Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta'minlash va monitoring olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturidan o‘tishi tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta'minlash va monitoring olib borish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, himoya orderi muvofiq seriya va raqamga ega bo‘lgan, qat'iy hisobi yuritiladigan hujjat hisoblanadi.

Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika (katta) inspektori tomonidan sxemaga muvofiq beriladi.

Himoya orderi tuman (shahar) ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarida yuritiladigan alohida daftarda qayd etiladi.

Quyidagilar himoya orderini berish uchun asos hisoblanadi:

tazyiq va zo‘ravonlik qurbonining murojaati;

jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;

tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;

davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.

Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar va tashkilotlar jabrlangan xotin-qizlar bo‘yicha ma'lumotga ega bo‘lgach muvofiq shakldagi xabarnomani darhol ichki ishlar organlariga taqdim etadi.

Xabarnoma qonun hujjatlariga muvofiq ichki ishlar organlari navbatchilik qismidagi daftarda qayd etiladi.

Tazyiq va zo‘ravonlik to‘g‘risida xabar bergan shaxslar va tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma'lumotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘riqlanadi.

Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismida belgilangan tartibda qayd etilgan murojaatlar va xabarlar darhol profilaktika inspektoriga taqdim etiladi.