O‘zbekiston | 21:25 / 27.01.2023
23325
2 daqiqa o‘qiladi

30 yanvardan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini onlayn almashtirish mumkin

Bunda YaIDXP (my.gov.uz) orqali ariza berib, guvohnomani yangisiga almashtirish mumkin. Yangi guvohnoma aytilgan manzilga yetkaziladi.

Endilikda DXM va ichki ishlar organlariga borish, rasmga tushish, bir nechta hujjatga imzo qo‘yish shart emas. Yangilangan guvohnomani pochta xizmati buyurtmachining uyiga yetkazib beradi.

Guvohnomani yangisiga onlayn almashtirish uchun my.gov.uz orqali buyurtma beriladi. Buyurtmada:

  • bo‘sh qatorlar o‘zingizga tegishli shaxsiy ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi;
  • tegishli bandlar tanlanadi;
  • yangi haydovchilik guvohnomasi yetkazib beriladigan manzil ko‘rsatiladi;
  • mobil telefon yoki kompyuter orqali shaxsiy imzo qo‘yiladi;

So‘nggi qadamda invoys shakllanadi va BHMning 70 foizi (210 000 so‘m) miqdorida hamda pochta xizmati uchun 25 000 so‘m to‘lov amalga oshiriladi.

Markaz xodimi, kelib tushgan buyurtmani ko‘rib chiqib, chop etgan yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini pochta xizmatiga taqdim etadi. Pochta xizmati tomonidan ikki ish kunida manzil bo‘yicha borib, buyurtmachidan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va talonni olib, yangisini taqdim etadi.

Pochta xizmati esa eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini va talonini DXMga topshiradi.

Eski namunadagi barcha haydovchilik guvohnomasi va avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomani majburiy almashtirish muddati quyidagicha:

- 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilganlari – 2023 yil 31 martgacha;

- 2010 – 2012 yillarda berilganlari – 2023 yil 30 iyungacha;

- 2013 – 2015 yillarda berilganlari – 2023 yil 30 sentabrgacha;

- 2015 yildan keyin berilganlari – 2023 yil 31 dekabrgacha.

Ushbu muddatgacha almashtirilmagan guvohnomalar haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Mavzuga oid