O‘zbekiston | 18:39 / 25.11.2025
13406
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahridagi tashkilotlar ko‘chiriladi, 700 dan ortiq ko‘p qavatli uy quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi davomida shahar qiyofasini o‘zgartirish va Urgut tumani markaziga aloqador bir qator yirik loyihalarni e’lon qildi.

Foto: LiveJournal

Prezident Shavkat Mirziyoyev Urgut markaziga “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini olib kirib, eng zamonaviy va ko‘rkam shaharlardan biriga aylantirish bo‘yicha alohida qarorni imzoladi.

Tumanning «Quyi Kamangaron» mahallasidagi «Yangi O‘zbekiston» massiviga tutash hududdan 90 gektar qo‘shimcha joy ajratib, zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy eko-shahar barpo etilishi e’lon qilindi.

Yangi shaharda yo‘l, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa infratuzilma obektlarini qurish, tadbirkorlik loyihalari uchun 50 million dollar ajratiladi.

Yangi shaharning 3 gektar maydonida tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona ma’muriy markaz qurib beriladi. Ularning bo‘shagan binolari esa biznes uchun xususiy sektorga taklif qilinadi.

Shuningdek, Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanidagi 17,5 ming gektar hudud Samarqand shahriga qo‘shib beriladi. Buning hisobiga Samarqand shahri aholisi 604 mingdan 882 mingga yetadi.

Shu bois, aholisi va daromadi kundan-kunga o‘sib borayotgan Samarqand shahrida zamonaviy uy-joylarga bo‘lgan talabni ta’minlash uchun 3 ta yirik massiv tanlab olindi.

Jumladan, «Shirin» massivida 180 ming, «Temiryo‘l orti» hududida 100 ming, «Qorasuv-2» massivida 30 ming aholi uchun 700 dan ortiq zamonaviy ko‘p qavatli uy barpo etiladi.

Samarqand shahridagi 49 ta viloyat tashkiloti kelasi yil «Shirin» massiviga ko‘chadi. Shu yil oxirigacha bu massivni shahar markazi bilan bog‘lovchi «Qoradaryo» ustidan o‘tgan 577 metrli ko‘prik ishga tushiriladi. Ispaniyalik investorlar bilan xususiy sheriklik asosida ushbu 3 ta massivning kanalizatsiya tizimi yangilanadi.

Shaharda yuk transporti harakatini kamaytirish maqsadida Oqdaryo, Toyloq va Samarqand tumanidan o‘tuvchi magistral yo‘l bo‘yida 4 ta logistika markazi barpo etiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid