O‘zbekiston | 15:59 / 09.02.2020
27599
7 daqiqa o‘qiladi

Himoya orderi nima va u qay tartibda beriladi? IIV vakili bilan suhbat

2019 yil sentyabrida «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida» qonun e'lon qilingandi. Unda tazyiq va zo‘ravonlik nimaligiga aniqlik kiritilgan, tazyiq va zo‘ravonlikning jinsiy, jismoniy, iqtisodiy va ruhiy shakllari izohlangan.

Qonunga asosan, ayollar bir qator vakolatli organlar – Vazirlar Mahkamasi, joylardagi mahalliy davlat organlari, ichki ishlar organlari, mehnat organlari, ta'limni davlat tomonidan boshqarish organlari hamda ta'lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tizimi va sog‘liqni saqlash muassasalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan turli shaklda himoya qilinishi ko‘zda tutilgan.

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Bahriddin Sultonov bilan suhbatimiz mazkur qonunning ahamiyati hamda tazyiq va zo‘ravonlik holatlarida xotin-qizlarga himoya orderini berish tartibi haqida bo‘ldi.

Bahriddin Sultonov

«Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga qanday huquqlar beradi?

– Mazkur qonun haqiqatan ham himoyaga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlarni o‘z vaqtida aniqlab, ularga nisbatan yakka tartibdagi, manzilli profilaktik chora-tadbirlarni qo‘llash imkoniyatini beradi.

Ayollar tazyiq yo zo‘ravonlikka uchragani haqida o‘z vaqtida murojaat qilish huquqiga ega. Mentalitetimizdan kelib chiqqan holda, ayollarimiz bunday hollarda murojaat qilishga uyaladi. Bunday holatlarni aniqlashning turli xil yo‘llari bor. Faqat o‘zining jabrlanuvchining murojaati orqali emas, yon-atrofdagilarning ham murojaat etishi mumkinligi belgilandi. Masalan, jamoatchilik, ish joylaridagi faollar, rahbarlar, mahalladagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislar, qo‘ni-qo‘shnilar.

Belgilab qo‘yildiki, har bir holatda ichki ishlar organlariga xabar berilganida ularga nisbatan tezkor choralar qo‘llab, himoya orderini berish kerak bo‘ladi.

Shunday holatlar borki, jabrlanuvchi ham, uni sodir etuvchi huquqbuzar, ya'ni tazyiq-zo‘ravonlik o‘tkazuvchi shaxslar ham ayollar bo‘lib qolishi mumkin. O‘ylantiradigan jihati, oila-turmush munosabatlarida sodir etilayotgan har qanday nizoli holatlar avvalambor ko‘proq ayollar o‘rtasida kelib chiqadi: qaynona-kelin, opa-singil, qaynegachi va boshqalar. Ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderini berishda, uni qo‘llashda ana shu hususiyatlardan kelib chiqib, e'tiborli bo‘lishimiz kerak.

Bizda zo‘ravonlik deyilganida odatda tan jarohati bilan bog‘liq holatlar tushuniladi. Bundan tashqari, iqtisodiy, jinsiy zo‘ravonlik ham bor. Qonun hujjatlarida shaxsning erki, huquqlari to‘laligicha kafolatlangan. Shaxsning xohish-irodasiga zid bo‘lgan har bir xatti-harakatlarni amalga oshirish huquqi hech kimga berilmagan.

– Ichki ishlar organlariga zo‘ravonlik haqida og‘zaki yoki yozma murojaat kelib tushganida jabrlanuvchiga nisbatan qanday chora-tadbirlar ko‘riladi?

– Profilaktika inspektori zudlik bilan jabrlanuvchi bilan aloqaga chiqadi. Qaysi holatlarda qanday hujjat yig‘ilishi haqida idoraviy hujjatlarda tartibi belgilangan. Fuqaro ichki ishlar organlari yoki profilaktika inspektoriga murojaat qilolmay, boshqa joylarga xabar beradigan bo‘lsa, u xoh og‘zaki, xoh yozma murojaat bo‘lsin, har qanday holat ro‘yxatga olinadi. Buni nima uchun aytyapman, chunki hech bir holat e'tibordan chetda qolib ketishi mumkin emas.

Ayrimlarda profilaktika inspektori xabar beradimi yoki yo‘qmi degan savollar bo‘lishi mumkin. Har bir holat ro‘yxatdan o‘tkaziladi, hujjatlashtiriladi va belgilangan tartibda blankalari bor. Ularning bir qismi xabar bergan organ va mansabdor shaxslarda qoladi, bir qismi profilaktika inspektori yoki ichki ishlar organlariga beriladi.

Himoya orderi berish tartibi shundayki, xabar berilganidan profilaktika inspektori voqea joyiga zudlik bilan borib, hujjatlarni rasmiylashtiradi va [jabrlanuvchiga] himoya orderini beradi.

Bu yerda yana bir jihatini aytib o‘tishim kerakki, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Ayollarimizning o‘zi ham oiladagi nizolarni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biri bo‘lishi ham mumkin. Bu uni himoya orderini olishdan mahrum qilmaydi. Himoya orderi beriladi. Lekin unga nisbatan rasmiy ogohlantirish qo‘llaniladi.

Oilada qaynona, er yoki boshqa shaxslar bilan nizoli holatlarda uning kelib chiqish sabablari yoki himoya orderining berilishi ayollarimizni ham javobgarlikdan ozod etmaydi. O‘z xatti-harakati uchun ularning o‘zi javob beradi.

– Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik aniqlanmagan holatlar bo‘lganida qanday yo‘l tutiladi?

Ayolga nisbatan rasmiy ogohlantirish qo‘llaniladi. Vazirlar Mahkamasining 60-qarorida rasmiy ogohlantirish tartibi belgilangan. Shu orqali kelgusida yolg‘on xabar bergani uchun unga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik mavjudligi haqida rasmiy ogohlantirish beriladi.

– Himoya orderi qancha muddatga beriladi?

– Himoya orderi 1 oy muddatga beriladi. Shu muddat ichida nizoni hal etish imkoni bo‘lmasa, yoki o‘sha holat yana davom etadigan bo‘lsa, ayolning murojaatiga asosan yana 1 oy muddatga uzaytiriladi.

Bir oy muddatga uzaytirilganidan keyin huquqbuzarga nisbatan tuzatish dasturi amalga oshiriladi. U bilan psixologlar, faollar, mehnat jamoasidagi vakillar ishlaydi. Qonun hujjatlarida bu ham belgilab berilgan.

Har qanday holatda ham ayollar o‘zligini, mentalitetini yo‘qotmasin. Bundan himoya orderidan qandaydir qurol sifatida foydalanmaslik, oiladagi ma'naviy muhitning buzilishiga olib kelmaslik, himoya orderidan g‘arazli maqsadlarda foydalanmasliklarini istab qolardik.

Gulzoda Ibrohimova suhbatlashdi.

P.S. Xotin-qizlar qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yilda mingga yaqin ayol maishiy zo‘ravonlikdan aziyat chekkan. Qo‘mita rahbariyati bu raqam real holatni aks ettirmasligi, chunki tazyiqqa uchrayotgan ayollarning hammasi ham bu haqda ochiq-oydin aytmasligini ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid