Qonun (O‘RQ–1132-son, 2026 yil 17 aprel) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, portativ lazerli nur tarqatgichlardan qonunga xilof ravishda foydalanish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilish bilan birga BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur qurilmalarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish yoki O‘zbekistondan olib chiqish holatlari uchun BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima va musodara chorasi belgilandi.
Portativ lazerli nur tarqatgichlarni noqonuniy ravishda o‘tkazish yoki O‘zbekistonga olib kirish holatlari esa huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilgan holda BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qonun bilan, shuningdek, mahalla huquq-tartibot maskanlari va tayanch punktlari faoliyatini takomillashtirish, ularda xizmat qiluvchi inspektorlarning vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ham kiritildi.










