Antonov ko‘prigining ko‘rinishi. Foto: WIKIPEDIA/UAQUANTUM 

Ukrain harbiylari o‘tgan haftada Antonov ko‘prigini o‘qqa tutishdi - bu Rossiya armiyasi tomonidan bosib olingan Xerson oblasti hududidan o‘tgan Dnepr daryosining o‘ng va chap sohilini bog‘lovchi strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘prikdir. Agar ko‘prik vayron qilinsa, Xersondagi rossiyaliklar guruhi aloqa va ta’minotsiz qoladi. Kiyev Moskvaga navbatdagi «ezgu niyat qadami»ni tashlagan holda shahardan chekinish kerakligiga ishora etmoqda. Ammo Xerson oblastidagi asosiy ko‘priklarni shunchaki yo‘q qilish osonmi va Ukraina qurolli kuchlari shunday yo‘l tutishi mumkinmi?

Rossiya armiyasining Qrimdan Xerson oblastiga yorib kirishi Ukrainadagi «blitskrig»ga urinishdagi yagona muvaffaqiyat bo‘lgandi. RF qurolli kuchlarining shturmchi otryadlari urushning ilk kunlaridayoq yarimoroldan Dneprning o‘ng sohiligacha yetib kelishgan va Xersonni egallashgandi.

O‘shanda bu muvaffaqiyatning asosiy omili Dnepr daryosidek tabiiy suv to‘sig‘i mavjud bo‘lgan holatda hujum amaliyotlari tezligi uchun strategik ahamiyat kasb etuvchi asosiy ko‘priklar ustidan nazorat o‘rnatish bo‘lgandi.

Garchi keyinroq Mikolayiv tomon yurishlarni ukrain armiyasi to‘xtata olgan va hatto rossiyalik harbiylarni ortga chekintirgan bo‘lsa-da, rossiyaliklar Dneprning o‘ng sohilidagi platsdarmni hamon saqlab qolishmoqda.

Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastidagi asosiy ko‘priklarga zarbalar bera boshlagach, Rossiyaning bu hududdagi guruhi taqdiri tobora ko‘p savollar tug‘dirmoqda.

Portlatilmagan Antonov ko‘prigi va boshqa kechuvlar

Xerson oblastida Dnepr orqali o‘tadigan uchta asosiy kechuv bor: Xerson yaqinidagi Antonov avtomobil ko‘prigi (yoki shunchaki «Antonov ko‘prigi»), undan 6 km shimoldagi Antonov temiryo‘l ko‘prigi, shuningdek Nova Kaxovkadagi Kaxovka suv ombori dambasi - bu Xersondan 70 km shimolda.

Aynan Antonov ko‘prigi eng asosiysi hisoblanadi - u Xersonga eng yaqin joylashgan o‘tish yo‘lidir.

Bu ko‘prik 1985 yilda qurilgan, 31 ta tayanch ustuni bor, yo‘l kengligi 25 m, uzunligi - 1366 m. Ko‘prik Dnepr va uning chap irmog‘i Konka ustidan o‘tadi.