O‘zbekiston | 12:52 / 27.02.2021
2765
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 35ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etiladi

Viloyatlardagi shahar va tumanlarni qamrab olgan holda, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tarkibida 35ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini tashkil etish taklif etilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Tuman va shahar tibbiyot birlashmalari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatda aytilishicha, qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklaridan o‘lim darajasi yuqoriligicha qolib, 56,2 foizni tashkil etadi (har 100 ming kishiga yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etganlar soni - 375 nafar, Rossiyada – 834, Ukrainada – 1038 nafar). Yurak qon-tomir kasalliklari O‘zbekiston aholisining nogironligi sabablari orasida birinchi o‘rinni egallaydi va nogironlik ulushi 25 foizdan oshadi.

Ta'kidlanishicha, 2016-2020 yillar davomida birgina Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining viloyat filiallariga yo‘l-transport hodisalari yuzasidan jami 69 612ta murojaatlar bo‘lgan.

O‘zbekistonda insult bilan kasallanish yiliga 40 mingdan oshadi. Toshkent shahrida har kuni insultga chalingan 18-20 nafar bemor kasalxonalarga yotqiziladi. Hozirgi vaqtda insult tashxisi va ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan “terapevtik deraza”dan yoki “oltin soat”dan kechikib kelmoqda, bu turli xil etiologiyali qon-tomir kasalliklarining murakkab shakllari bilan kelayotgan bemorlar soni ko‘payishiga olib keladi.

Hujjatda aytilishicha, koronar aralashuvlar paytida (koronaroangioplastika) o‘tkir koronar sindrom (OKS) bo‘lgan bemorlarda “oltin soat” tamoyiliga ko‘ra, miokard ishemiyasi rivojlanishining oldini olish yoki sezilarli darajada kamaytirish mumkin, bu nafaqat o‘limni kamaytiradi, balki ushbu og‘ir toifadagi bemorlarning hayot sifatini yaxshilaydi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi 5 yil ichida o‘tkir koronar sindrom (OKS) bilan og‘rigan bemorlar soni 1,5 martadan ko‘proq oshgan.

Qo‘shma shikastlanishlar va yurak qon-tomir kasalliklaridan o‘lim va nogironlikni kamaytirish uchun tibbiy yordam bosqichlarida uzluksizlikni yaxshilash, “oltin soat”ni hisobga olgan holda bemorlarning qo‘shni hududlardan o‘z vaqtida kelishini tashkil qilish va respublika bosh tibbiy tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikda viloyatlardagi shahar va tumanlarni qamrab olgan holda, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tarkibida 35ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini tashkil etish taklif etilmoqda.

Loyihada quyidagilar ko‘zda tutilgan:

xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga yangi tashkil etilgan markazlarni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash;

tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida xirurg, travmatolog, neyroxirurg, anesteziolog-reanimatolog, MSKT/rentgenolog, nevrolog, nefrolog, laborant shifokor, o‘rta va kichik tibbiy xodimlar kun-u tun postlarini tashkil qilish.

Shuningdek, ushbu markazlarda o‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi bor bemorlarga gemodializ xizmatini ko‘rsatish uchun dializ apparatlari va unga mos ravishda boshqa sarflov vositalari xarid qilinib, respublikadagi gemodializ muolajasiga muhtoj bemorlar tibbiy xizmat bilan bepul qamrab olinadi.

Umumiy hisobda tumanlararo markazlarni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 37,7 mln AQSh dollari, gemodializ muolajasiga muhtoj bemorlarga dializ apparatlari va unga mos ravishda boshqa sarflov vositalarini xarid qilish uchun 137,7 mlrd so‘m talab qilinadi. Mutaxassis postlarni tashkil etish uchun yiliga 71,7 mlrd so‘m mablag‘ sarflanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid