Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adabiyot - bo‘lmasin yot
“Hech to‘xtamasdan harakat qilub turg‘on vujudimizga, tanimizga suv-havo ne qadar zarur bo‘lsa, maishat yo‘lida har xil qora kirlar ila kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa — millat yashar”
A. Cho‘lpon
Ma'lumki, ming yillardan beri adabiyotimiz gumanizm — insonparvarlik, insonga muhabbat, ishonch g‘oyalarini kuylaydi. Hozirgi kunda adabiyotimiz xilma-xil va rang-barang. Yozuvchi xohlasa realistik, modernistik yo‘nalishda, xohlasa aruzda asar yozishi, folklor an'analarini adabiyotga olib kirishi, xohlasa bularning hammasini sintezida kitob yozishi mumkin. Lekin shunga qaramasdan bugungi adabiyot (asarlar)imizda insonparvarlik tuyg‘ulari bir oz bo‘shashib qolmayaptimikin?
Amerikalik mashhur yozuvchi Folknerdan so‘rashgan ekan: «Siz qaysi yo‘nalishda yozasiz?» Shunda U: «Men gumanizmda yozaman», — degan ekan. Aslida gumanizm degan metodning o‘zi yo‘q. Lekin u har bir metodning, yo‘nalishning ichida inson yonida turadigan yozuvchi bo‘lishi kerakligi haqida bong urmoqda. Ya'ni insonning insonligi, uning qalbi, manfaatlari tabiat qanday yaratgan bo‘lsa, shundayligicha qolishi to‘g‘risida, tabiiy tuyg‘ularini himoya qilish ma'nosida aytib o‘tgan.
To‘g‘ri, bugun adabiyotga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, sen unday, sen bunday yoz, deb bo‘lmaydi. Butun yer yuzida biznes qoidalari hukmronlik qila boshlaganidan beri, adabiyotga bozor iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan darajada shiddat bilan kirib kelgandan keyin, bizning milliy adabiyotimizga ham «tijoriy adabiyot», «ko‘cha adabiyoti» kirib kela boshladi. Bugungi kunda aksar «asarlar»da insonni inson aylaydigan, uni yuksakka ko‘taradigan emas, balki insonning hayvoniy istaklarini qondirishga qaratilgan, o‘ch oluvchi, alamzada, g‘azabnok, qahru g‘azabga to‘lgan, atrofdagilardan norozi va boshqa jamiyatdagi turli voqea-hodisalarni inkor qiluvchi qahramonlar paydo bo‘lmoqda hamda ular «tijoriy adabiyot», «ko‘cha adabiyoti» kabi ko‘rinishlarda o‘quvchilarga taqdim etilmoqda. Ommaviy madaniyatning bir shakli, ko‘rinishi sifatida ommaviy adabiyotning kirib kelishi, insonparvarlik, insonsevarlik g‘oyalarini susaytiradi.
Ayni paytda, yozuvchi, shoir, ma'rifatchilarimiz oldida qaysi asarni o‘qish, qaysinisidan sal chekinish, qaysi biridan qochish kerak, degan masala turibdi. Bu faqat adabiyotshunoslikning muammosi bo‘lib qolishi kerak emas, balki shu jamiyatda yashayotgan har bir insonning muhim insoniy vazifasiga aylanishi lozim. Shu qatori adabiyot o‘qituvchilari ham o‘quvchiga asar tanlashda kerakli mulohazalarni yetkazishi maqsadga muvofiq. Chunki o‘quvchi o‘qigan asaridan yangi fikr olishi, nimanidir o‘rganishi, o‘rganganlarini o‘z hayoti mobaynida qo‘llashi zarur. Adabiyot, badiiy asarning vazifalaridan biri ham mana shu.
Bugungi kunda yozilayotgan ayrim «asarlar» (agar «asar» deb bo‘lsa)ni ham «tijoriy adabiyot», «ko‘cha adabiyoti» kabilarning bir shakli deyishimiz mumkin. Bu «asarlar»ning maqsadi o‘quvchiga yangi fikr berish emas, balki ularga yengil hayotni o‘rgatish, xolos. Agar badiiy asar real hayotdan olinib, inson qalbini egallaydigan darajada qiziqarli, ezgu fazilatlarga chorlovchi hamda ma'no-mazmunga boy bo‘lsa, kitobxon uni o‘zi topib, zarur bo‘lsa, kitob do‘konlaridan sotib olib o‘qiydi. Shuning uchun ham har bir ijod ahli qalam tebratayotganda kitob do‘konlarini to‘ldiradigan, bezaydigan emas, balki tili sodda, ruhiyatni ko‘taradigan, ezgu g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan, umuman olganda, insonning intim tuyg‘ularini qo‘zg‘atuvchi asarlarni dunyoga keltirish haqida mulohaza qilishi muhim sanaladi. Zero, Respublikamizning Birinchi Prezidenti aytib o‘tganlaridek, «Chinakam kitobxonlik bor joydagina yuksak taraqqiyotga erishish mumkin».
Ko‘pincha, yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, deya noliymiz. Kitob o‘qish yoki o‘qimaslik o‘qituvchi, xususan, adabiyot o‘qituvchisining mahoratiga bog‘liq. Chunki kitob (badiiy asar) o‘qishga qiziqtirish o‘qituvchining mohirlik bilan o‘quvchilarni asar ichiga olib kirishida ko‘rinadi. Asar voqea-hodisalari, qahramonlarning o‘y-xayollari, hayot kechinmalari va boshqa jarayonlar ayni payt bilan taqqoslangan, va albatta, bugungi kun talabi bo‘lgan zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda tushuntirilsa, o‘quvchi ongida uzoq saqlanadi hamda kutilgan samarani beradi.
Islom Karimovning «Adabiyotga e'tibor — ma'naviyatga, kelajakka e'tibor» risolasida: «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, deb faqat nolib o‘tirmasdan, ana shu ta'sirchan zamonaviy axborot vositalari orqali adabiyotimizni keng targ‘ib etish, xususan, internet imkoniyatlaridan foydalanib, yetuk badiiy asarlarni yoshlarga yetkazish ustida ham jiddiy bosh qotirish zarur», — deya qayd etilgan. Shunday ekan, yoshlarni adabiyotga qiziqtirishning muhim omillaridan biri dars jarayoni va darsdan tashqari qo‘shimcha mashg‘ulotlarda AKTni qo‘llash hisoblanadi. Asar voqea-hodisalarini ma'ruza shaklida tinglashdan ko‘ra ko‘proq ko‘z bilan ko‘rib, ba'zi jarayonlar bevosita kompyuterda bajarilsa, o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan tushunchalar tez o‘zlashtiriladi hamda uni amalga joriy etish yengil kechadi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘quvchining badiiy asar mutolaasiga qiziqishi adabiyot faniga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘usidan boshlanadi. Shu tuyg‘uni uyg‘otish esa har bir adabiyot o‘qituvchisining eng asosiy vazifasiga aylanishi lozim.
Demak, adabiyot har bir shaxsning dunyoqarashi, so‘z boyligini oshiradi. Ularni yod g‘oyalarga qarshi kurashuvchi kuch sifatida tarbiyalaydi. Shu bilan birga, kitob o‘qish insonlarni empatiyaga — faqat o‘z xohish-istaklari va manfaatlarini o‘ylashdan voz kechib, umumiy maqsad yo‘lida birlashishga undaydi. Zero, kitob — qalbni yorituvchi oftob!
Inomjon Nishonov
Quvasoy shahar
26-umumiy o‘rta ta'lim maktabi
ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi
Mavzuga oid
18:19 / 13.02.2025
O‘zbekistonda kitob o‘qigan mahkumning jazo muddati qisqartirilishi mumkin
16:31 / 13.11.2024
Samanta Harvi kosmonavtlar haqidagi romani uchun Buker mukofotiga sazovor bo‘ldi
10:38 / 29.09.2024
«Barcha erishganlarimiz kitob ortidan» – kitob o‘qib Spark yutgan yosh oila
14:44 / 20.06.2024