O‘zbekiston | 19:32 / 30.03.2021
5058
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda Vengriya kompaniyasi bilan hamkorlikda kungaboqar moyi ishlab chiqarish zavodi quriladi

O‘zbekistonning «BMB trade group» va Vengriyaning «Kish group» kompaniyalari hamkorligida kungaboqar moyi ishlab chiqarish zavodi ochiladi. Loyiha qiymati 90 million dollardan ziyod ekani aytilmoqda. 

«BMB trade group» kompaniyasi tijorat direktori Mirg‘ulom Usmonov 29 mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Vengriya biznes forumida mazkur korxona haqida ma'lumot berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, zavod 2022 yilda qurib bitkazilishi va ishga tushirilishi kutilmoqda.

«O‘zbekistonning «BMB trade group» va Vengriyaning «Kish group» kompaniyalari hamkorlikda kungaboqardan moy ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirmoqda. Loyiha qiymati 90 million dollardan ortiqni tashkil qiladi. Shundan 52 million AQSh dollari zavod qurilishi va Vengriyadan uskunalar olib kelinishi uchun sarflanadi. 40 million dollardan ziyod mablag‘ esa kungaboqar pistasini yetishtirish va zavodni xomashyo bilan ta'minlab berishga yo‘naltiriladi», - dedi Mirg‘ulom Usmonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zavod Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida qurilishi ko‘zda tutilgan. Respublikaning kungaboqar yetishtiriluvchi hududlaridan esa xomashyo yetkazib beriladi.   

«Bundan tashqari, quriladigan zavodda ishlatiladigan uskunalar ham Vengriyadagi hamkorlarimizning «Kish engineering» nomli shu'ba korxonasida ishlab chiqariladi.

Bu loyiha to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda. Bizning kompaniya esa faqatgina kungaboqar pistalarini xomashyo sifatida yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Hozirda O‘zbekistonga kungaboqar moyi asosan import qilinadi. Shu tufayli ishlab chiqarilgan dastlabki mahsulot O‘zbekiston bozoriga va undan keyingi bosqichlarda qo‘shni davlatlarga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan. Zavod 2022 yilda ishga tushishi rejalashtirilgan», – dedi u.

Avvalroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 29 mart kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgani, tashrif doirasida O‘zbekiston-Vengriya hamkorligini kengaytirishga qaratilgan 10dan ortiq hujjat imzolangani xabar qilingandi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirgani ham ma'lum qilingan.

Mavzuga oid