O‘zbekiston | 09:02 / 14.06.2024
12627
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘lladi

Amaldagi qonunchilik va Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablariga rioya qilinmaganligi va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llandi.

Foto: Kun.uz

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi joriy yilning may oyidagi yig‘ilishlarida (7 marta) 47 ta masalani ko‘rib chiqdi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qildi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 36 ta, xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (2 ta), mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish (2 ta), mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish (13 ta), to‘lov tashkilotlariga berilgan litsenziyani chaqirib olish (2 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatiga olish (2 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (13 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rildi.

Tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar, ya’ni bank kafolatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning Kredit axborotining davlat reyestriga to‘liq yuborilishini ta’minlamaganligi hamda ochiq valuta mavqeyi bo‘yicha o‘rnatilgan limitlarga amal qilmaganligi uchun 3 ta bank chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Amaldagi qonunchilik va Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablariga rioya qilinmaganligi va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llandi.

1 ta mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvi natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jamiyatning kreditlash operatsiyalarini amalga oshirish faoliyati uch oy muddatga cheklandi.

Mavzuga oid