Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina qurolli kuchlarida katta islohot: armiya korpuslari urush borishini o‘zgartira oladimi?
Ukraina armiyasida yillar davomida muhokama qilib kelingan jarayon amalga oshmoqda: qurolli kuchlarda yangi yirik tuzilmalar - armiya korpuslari tashkil etilmoqda. Bu o‘zgarishlar himoya va hujum operatsiyalari chog‘ida brigadalar va boshqa qismlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni yaxshilashni ko‘zlagan.
Foto: Ukraina 1-tank brigadasi
So‘nggi oylarda bir qancha tahlilchilar va komandirlar frontdagi qismlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish yetishmayotgani haqida shikoyat qilib, bu mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishda muvaffaqiyatsizliklarga olib kelayotganini ta’kidlashgan. Korpuslar joriy etilishi bu muammolarni hal etishga yordam berishi mumkin.
3 fevral kuni prezident Volodimir Zelenskiy va Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy ushbu strategik islohot haqida rasman e’lon qildi.
Bu o‘zgarishlar mohiyatini tushunish uchun harbiy fanga biroz chuqurroq nazar tashlash, shuningdek, harbiy tarixni esga olish lozim. Napoleon armiyasi tajribasi, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarida yaqin o‘tmishda bo‘lgan armiya korpuslari tuzilmasini o‘rganish bu borada ahamiyatli bo‘ladi.
Bundan tashqari, shunday harbiy birlashmalar Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi uzoq vaqtdan buyon faol ravishda qo‘llab kelinmoqda.
Hozirgi sharoitda armiya korpuslari qanday ahamiyat kasb etadi va Rossiya-Ukraina urushida ular qanday rol o‘ynashi mumkin? BBC bu borada tahliliy maqola e’lon qildi.
Armiya korpusi o‘zi nima?
Harbiy nazariyaga ko‘ra, armiya korpusi bir nechta diviziya (hozir Ukraina qurolli kuchlarida ular yo‘q) yoki brigadalardan iborat doimiy tuzilma hisoblanadi. Shuningdek, korpus tarkibiga razvedka, artilleriya, havo hujumidan himoya, injyenerlik bo‘linmalari, aloqa, logistika kabi qismlar ham kiradi.
Harbiy tuzilmalar shajarasida korpus diviziya (yoki brigada) va armiya hamda armiya guruhi o‘rtasida joylashadi.
Bu operativ-taktik darajadagi tuzilma bo‘lib, u taktik darajada (vzvod yoki batalyonlar darajasida) janglarni boshqarish vakolatiga ega emas, biroq strategik darajada – katta harbiy kampaniyalarni yoki butun urushni boshqarish bilan ham shug‘ullanmaydi.
Korpusning asosiy vazifasi — ma’lum bir hududda brigadalar va diviziyalar harakatlarini muvofiqlashtirish, ularni jang maydonidagi vaziyatdan kelib chiqib, resurslar bilan ta’minlashdir. Korpus tarkibiga ikkitadan beshtagacha brigada yoki diviziya kirishi mumkin, harbiy xizmatchilar soni esa 10 mingdan 50 minggacha yoki undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Bu ko‘rsatkich mamlakat, qo‘shin turi va qo‘yilgan vazifalarga bog‘liq.
Masalan, hozirgi zamonaviy Rossiya armiyasida korpuslar 15-30 ming askardan iborat bo‘lishi mumkin, biroq Rossiya-Ukraina urushi sharoitida ularning soni ancha qisqargan bo‘lishi ehtimol. Korpus qo‘mondonligi frontning ma’lum bir qismida 30 kilometrgacha bo‘lgan masofada jang olib borish uchun o‘z kuchlarini qayta taqsimlash va ularni zarur hududlarga yo‘naltirish imkoniyatiga ega.
Bundan tashqari, korpus tushunchasi ba’zan ma’lum bir harbiy qo‘shin turlariga (masalan, AQShning dengiz piyodalari korpusi) yoki katta harbiy tuzilmalar boshqaruv organlariga (shtablarga) nisbatan ham ishlatiladi.
Napoleondan AQShning 5-armiya korpusigacha
Tarixiy jihatdan armiya korpuslari yaratuvchisi sifatida Napoleon Bonapart tan olinadi. U XIX asr boshlarida o‘z armiyasini bir nechta doimiy korpuslarga bo‘lib, ularni o‘z kavaleriyasi, piyoda qo‘shinlari va artilleriyasi bilan ta’minladi. Bu korpuslar umumiy armiya strategiyasi doirasida mustaqil harakat qila olardi.
Korpus tizimi Napoleon armiyasini boshqarishni osonlashtirdi va uni ancha manyovrchan qildi. Bu, o‘z navbatida, fransuzlarning Napoleon urushlarining dastlabki bosqichlarida (masalan, Aushterlits jangida) g‘alaba qozonishida muhim rol o‘ynadi.
Keyinchalik korpuslar boshqa davlatlarda ham joriy etildi — Prussiyadan tortib to Amerika Qo‘shma Shtatlarigacha.
Korpus tuzilmalari Birinchi jahon urushida, ayniqsa, Sharqiy frontda keng qo‘llandi. Ikkinchi jahon urushida esa tank va motorlashtirilgan korpuslarning yuqori manyovrchanligi Germaniyaga 1939–1941 yillarda Polsha, Fransiya va sovet qo‘shinlari ustidan tezkor g‘alaba qozonish imkonini berdi.
Hozir ham korpuslar ko‘plab armiyalarda mavjud, biroq ular ancha ixcham va o‘zgargan shaklda faoliyat yuritmoqda.
Masalan, AQShning 5-armiya korpusi 2003 yilda Iroqdagi Amerika kuchlarining asosiy tayanch nuqtasi bo‘lgan va keyinchalik Afg‘onistonda faoliyat olib borgan. 2013 yilda uni tugatishadi, biroq 2020 yilda NATOning «sharqiy qanoti» Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga javob tariqasida korpusni qayta tikladi va uning «Kemp-Kostyushko» bazasini Polshaning Poznan shahrida joylashtirdi.
Hozirda AQSh armiyasida to‘rtta dala korpusi faoliyat yuritmoqda: 1- va 5-armiya korpuslari, 3-zirhli korpus va 18-desant korpusi.
Har qanday davrda va har qanday armiyada korpusning asosiy vazifasi katta harbiy operatsiyalar paytida brigada va diviziyalar o‘rtasida samarali muvofiqlashtiruvni ta’minlash, ularni yagona jangovar kuchga aylantirishdan iborat bo‘lgan.
Ukraina armiyasida korpuslar
Ukraina qurolli kuchlarida ham armiya korpuslari operativ-taktik tuzilmalar sifatida mavjud bo‘lgan.
Sovet ittifoqidan meros sifatida Ukrainaga «batalyon-polk-diviziya-korpus» shajarasiga ega bo‘lgan armiya tuzilmasi meros qolgan. 1990-yillar davomida Ukraina armiyasida to‘rtta armiya korpusi mavjud bo‘lgan.
Ularning aksariyati sobiq sovet armiyalaridan tashkil etilgan, ular yirik operativ birlashmalar bo‘lib, 100 mingdan ortiq askardan iborat bo‘lgan:
- 6-armiya korpusi — sovet ittifoqining 6-gvardiya tank armiyasi negizida tashkil etilgan bo‘lib, Ukraina janubi va sharqidagi bo‘linmalarni birlashtirgan;
- 8-armiya korpusi — Qizil Bayroqli 8-tank armiya negizida tashkil etilgan bo‘lib, Ukraina shimolidagi brigadalarni muvofiqlashtirgan;
- 13-armiya korpusi — 13-umumqo‘shin armiya negizida tashkil etilgan bo‘lib, g‘arbiy hududlardagi polk va brigadalarni birlashtirgan;
- 32-armiya korpusi — Qrimdagi Ukraina armiyasi bo‘linmalarini muvofiqlashtirgan.
Biroq, armiyani isloh qilish va qisqartirish jarayonida Ukraina bosqichma-bosqich korpuslardan va diviziyalar (15-20 ming askardan iborat taktik birliklar)dan voz kechdi.
2014 yilda Donbassda urush boshlangan paytda Ukraina armiyasi «batalyon-brigada» tuzilmasi bilan faoliyat olib borayotgandi.
Shunday qilib, korpuslar va diviziyalar o‘rniga armiyada eng yirik mustaqil taktik birlik – brigadalar bo‘lib qoldi. Ularning har biri odatda 3-5 ming askardan iborat.
«1990-yillarda Ukraina sovet armiyasi parchalarini qabul qildi. Uning asosiy tuzilmasi «polk-diviziya» bo‘lib, bu katta frontda jang olib borish uchun mo‘ljallangan og‘ir tuzilma edi», — deydi «Strategiya XXI» globalistika markazi xavfsizlik dasturlari rahbari, sobiq harbiy-dengizchi Pavel Lakiychuk BBCʼga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, armiya islohotlari paytida avval «brigada-korpus» tizimiga o‘tish amalga oshirilgan, bu o‘sha paytda oqlangan va ko‘plab Yevropa davlatlari armiyalari tuzilishiga mos kelgan.
«Biroq keyinchalik, armiyani asossiz qisqartirish jarayonida, harbiy-siyosiy rahbariyat korpus bo‘g‘inini armiya boshqaruv tizimidan chiqarib tashladi. Bu nazariy jihatdan tinchlik davrida hali to‘liq safarbar etilmagan armiya uchun qabul qilinsa bo‘ladi. Lekin korpus bo‘g‘ini harbiy vaqt tartibiga o‘tganda armiya tarkibiga kiritilishi kerak», — deya qo‘shimcha qiladi Lakiychuk.
Shu bilan birga, Donbassdagi janglar boshlanganida ham Ukraina armiyasida korpuslar tiklanmadi.
Ekspert taxminiga ko‘ra, bu qaror o‘sha paytdagi aksilterroristik operatsiya (ATO) faqat Ukraina sharqidagi hududlar bilan cheklangani uchun qabul qilinmagan bo‘lishi mumkin.
«Bundan ko‘ra, jangovar harakatlar zonasida vaqtinchalik operativ boshqaruv organlarini shakllantirishga ustuvorlik berildi. Bu vaziyat ATOni Birlashgan kuchlar operatsiyasiga aylantirganidan keyin ham o‘zgarmadi», — deydi Pavel Lakiychuk.
U aytgan vaqtinchalik organlar — ATO hududidagi beshta sektor bo‘lib, ular keyinchalik boshqa vaqtinchalik operativ-taktik birlashmalar bilan almashtirildi.
2022 yildagi to‘liq masshtabli urush boshlanganidan keyin ham shunday yondashuv saqlandi. Boshqaruv yuqori darajada vaqtinchalik organlar orqali amalga oshirildi: operativ-taktik va operativ-strategik qo‘shinlar guruhlari (OTQG va OSQG), ba’zan esa bundan ham kichik taktik guruhlar.
Natijada, Ukraina armiyasining tuzilmasi «batalyon-brigada-taktik guruh-OTQG-OSQG» shaklida saqlanib qoldi.
Bunday tizimda faqat batalyon va brigadalar doimiy tuzilmalar hisoblanadi. Taktik guruhlarda, operativ-taktik va operativ-strategik birlashmalarda ishlagan ofitserlar esa vaqtinchalik asosda faoliyat yuritadi — ular uchun bu asosiy lavozimdan xizmat safari sifatida qaraladi (ko‘p hollarda — Bosh shtabdan).
Kuzatuvchilar fikriga ko‘ra, bunday tizim kadrlar uzluksiz almashinishi sababli ish samaradorligini pasaytirishi mumkin.
«Front chizig‘i ming kilometrdan oshgan, armiya safi esa bir necha yuz mingga yetgan bir paytda, qo‘shinlar boshqaruv tizimini o‘zgartirish ortiqcha emas, balki shubhasiz zaruratga aylandi. Ukraina harbiy-siyosiy rahbariyati buni tushunishi uchun uch yil zarur bo‘lgani taassufli», — deydi Lakiychuk.
So‘nggi oylarda ko‘plab mutaxassislar va hatto jangovar bo‘linmalar komandirlari Ukraina armiyasining Donbassdagi muvaffaqiyatsizliklariga sifatli boshqaruv yo‘qligi sabab bo‘lganini ta’kidladi. Ko‘pincha bir-biriga yaqin joylashgan bo‘linmalar va hatto brigadalar o‘zaro yaxshi muvofiqlashtirilmagan, bu zaiflikdan esa Rossiya armiyasi foydalanmoqda: ular shunday nuqtalarni topib, hujum qilib, mudofaa chiziqlarini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Shuning uchun anchadan beri muhokama qilinayotgan korpuslar joriy qilinishi hamkorlikni yaxshilash uchun ehtimoliy yechimlardan biri bo‘lishi mumkin.
Armiya korpuslari tiklanishi
BBC ukrain xizmati ma’lumotiga ko‘ra, brigadalar boshqaruvini yaxshilash uchun doimiy korpuslar joriy etish taklifi ilk bor 2022 yilda Ukraina armiyasi sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy tomonidan ilgari surilgan.
Biroq, o‘sha paytda bu taklif mamlakat rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan.
«Ukrainform» nashrining Ukraina qurolli kuchlaridagi manbalari 2024 yil noyabrida korpusli tuzilmaga o‘tish haqida gapira boshlagan.
Rasman esa bu haqda 2025 yil 3 fevralda prezident Volodimir Zelenskiy va bosh qo‘mondon Oleksandr Sirskiy e’lon qildi.
Keyinchalik, Sirskiy bosh qo‘mondon sifatidagi lavozimiga tayinlanganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan yo‘llagan bayonotida armiya korpuslarini shakllantirish amaliyotda boshlanganini tasdiqladi.
«Garchi bu islohotni to‘g‘ridan to‘g‘ri janglar paytida amalga oshirishga to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa-da, biz aniq va ishonch bilan shu yo‘ldan ketyapmiz. Kelajakda korpusli tuzilmani to‘liq shakllantiramiz», — dedi Sirsikiy.
Islohotga oid boshqa rasmiy tafsilotlar hozircha oshkor etilmagan.
Biroq, bir qator OAV va jurnalistlar, jumladan, harbiy muxbir va «Censor.net» nashri muharriri Yuriy Butusov hamda Defense Express ma’lumotlariga ko‘ra, armiya korpuslari tarkibida 4-5 ta brigada, muhandislik bo‘linmalari, artilleriya, havo hujumidan himoya tizimlari va boshqa yordamchi qismlar bo‘ladi.

Hozirda Ukraina armiyasining bir brigadasi taxminan 5 ming askardan iborat ekanini hisobga olsak, bir armiya korpusi 15-20 ming harbiydan tashkil topishi mumkin.
Biroq, ko‘plab brigadalar shaxsiy tarkib bo‘yicha to‘liq komplektlanmaganini ham inobatga olish kerak.
Umuman olganda, Ukraina armiyasida 20 ta korpus tuzish rejalashtirilgan. Bu hozir mavjud va yangi shakllangan brigadalar soniga mos keladi, ularning umumiy soni 100 dan oshadi.
Sergiy Zgurets ma’lumotiga ko‘ra, har bir armiya korpusining javobgarlik zonasi 30 kilometrdan 100 kilometr kenglikkacha bo‘lishi mumkin. Bu uchastkaning murakkabligi va bo‘linmalar resurslariga bog‘liq bo‘ladi.
Bu jang maydonining umumiy uzunligi 1200 km bo‘lgan Rossiya-Ukraina urushi voqeligi bilan solishtirganda, juda mutanosibdir. Demak, yigirmaga yaqin har bir korpus o‘rtacha 60 km hudud uchun mas’ul bo‘ladi.
Biroq, Yuriy Butusov ayrim korpuslar faol janglar yuz berayotgan hududlarda emas, masalan, Belarus bilan chegarada joylashishi yoki rotatsiya uchun zaxira sifatida saqlanishini taxmin qilmoqda.
Shuningdek, u yangi korpuslar taktik guruhlarning o‘rnini egallashi, operativ-taktik qo‘shinlar guruhlari esa armiya tuzilmasidan chiqarilishi mumkinligini aytmoqda.
Demak, Ukraina armiyasining «korpusli» islohotdan keyingi yangi tuzilmasi quyidagicha ko‘rinishga keladi: «batalyon-brigada-korpus-OSQG».
Yangi korpuslar va ularning ehtimoliy qo‘mondonlari
Ukraina armiyasida yangi korpuslar shakllantirish jarayoni boshlandi. Ular eng jangovar brigadalar asosida tuziladi.
Sergiy Zgurets ma’lumotiga ko‘ra, o‘zgarishlar 3-alohida shturm brigadasidan boshlanadi.
KyivPost nashriga ko‘ra, ushbu brigada bazasida 3-armiya korpusi tashkil etiladi. Unga hozirgi 3-shturm brigadasi qo‘mondoni Andriy Beletskiy rahbarlik qilishi mumkin. Bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan, ammo inkor ham etilmagan.
Yuriy Butusov taxminiga ko‘ra, alohida korpus 92-shturm brigadasi asosida ham tashkil etilishi mumkin. Brigada rahbariyati hozircha bunday imkoniyatni tasdiqlamagan.
Shuningdek, havo-desant qo‘shinlarida ikki korpus, dengiz piyodalarda esa bir korpus tuzish rejalashtirilgan.
Milliy gvardiya tarkibida ham ikki yangi korpus paydo bo‘lishi mumkin. Jumladan, 12-korpus — «Azov» brigadasi bazasida, qo‘mondoni Denis «Redis» Prokopenko; 13-korpus — «Xartiya» brigadasi bazasida, qo‘mondoni Igor Obolenskiy boshchiligida. BBC ukrain xizmati manbalariga ko‘ra, «Xartiya» brigadasi bu rejalarni inkor etmagan.
Ukraina armiyasi manbalari rasmiy bayonotlar keyinroq berilishi mumkinligini aytgan. Bosh shtab esa hujjatlar maxfiylik grifiga ega ekanini ta’kidlagan.
Yuriy Butusov fikricha, yangi korpus qo‘mondonlari brigada va batalyonlarni kuchaytirish, korpus ichida rotatsiya o‘tkazish, brigadalarni qayta tayyorlash va ularning javobgarlik hududini uzaytirish yoki qisqartirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu qo‘mondonlarning jang mavjud bo‘lgan hududlar uchun aniq mas’ulligini oshiradi, qo‘l ostidagi qo‘shindan ortiqcha ma’qullovlarsiz tezda tasarruf etish imkoniyatini yaratadi.
Prezident Volodimir Zelenskiy ta’kidlaganidek, yangi korpuslarga eng istiqbolli, jangovar tajribaga ega va zamonaviy fikrlaydigan ofitserlar rahbar etib tayinlanishi kerak.
Biroq harbiy tahlilchilar brigada qo‘mondonlarini keskin ravishda korpus qo‘mondoni lavozimiga tayinlash xatarlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Eng yaxshi brigada qo‘mondoni yangi vazifada ham samarali rahbarlik qila olishini kafolatlab bo‘lmaydi. Chunki korpus qo‘mondoni brigadalar, artilleriya, havo hujumidan mudofaa va boshqa qismlarni nazorat qilishi kerak bo‘ladi.
New Geopolitics Research Network direktori Mixail Samusning fikricha, korpus qo‘mondoni atrofida tajribali shtab bo‘lishi kerak.
«Agar u razvedka, radioelektron kurash, artilleriya va muhandislik bo‘yicha malakali ofitserlardan tashkil topgan shtabga ega bo‘lsa, muvaffaqiyatli brigada qo‘mondoni korpus qo‘mondoni sifatida ham muvaffaqiyat qozonishi mumkin», — deydi u.
Armiya korpuslari yana qanday foyda beradi?

Ukraina qurolli kuchlarida hozirda 5 ta korpus mavjud: 9, 10, 11 (2016 yilda tuzilgan zaxira korpusi), 7-desant-shturm korpusi va 30-dengiz piyoda korpusi.
Biroq, bu korpuslar asosan shtab vazifasini bajaradi va ko‘p hollarda o‘z tarkibidagi brigadalarni bevosita boshqarmaydi.
«Hozirgi besh korpusning hech biri o‘z brigadalari to‘plamiga bevosita rahbarlik qilmaydi. Masalan, korpus qo‘mondonligi ayrim operativ-taktik qo‘shinlar guruhini (OTQG) boshqarishi mumkin, ammo ular tarkibida o‘sha korpusga tegishli brigadalar emas, balki turli hududlarga tarqalgan qismlar joylashgan», — degan «Vernis jivim» fondi rahbari Taras Chmut.
Dengiz piyodalari korpusi misolida gapira turib u shunday qo‘shimcha qilgan: «Qo‘mondon o‘z korpusi bilan ishlash o‘rniga, TRO (hududiy mudofaa) brigadalari, mexanizatsiyalashgan brigadalar, tank batalyoni, qurolli kuchlar artilleriya divizioni, desant-shturm brigadasi va boshqa turli qismlar bilan ishlashga majbur bo‘ladi».
Yangi islohotlarning asosiy maqsadi armiya korpuslarini doimiy brigadalar to‘plami va aniq mas’uliyat hududiga ega qo‘mondonlikka aylantirish.
Bu islohotlar orqali vaqtinchalik biriktirilgan bo‘linmalarni kamaytirish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda frontdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun qisqa muddatli biriktirilgan qismlar samarasiz ishlashda davom etmoqda, ularning o‘zaro muvofiqligi past va tezda yo‘qotishlarga uchraydi.
Qo‘mondonlik tizimini yaxshilashda esa yangi korpuslar o‘zining aniq tarkibidagi bo‘linmalarni nazorat qilish orqali samarali ishlaydi.
OTQG (operativ-taktik qo‘shinlar guruhlari)dan voz kechish — bu guruhlar hozirgacha katta hududlar bo‘ylab bir nechta qismlarni boshqargan, ammo bu har doim ham samarali bo‘lib chiqmayapti. Yangi korpuslar hududiy asosda shakllantirilib, aniq bir maydonda mas’uliyatni oladi.
Bundan tashqari, tahlilchilar qayd etishicha, Rossiya armiyasi korpus tizimidan foydalanmoqda va bu ularga katta natija bermoqda. Shuning uchun Ukraina qurolli kuchlarida korpus islohoti strategik jihatdan muhim qaror hisoblanadi.
Yuriy Butusov ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi 2022 yil oxiridan buyon korpus asosida tuzilgan harbiy tuzilma bilan harakat qilmoqda. Ularning hozirgi strukturasi «polk-brigada-diviziya-korpus-armiya» ko‘rinishida va bu boshqaruv tizimida ularga ustunlik beradi.
Shuningdek, yangi korpuslar taktik darajada yuqori qo‘mondonlikning haddan tashqari aralashuvini (bosh shtab mikromenejmenti) kamaytirish uchun yaratilmoqda.
«Korpuslar joriy etilishi orqali korpus qo‘mondonidan yuqori darajadagi rahbarlar taktik jarayonlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashish huquqiga ega bo‘lmasligi ta’minlanadi», — deydi Butusov.
Pavel Lakiychuk BBCʼga bergan intervyusida, korpus tizimi haqiqiy resurslar bilan ta’minlansa va ularga to‘liq vakolat berilsa, Ukraina armiyasining modernizatsiyasi muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Ammo, agar bu faqatgina OTQG (vaqtinchalik harbiy boshqaruv organlari) vakolatlarini korpus shtablariga formal ravishda o‘tkazish bilan cheklansa, u holda bu islohot kutilgan natija bermaydi.
Shu bilan birga, Ukraina armiyasida diviziyalar tizimini tiklash bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda. Biroq, Lakiychukning fikricha, korpus tizimiga o‘tish sharoitida bu masala ikkinchi darajali ahamiyatga ega.
«Korpuslar qanday tarkibda — diviziyalar, brigadalar yoki polklar asosida — tuzilishi unchalik muhim emas. Eng asosiysi, bu tuzilmalar tarkibi vazifalarga moslashtiriladigan, samarali va ixcham bo‘lishi kerak. Byurokratik yo‘l bilan haddan tashqari rasmiylashtirilgan va o‘zgarmas tizim yaratish islohotni yo‘qqa chiqarishi mumkin», — deydi Lakiychuk.
Ekspertlar yangi korpuslar shakllanishi va ularning samaradorligi bir necha oy vaqt talab qilishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Ammo agar hammasi to‘g‘ri joriy etilsa, bu Ukraina armiyasi uchun strategik muvaffaqiyat bo‘ladi va brigadalar o‘rtasida muvofiqlashuvni kuchaytirib, armiyaning umumiy samaradorligini oshiradi.
Bu XIX asrdan beri armiya korpuslarining asosiy afzalligi bo‘lib kelgan.
Mavzuga oid
14:20
Ukraina “Lukoyl”ning burg‘ilash qurilmalari yo‘q qilinganini ma’lum qildi
10:18
Zelenskiy Yevropani Kiyevga havo mudofaasi uchun raketalar berishga chaqirdi
11:34 / 10.01.2026
Volgograd viloyatida dron hujumidan so‘ng neft bazasi yonmoqda
09:50 / 10.01.2026