Jahon | 19:22 / 23.03.2026
9555
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Putinni migratsiyaning «asosiy harakatlantiruvchi kuchi» deb atadi

Yevropa Ittifoqining migratsiya bo‘yicha komissari Magnus Brunner so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti aslida Yevropaga migratsiyaning «eng katta harakatlantiruvchi kuchi» hisoblanadi.

Foto: AFP/Getty Images

So‘nggi 10 yil ichida Yevropaga migratsiya o‘sishining asosiy sababchisi Rossiya prezidenti Vladimir Putin, dedi Yevropa Ittifoqining migratsiya bo‘yicha komissari Magnus Brunner Financial Times nashriga bergan intervyusida.

«Yirik migratsiya oqimlarida har doim Putin ishtirok etadi. Bu har doim Vladimir Putin», dedi u.

Brunner o‘z bayonotining isboti sifatida Putin Suriya prezidenti Bashar Asadni mamlakatda 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushi davomida qo‘llab-quvvatlaganini aytdi. Suriyadagi urush, FT eslatganidek, 2015-2016 yillarda YeIda migratsiya inqirozini keltirib chiqardi. Ikki milliondan ortiq kishi Yevropadan boshpana so‘rab murojaat qilgan.

Brunnerning fikricha, Putin aybdor bo‘lgan ikkinchi migratsiya oqimi - ukrainalik qochqinlar. «Va bunda yana Putin ishtirok etdi», dedi yevropalik amaldor Rossiyaning Ukraina bilan katta urushini nazarda tutib. Taxminan 4,3 million ukrainalik Yevropa Ittifoqida vaqtinchalik himoya oldi.

Rossiya prezidenti, shuningdek, fevral oyi oxirida boshlangan Yaqin Sharqdagi urushda Eron hukumatini «qo‘llab-quvvatlamoqda», dedi Brunner.

«Shunday qilib, u [Vladimir Putin] aslida Yevropaga migratsiyaning eng katta harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi», deb hisoblamoqda Brunner. Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda «Erondan hech qanday [migratsiya] oqimi yo‘q, lekin hushyor bo‘lish kerak, chunki vaziyat har kuni o‘zgarishi mumkin».

Brunnerning qo‘shimcha qilishicha, YeI hozir bunga «10 yil oldingiga qaraganda ancha yaxshi tayyorlangan».

Yevropa Ittifoqining Boshpana agentligi (EUAA) hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Yevropa Ittifoqida boshpana so‘rovlari soni sezilarli darajada kamaygan. Yevropa Ittifoqining 27 davlati, shuningdek, Norvegiya, Shveytsariya, Islandiya va Lixtenshteynda jami 822 mingga yaqin qochqin ariza topshirgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 19 foizga kam. Boshpana so‘rovlari soni bo‘yicha yana Germaniya yetakchi bo‘ldi - u yerda 163 mingga yaqin shunday arizalar ro‘yxatga olingan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid