O‘zbekiston | 21:03 / 08.05.2023
11433
3 daqiqa o‘qiladi

Gumondorni qamoqqa olishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish majburiy bo‘ladi

Bu tartib qachondan kuchga kirishi ma’lum emas, tegishli takliflar 1 avgustgacha ishlab chiqilishi belgilandi. Shuningdek, advokatlarga ayrim qo‘shimcha huquq va vakolatlar berilyapti. Yurisprudensiya yo‘nalishida o‘qiyotgan bitiruvchi kurs talabalari advokat yordamchisi bo‘lib ishlashi mumkin.

Ochiq manbalardan olingan surat

O‘zbekistonda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashda shaxsni hibsxonaga joylashtirishdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Prezident farmoni bilan mas’ullarga 2023 yil 1 avgustgacha bu borada asoslantirilgan takliflarni kiritish topshirildi.

Yangi konstitutsiyani ro‘yobga chiqarishga qaratilgan hujjatda advokatura bo‘yicha bir nechta vazifalar belgilangan.

Jinoyat protsessida himoyachining maqomini kuchaytirish maqsadida, unga quyidagi qo‘shimcha huquq va vakolatlar berilmoqda:

  • surishtiruv va dastlabki tergovda himoyachi tomonidan istalgan vaqtda jinoyat ishini qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarorlardan nusxa olish;
  • ko‘rsatmalarni oldindan mustahkamlab qo‘yish (deponirovaniye) uchun sudga to‘g‘ridan to‘g‘ri iltimosnoma kiritish;
  • tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgan shaxslarga malakali yuridik yordamdan foydalanish huquqini kafolatlash maqsadida tergovga qadar tekshiruv jarayonida himoyachi maqomida ishtirok etish;
  • ish bo‘yicha shartnoma asosida sud ekspertizalari o‘tkazilishini va zarur bilimga ega mutaxassislar jalb qilinishini tashkillashtirish;
  • jinoyat ishi bo‘yicha ma’lumotlarga ega shaxslarni so‘rovdan o‘tkazishda ularning roziligi bilan maxsus texnika vositalaridan foydalanish.

Advokatura sohasiga yosh kadrlarni faol jalb qilish maqsadida 2023 yil 1 sentabrdan boshlab OTMlarning yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga advokatlik tuzilmalarida mehnat qonunchiligiga muvofiq o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi sifatida ish faoliyatini olib borishga ruxsat etiladi.

Ikki oy muddatda himoyachining huquq va vakolatlarini kengaytirishni, advokat yordamchisi sifatida ish faoliyatini olib borish tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini mas’ullar administratsiyaga kiritishi kerak.

Bir oy ichida, ushlangan va tergov ostida bo‘lgan shaxsning konstitutsiyaviy protsessual huquqlarini batafsil tushuntirib beruvchi ko‘rgazmali materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shu jumladan, tergov idoralari binolarida fuqarolarga ko‘rinadigan tarzda joylashtirilishi kerak.

Mavzuga oid