O‘zbekiston | 15:43 / 26.01.2022
8963
2 daqiqa o‘qiladi

Kechgacha issiqlik energiyasi, issiq va sovuq suv ham o‘z joyiga qaytadi – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi

Elektr uzilishi sabab 13 yarim mingta ko‘p xonadonli uyga issiqlik energiyasi yetkazib berish to‘xtagandi.

Foto: Kun.uz

Respublikada 25 yanvardagi elektr uzilishidan keyingi kommunal sohadagi uzilishlar haqida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Qurbon Tursunov ma’lumot berdi.

“Respublika bo‘yicha jami 501ta qozonxona faoliyat yuritib, bularning 224tasi Toshkent shahri aholisini issiqlik bilan ta’minlab kelayotgan edi. Elektr energiyasi tiklanganidan keyin sovuq suv ham tiklanishni boshladi va qozonxonalarimizni kechki 20:00dan keyin bosqichma-bosqich parametrga tushirishni boshladik. Issiqlik energiyasi sirkulyatsion yetkazib berilishini inobatga olib, ertalabki 4:00gacha parametrga chiqdik. Hozirgi kunda Toshkent shahridagi barcha qozonxonalar ishga tushirildi. 9030ta ko‘p qavatli uyning 9000tasi issiq suv bilan ta’minlangan. Avariya holati sabab 1 foiz iste’molchilarimiz issiq suvsiz turibdi. Buni kunning oxirigacha o‘z joyiga qo‘yamiz. Respublika bo‘yicha bugun kechqurun 18:00ga qadar issiqlik energiyasini ham, sovuq suvni ham joyiga qo‘yish vazifa qilib berilgan”, – dedi vazir o‘rinbosari Xalqaro press-klubning navbatdagi sonida.

Qurbon Tursunov elektr toki uzilganda liftda qolib ketish holatlari bo‘yicha ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida 5ta liftda qolib ketish holati bo‘lgan. Shuning 19tasi FVV bilan birgalikda bartaraf etilgan. Elektr energiyasi tiklangandan keyin liftlar oldingi faoliyatiga qaytgan.

Зуҳра Абдуҳалимова
Tayyorlagan Зуҳра Абдуҳалимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid