Jahon | 23:14 / 03.11.2025
5438
4 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya va Xitoy yadro qurollarini sinayapti. Faqat, ular buni gapirmaydi» – Tramp

Donald Tramp – Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya yadro bombalarini portlatish orqali, yashirin sinovlar o‘tkazayotganini aytdi. «Bizda dunyoni 150 marta portlatishga yetadigan yadro qurollari bor. Ular qanday ishlashini bilish uchun biz ham sinaymiz», dedi AQSh yetakchisi. Trampga ko‘ra, Putin va Si «ob-havo haqida gapiradiganlardan» emas, balki jiddiy odamlar.

Foto: White House

AQSh prezidenti Donald Tramp CBS News telekanalining «60 daqiqa» dasturiga bergan intervyusida nima uchun yadro qurollarini sinovdan o‘tkazmoqchi ekani haqida gapirdi.

Tramp, 30 oktabr kuni Xitoy raisi Si Jinping bilan uchrashuv oldidan «urush departamentiga yadro qurollari sinovini boshlashni buyurgani»ni yozgandi. Jurnalist undan nimani nazarda tutganini so‘radi:

«Men yadrosizlanish haqida biror narsa qilish kerak, deb hisoblayman. Bu masalani men aslida prezident Putin va Si bilan ham muhokama qilganman. Yadrosizlanish — juda muhim masala. Bizda dunyoni 150 marta portlatishga yetadigan yadro qurollari bor. Rossiyada ham ko‘p, Xitoyda esa hozircha kamroq, lekin ularda ham ancha bor.

Yadro qurollari qanday ishlashini bilish uchun sinov kerak. Shuning uchun ham biz ham boshqa davlatlar singari yadro sinovlarini o‘tkazamiz», dedi Tramp.

Jurnalist unga Shimoliy Koreyadan boshqa davlatlar, xususan Rossiya va Xitoy yadro qurolini portlatib sinov qilmayotganini aytdi. Trampga ko‘ra, unday emas:

«Rossiya sinov o‘tkazyapti, Xitoy ham. Ular bu haqida gapirmaydi, xolos. Biz esa ochiq jamiyatmiz. Bizda jurnalistlar bor, ular bu haqida yozadi. Ular esa yo‘q. Shuning uchun biz bu haqida ochiq gapirishimiz kerak.

Biz sinov o‘tkazamiz, chunki ular ham o‘tkazyapti. Albatta, Shimoliy Koreya sinov o‘tkazyapti. Pokiston ham sinov o‘tkazgan.

Ular sizga bu haqida aytmaydi, xolos. Dunyoda katta, sinovlar ko‘pincha yer ostida o‘tkaziladi, shuning uchun hamma ularni sezmaydi. Ba’zan faqat ozgina silkinish seziladi, xolos. Rossiya yaqinda «boshqa darajadagi sinovlar» o‘tkazishini aytib, bizga biroz tahdid qildi.

Rossiya sinov o‘tkazyapti, Xitoy ham o‘tkazyapti — biz ham shunday qilamiz. Axir bu mantiqan to‘g‘ri-ku? Siz yadro qurol yasaysiz, lekin uni sinovdan o‘tkazmasangiz, qanday qilib u ishlashini bilasiz? Albatta sinov o‘tkazish kerak», dedi AQSh yetakchisi.

Foto: CBS News

Trampning qo‘shimcha qilishicha, u birinchi prezidentligi davrida AQSh yadro arsenalini qayta qurgan va yangilagan.

«Buni qilish yoqimli emas, chunki ularning vayronkor kuchi haqida o‘ylashning o‘zi dahshatli. Ammo agar boshqalar bunday qurollarga ega bo‘lsa, biz ham ega bo‘lishimiz kerak. Agar bizda ular bo‘lsa, demak, sinov ham kerak — aks holda ularning ishlashiga ishonch bo‘lmaydi. Albatta, biz bu qurollardan hech qachon foydalanishni xohlamaymiz», dedi u.

Bundan tashqari Tramp yana urushlarni to‘xtatayotgani haqida gapira ketdi. keyin, u jurnalistning «kim bilan ishlash qiyinroq — Vladimir Putinmi yoki Si Jinping?» degan savoliga javob berdi.

«Ikkalasi ham qattiqqo‘l, ikkalasi ham aqlli. Ular kuchli rahbarlar. Bular bilan o‘yin qilib bo‘lmaydi. Ularni jiddiy qabul qilish kerak. Ular «Qarang, bugun havo naqadar chiroyli» deb yuradigan odamlar emas. Bu — jiddiy, kuchli, aqlli rahbarlar», deya hamkasblarini maqtab qo‘ydi Tramp.

Mavzuga oid