashgan. SI juda tez ommalasha boshlagach, bu mutaxassislarni katta kompaniyalar ishga oldi. Ular katta oylik va yaxshi vazifalarda ishlab yurishibdi. Hozir bozor bunday mutaxassislarni ko‘proq so‘rayapti. Bozorga sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar, ma’lumotlar ilmi (data science) va data-tahlilchilar ko‘proq kerak. Shu sabab universitetlar ham bunday kadrlarni ko‘proq tayyorlay boshladi.

Men o‘qiyotgan universitetdagi kompyuter ilmi fakultetida har xil yo‘nalishlarni tanlay olasiz – telekom, soft injyener, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt... Hozir 95 foiz talabalar sun’iy intellektni tanlayapti. Buning plyus tomoni – yangi eraga kelyapmiz, hamma SI, ma’lumotlar bilan ishlayapti. Mutaxassis juda ko‘p, ish ham ko‘p. Minus tomoni, fizika, biologiya kabi boshqa muhim yo‘nalishlarda o‘qish uchun talabgorlar juda kamaygan. Talabalardan so‘rasam, bozor shuni talab qilayotganini aytishadi. Tabiiyki, talablar uchun o‘qishni bitirgandan keyin yaxshi ishga joylashish muhim, SI yo‘nalishida esa ish ko‘p. Hatto o‘qishdan keyin universitetda qolib tadqiqot qilaman desangiz ham imkoniyatlar ko‘p, har xil grantlar bor.

— Nima deb o‘ylaysiz, SI faqat yordam beradigan vositami yoki kelajakda insoniyat ustidan nazorat o‘rnatishi mumkin bo‘lgan texnologik kuchmi?

— O‘ylaymanki, SI – foydasi ham foydali instrument. Oddiy hayotimizda yordam berib keladigan narsa. Buni to‘g‘ri ishlatishni bilish kerak. SI bizni ishsiz qoldiradi, deb ko‘pchilik o‘ylaydi. Yo‘q, aksincha, minusidan plyusi kattaroq. Ko‘p yo‘nalishlarda bizga yordam beryapti. Ish o‘rinlari kamayadi degan narsa doim bo‘lgan, biror yangi texnologiya chiqsa, odamning ishini olib qo‘yadi deb avval ham o‘ylashgan. Unaqa bo‘lmaydi. Odam o‘z malakasini oshiradi, ixtisosligini o‘zgartiradi va yangi ko‘nikmalarni talab qiladigan yangi ishlarda ishlayveradi. Odamlar umuman ishsiz qoladi deb o‘ylamayman, chunki SIni ham kimdir ta’minlashi, kimdir serverini yaratishi, kimdir dasturlashi kerak – buning hammasini odam qiladi.

— Zamonaviy LLM'lar o‘zini tushunish darajasiga yetadimi? Hozir SI bor ma’lumotlardan kelib chiqib odamga javob beradi. Qachonki, ular o‘zi mustaqil fikrlashni boshlab, men kimman, yaratuvchim kim deb o‘ylay boshlaganda odamzotga qarshi urush ochadi degan fikrlar ham bor. Sizningcha, bu qanchalik imkonli? SI o‘zini idrok etish darajasiga yeta oladimi?

— SI instrumentlari borgan sari aqlliroq bo‘lib ketyapti. Shunaqa vaqtga kelamizmi, SI nihoyatda aqlli bo‘lib, odamlarga qarshi chiqadimi, deb ko‘plar so‘rayapti. Mening hozirgi tajribam bunday: bitta professorim bilan eksperiment qildik. 1 yil oldin ChatGPT'dan talabalar o‘yin ishlab chiqishni so‘ragan, ammo natija yomon bo‘lgan. Bu yil xuddi shu narsani qildik, lekin natija ancha yaxshi bo‘ldi. SI buyruqlarni borgan sari mukammalroq bajaradigan bo‘lyapti. Keyingi yillarda SI yanada rivojlanadi.

Ko‘p xabarlarni ko‘ramiz, SI qayerdadir odamga qarshi chiqmoqchi bo‘ldi mazmunida. Menimcha, bunday holatlar ko‘payib boraveradi, SI yanada aqlli bo‘lib ketadi. Hozirning o‘zida juda yaxshi ishlayapti, ko‘p savollarga odamlardan ham yaxshiroq javob beryapti. Lekin SI ming rivojlanib aqlli bo‘lib ketsa ham, unda odamlardagi singari ong paydo bo‘lishiga ishonmayman. Terminator, ya’ni SIning oxir-oqibat Skynet bo‘lib, insoniyat uchun tahdidga aylanadimi degan savolga kelsak, bizni haqiqatan shunga o‘xshagan narsa kutyapti, deb o‘ylayman. Balki bu fantastikadir, lekin SI sekin-asta odamning ishlariga qarshi chiqa boshlaydi. Ayniqsa, SI yomon odamlar qo‘lida xavfli qurolga ham aylanadi.

— Agar siz o‘zingizning etika qoidalaringiz asosida SI kodeksini yozishingiz kerak bo‘lsa, undagi 3 ta prinsip nima bo‘lardi?

— Birinchi prinsip – xolis bo‘lish. Har bir odamni teng ko‘rish. Masalan, ishga kirayotganda HR'larda SI ishlatilyapti, ular erkak va ayolni bir xil darajada ko‘rishi, diskriminatsiya qilmasligi kerak.

Ikkinchisi – odamlarning shaxsiy ma’lumotlarini hech kimga bermaslik.

Uchinchisi – hech qachon odamlarga qarshi chiqmaslik, deb muhr qo‘ygan bo‘lardim.

— Hozir SI ma’lumotlarni topib berishi, tahlil qilishi mumkin, lekin ijodiylik nuqtayi nazaridan unda hali insondagi kabi his-tuyg‘u yo‘q. SI odam darajasida ijod qila oladi deb o‘ylaysizmi?

— Menimcha, SI ijod qilish darajasiga yetadi. Odamlarda ham ijod yo‘q joydan paydo bo‘lib qolmaydi, ular kimdir yoki nimadandir o‘rganadi. Rassom tabiatga qarab nimadir chizadi. Umuman, odamlar hamma narsani birboshdan o‘rganadi. Xuddi shunday, SI ham ma’lumotlarni o‘rganadi va ko‘p ma’lumot o‘rgangani sari shunaqa ijod qila oladi.

— Tarjimayi holingizda siz ishtirok etgan chatbotlar 36 mingdan ortiq so‘rovni qayta ishlagani haqida ma’lumot bor. Bu tajribangiz haqida gapirib bering.

— Bu Orange kompaniyasida, France Telecom'dagi tajribamda bo‘lgan. Fransiyadagi mijozlar Orange'ga har xil so‘rovlar bilan chiqadi: menda aloqa yaxshi emas, router yaxshi ishlamayapti, degan muammolar bilan murojaat qilishadi. Bu murojaatlarga oldin odamlar javob bergan, hozir SI javob beryapti. Men o‘shani tahlil qilib, chatbot odam kabi to‘g‘ri javob berishi ustida ishlaganman. Odamlar chatbotga matn yozgan, chatbot javob bergan.

Oldingi ko‘rinishdagi chatbotlarda oddiy klassifikatsiya bo‘lgan. So‘rov kelyapti, o‘sha so‘rovga 10 ta javob bor. 10 tadan bittasini tanlab bergan. Lekin shunaqa so‘rov bo‘lishi mumkin, 10 ta javobdan hech biri to‘g‘ri kelmaydi. Dilemma yuzaga kelgan, men ishlayotgan payt shu muammoning oldini olish uchun biz generativ model qildik. Shunaqa unikal savol berilganda, to‘g‘ri javob berish uchun chatbotni yangilaganmiz.

“Nimadir o‘xshamasligiga tayyor turing”

— SIga kirib kelmoqchi bo‘lganlar uchun maslahatlarim – SIni o‘rganayotgan odam juda ko‘p, butun dunyo o‘rganyapti, raqobat juda katta. Ertaga talabalar o‘qishni bitirgach ilmiy ish qilishi, ishga kirishi oson bo‘lmaydi, chunki ish ko‘p bo‘lgani bilan, talabgor ham juda ko‘p. Maslahatim – o‘qishni bitirgach, nimadir o‘xshamasligiga tayyor turing. Shunchaki odam ko‘p, bozor shunday hozir. Bu faktni qabul qilib maksimal ko‘p joyga ishga topshirish kerak. Maksimal ko‘p universitetga topshirish kerak.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid