Jahon | 10:21 / 01.02.2021
41385
9 daqiqa o‘qiladi

Myanmadagi harbiy to‘ntarish: Aung San Suu Ki hibsda, mobil aloqa va internet o‘chirib qo‘yilgan

Myanma harbiylari mamlakat poytaxtida nazorat o‘rnatishdi. 1 fevral tongida Myanmadagi hukmron «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi yetakchisi, davlat maslahatchisi va amaldagi davlat rahbari Aung San Suu Ki, Myanma prezidenti Vin Min va boshqa siyosiy yetakchilar qo‘lga olindi.

Foto: Reuters

Mamlakatda bir yil muddatga favqulodda holat joriy etildi.

Birinchi vitse-prezident Mint Shve tomonidan imzolangan va harbiylar tasarrufidagi Myawady TV telekanalida e'lon qilingan bayonotga ko‘ra, harbiylar general Min Aung Hlaingni vaqtinchalik prezident etib tayinlagan. Sobiq general U Mint Sve esa Demokratiya uchun milliy liga rahbarligidagi hukumatda Qurolli Kuchlarga vakillik qilish uchun harbiylar tomonidan vitse-prezident deb e'lon qilindi.

«Mamlakat qonunchilik, ma'muriy va sud vakolatlari 2008 yilgi Konstitutsiyaning 418-moddasiga muvofiq Qurolli Kuchlar bosh qo‘mondoniga o‘tkaziladi, saylovdagi qonun buzilishlariga qarshi choralar ko‘rilmagunicha, mamlakat harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi», deyiladi bayonotda.

Aung San Suu Kihibsga olinishidan oldin yozgan maktubida o‘z tarafdorlarini bo‘layotgan o‘zgarishlarni «qabul qilmaslik»ka va «davlat to‘ntarishiga qarshi namoyish o‘tkazish»ga chaqirgan.

Qo‘lga olinganlar orasida partiya Markaziy ijroiya qo‘mitasi a'zolari, deputatlar va hukumat a'zolari bor. Associated Press agentligi ma'lumotiga ko‘ra, Aung San Suu Ki uy qamog‘ida saqlanmoqda.

So‘nggi oylarda mamlakat rahbariyati va armiya rahbariyati o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan yil noyabr oyida o‘tkazilgan parlament saylovlari natijalari tufayli keskin yomonlashgandi.

Davlat to‘ntarishiga nima sabab bo‘ldi?

Noyabrdagi saylovlarda Aung San Suu Ki rahbarligidagi «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi parlamentdagi o‘rinlarning 83 foizini (476ta o‘rindan 396tasi) qo‘lga kiritib, g‘alaba qozongandi. Bu partiyaga yana besh yilga hukumatni shakllantirish imkoniyatini bergandi. Bu natijani ko‘pchilik fuqarolik jamiyatining amalda Aung San Suu Ki boshqaruvidagi hukumatga ishonch (farzandlari xorijiy davlat fuqarolari bo‘lgani uchun uning o‘zi prezident lavozimini egallay olmaydi) sifatida qabul qilishgandi.

Bu 2011 yilda mamlakatda harbiy diktaturaga chek qo‘yilgach o‘tkazilgan ikkinchi umummilliy saylovlar bo‘lgandi. O‘shanda Myanmada demokratik islohotlar boshlangandi.

Saylovda harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Birdamlik va ittifoq taraqqiyoti partiyasi esa 33ta o‘ringa ega bo‘lgan. Harbiylar natijalarni soxtalashtirish holatlaridan shikoyat qildi va Oliy sudda natijalar yuzasidan bahslashdi, Markaziy saylov komissiyasi esa firibgarlik dalillarini qayd etmadi.

29 yanvarda Irrawaddy nashri hukumat va qurolli kuchlar vakillarining siyosiy inqirozga barham berishga qaratilgan uchrashuvi besamar yakunlanganini ma'lum qilgan. 

O‘tgan haftada Myanma qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Min Aung Hlaing agar qonunlar ijrosi amalga oshirilmasa, konstitutsiyani bekor qilish bilan tahdid qilgach, harbiy to‘ntarish ro‘y berishi haqida gapira boshlashdi. O‘shanda harbiylar bosh qo‘mondon davlat to‘ntarishi uyushtirish bilan tahdid qilayotganini inkor qilishgandi. 30 yanvarda Myawady nashrida harbiylarning qurolli kuchlar qo‘mondonining davlat to‘ntaruvi haqidagi gaplari noto‘g‘ri talqin qilingani haqidagi bayonoti e'lon qilingandi.

Myanma 2011 yildagi demokratik islohotlarga qadar ham 1962 yildan buyon harbiylar nazoratida edi.

«O‘nlab yillar mobaynida Myanmani boshqargan harbiy xunta hech qachon hokimiyatdan ketmagan. Ular hech qachon fuqarolik hukumatiga bo‘ysunmagan, shunday ekan, hozirda hamisha mavjud bo‘lgan siyosiy reallik yuzaga chiqdi», deydi Human Righs Watch vakili Jon Sifton.

«Butunlay boshqacha kelajak tomon eshiklar ochildi. Menda shunday tasavvur hosil bo‘ldiki, buyog‘iga voqealar qanday rivojlanishini hech kim nazorat qila olmaydi. Unutmangki, Myanma - qurolli mojarolar girdobida qolgan, etnik va diniy jihatdan bo‘lingan, millionlab odamlar zo‘rg‘a kun kechirayotgan mamlakatdir», deydi yangonlik tarixchi va yozuvchi Tan Min-U.

«Xavfli yo‘l»
BBC korrespondenti Jonatan Hedning tahlili
Demak, bu rasman: Myanma qurolli kuchlari davlat to‘ntarishi sodir etilganini tasdiqlashdi - 1962 yildan buyon birinchisi. Shunday qilib, shanba kuni mamlakat konstitutsiyasiga amal qilishga chaqirganlarning o‘zi konstitutsiyani buzishdi.

Harbiylar va fuqarolik hukumati o‘rtasidagi ziddiyat sabablari ko‘pchilikka azaldan ma'lum. Harbiylarni ifoda etuvchi partiya o‘tgan yil noyabridagi saylovlarda juda yomon natija ko‘rsatdi, «Demokratiya uchun milliy liga» esa 2015 yilgi muvaffaqiyatidan ham yuqoriroq natijaga erishdi.

Davlat to‘ntarishi uchun tanlangan vaqtni ham oddiy izohlash mumkin. 1 fevralda parlamentning yangi tarkibining birinchi yig‘ilishi o‘tishi, shu hafta davomida parlament sessiyasi yangi hukumat tarkibini tasdiqlashi kerak edi. Endi bunday bo‘lmaydi.

Harbiylarning kelgusi rejalarini esa aniq aytish mushkul. Ular o‘zlari mamlakatni boshqarish uchun ajratgan bir yil davomida nima qilishmoqchi? Jamoatchilikning bu davlat to‘ntarishiga munosabati keskin bo‘ladi. Saylovchilarning 70 foizi noyabrdagi saylovlarda Covid-19 epidemiyasiga qaramasdan Aung San Suu Kini qo‘llab-quvvatlash uchun saylov uchastkalariga kelishgandi.

Aung San Suu Kining tarafdorlari qaysar va hatto qurol o‘qtalganda ham harbiylar bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lishlari dargumon. Uning ittifoqchisi, Myanma prezidenti Vin Min favqulodda holat joriy etish va bekor qilishga konstitutsion huquqi bo‘lgan yagona odam edi, ammo u Aung San Suu Ki bilan birga qo‘lga olindi.

Ayni vaqtda harbiylarning harakati mulohazasi harakatdek ko‘rinmoqda va Myanmani juda xavfli yo‘l tomon olib ketmoqda.

Mamlakatdagi ayni vaziyat

Ayni vaqtda yirik shaharlarda mobil aloqa va telefon liniyalari ishida nosozliklar kuzatilmoqda. MRTV davlat telekanali ham boshqa mahalliy telekompaniyalar kabi texnik murakkabliklar tufayli efirga chiqa olmayapti.

BBC World News va boshqa xorijiy telekanallar bloklab qo‘yilgan.

Mamlakat poytaxti Neypidodagi vaziyatni xolis baholashning imkoni yo‘q.

Mamlakatning eng yirik shahri, sobiq poytaxt Yangonda ham telefon va mobil aloqa jiddiy darajada cheklangan, ko‘plab telefon provayderlari xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan.

Yangon aholisi tez orada naqd pul taqchilligi yuzaga kelishi haqidagi xabarlar fonida bankomatlar oldida navbatlar hosil qilishgan. Myanma banklar assotsiatsiyasi bank vaqtincha barcha moliyaviy operatsiyalarni to‘xtatganini ma'lum qilgan.

Ko‘plab xorijiy yetakchilar, shu jumladan, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Avstraliya tashqi ishlar vaziri Maris Peyn Myanmadagi vaziyatdan xavotir bildirib, harbiylarni zudlik bilan Aung San Suu Ki va boshqa yuqori lavozimli amaldorlarni ozod qilishga chaqirgan. 

«AQSh Myanma harbiylari hukumatning bir nechta yetakchilarini, shu jumladan, davlat maslahatchisi Aung San Suu Kini qo‘lga olgani haqidagi xabarlar yuzasidan jiddiy xavotir va tashvish bildiradi… Biz Myanma harbiy yetakchilarini hukumatning barcha rasmiy shaxslarini va fuqarolik jamiyati yetakchilarini ozod etib, Myanma xalqining 8 noyabrdagi demokratik saylovlarda bildirgan xohish-istagini hurmat qilishga chaqiramiz», deyiladi Blinkenning Davlat departamenti tomonidan tarqatilgan bayonotida.

«Biz harbiylarni qonun ustuvorligini hurmat qilishga, bahslarni qonuniy mexanizmlar orqali hal qilishga hamda noqonuniy ravishda qo‘lga olingan barcha yetakchilar va boshqa shaxslarni zudlik bilan ozod qilishga chaqiramiz», degan Peyn. U Avstraliya «2020 yil noyabridagi umumiy saylovlar natijalariga muvofiq Milliy majlisning tinch chaqirig‘ini» qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlagan.

Aung San Suu Ki 1991 yilda, qamoqdaligida tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. U harbiy diktaturaga qarshi chiqib, demokratiya uchun kurashgan va 1988 yildan boshlab turli ayblovlar bo‘yicha jami 15 yilni qamoqda o‘tkazgan. Uni 2010 yilga kelib ozod qilishgan. 2020 yil noyabrida uning partiyasi parlamentdagi 476 o‘rindan 396tasiga ega chiqqan, harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan partiya esa 33 o‘rinni qo‘lga kiritgan.

So‘nggi yillarda Aung San Suu Ki harbiylar tomonidan musulmon rohingyalarga qarshi uyushtirilgan qatag‘onlarni qo‘llagandi. Xalqaro hamjamiyat mamlakatdagi bunday harakatlarni genotsid deb baholagan. Bu esa uning inson huquqlari himoyachisi sifatidagi xalqaro mavqeyiga jiddiy putur yetkazgan.

Shu bilan birgalikda, asosiy qismi buddizmga e'tiqod qiladigan myanmaliklar orasida Aung San Suu Kining pozitsiyasi mamnuniyat bilan qarshilangan.

Mavzuga oid