Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Talabalar traktorchi-mashinist va agrodron foydalanuvchisi mutaxassisligiga o‘qitiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 fevral kuni qishloq xo‘jaligida yangi yerlarni o‘zlashtirish va sohada ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda 2030 yilgacha 938 ming gektar yaylovni o‘zlashtirish va holatini yaxshilash rejalari taqdimot qilindi. Xususan, 2026-2027 yillarda 620 ming gektar yaylov tiklanib, shuning 300 ming gektarida yaylov o‘simliklari ekiladi, 130 ming gektarida quduqlar o‘rnatiladi. Natijada 960 ming bosh mayda shoxli mol boqish, go‘sht va jun ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyati yaratiladi.
Yangi yerlarni o‘zlashtirishda har bir hudud bo‘yicha aniq investor va loyiha asosida ish tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligida ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish uchun amaldagi institutsional infratuzilmani o‘zgartirish vaqti kelgani qayd etildi. Shu maqsadda sohadagi 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya hamda 2,5 mingdan ortiq olim va ilmiy xodimni yagona tuzilma – Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasiga birlashtirilishi belgilangan.
Taqdimotda biotexnologiya va molekulyar biologiya, gen injyeneriyasi va gibrid urug‘chiligi, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, kosmik va dron texnologiyalari, yerlar degradatsiyasi hamda sog‘lom tuproq, organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya, raqamli qishloq xo‘jaligini akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilash taklif etildi.

Akademiya faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Qishloq xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hozir Toshkent davlat agrar universitetida 13,6 ming talaba ta’lim olayotgani, biroq o‘quv jarayonining amaliyot bilan yetarlicha bog‘lanmagani sababli bitiruvchilarning atigi 55 foizi o‘z sohasida ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishni uzviy bog‘laydigan tizim yaratish, mehnat bozori talabiga mos yetuk mutaxassislar tayyorlash vazifalari belgilandi.
Jumladan, kelgusida universitet talabalarining 6,8 ming nafari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar, korxonalar va agroklasterlarda, 2,6 mingdan ziyodi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 22 ta ilmiy-tadqiqot institutida amaliyot o‘taydi.
Shuningdek, fermer hamda uning xodimlari farzandlarining test sinovlarida ballari qabul parametrlariga yetmaganda, miqdori kamaytirilgan to‘lov-kontrakt asosida universitetga qabul qilish, yettita ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish davomiyligini 4 yildan 3 yilga qisqartirish taklif etildi. Talabalarni traktorchi-mashinist guvohnomasi va agrodronlardan foydalanishga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Taqdimotda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining faoliyati ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yilda 44 ming gektar samarasiz yerlarda intensiv va sanoatlashgan bog‘ hamda tokzorlar tashkil qilib, 37 ming ish o‘rni yaratildi. Bu yerlarda tashkil etilgan bog‘ va tokzorlar 2027 yildan hosil berishni boshlab, yiliga 660 million dollar meva-sabzavot eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Masalan, So‘xda 500 gektarda olma, malina va o‘rik, Termiz tumanida 164 gektarda o‘rik va shaftoli, Ohangaron tumanida 309 gektar, Bulung‘urda 550 gektar hamda Quvada 60 gektar yerda uzumning “Avatar” navi, Pop tumanidagi 504 gektarda esa shaftoli va olxo‘ri plantatsiyalari tashkil etildi.
Mazkur ishlarni davom ettirib, 2026 yilda 25,5 ming gektar mevali bog‘lar va 5 ming gektar uzumzorlar tashkil qilib, 48 ming doimiy hamda mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish zarurligi qayd etildi.
Har yili 60 million dollarlik ko‘chat import qilinmoqda. Ushbu ko‘chatlarni Yevropa standartlari asosida o‘zimizda tayyorlash uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada agentlik tomonidan 200 dan ortiq meva turlarining virusdan xoli, yuqori hosilli onalik navlari kolleksiyasi yaratilgan. Ushbu meva turlarini ko‘paytirish va barcha hududlarga yetkazib berish maqsadida Bektemir tumanida 50 gektar, Yuqori Chirchiq tumanida esa 75 gektarlik “in-vitro” laboratoriyalari va onalik ko‘chatxonalaridan iborat majmualar tashkil etilmoqda. Ushbu majmualarni yil yakunigacha ishga tushirib, yillik 27 million dona ko‘chat tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Prezident taqdimotda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
13:22 / 23.03.2026
O‘zbekiston Fransiya bilan qo‘shma agrar tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘ymoqchi
08:30 / 23.03.2026
O‘zbekiston Polsha tajribasini agrar sohaga joriy etishni ko‘zlamoqda
08:39 / 18.03.2026
Jizzaxda klaster fermerlarni “yutib yuboryapti” - hisob hozircha 195:0
07:15 / 18.03.2026