

Shuningdek, tashrif doirasida ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10dan ortiq hujjat imzolandi. Ular Hududlararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Tashqi ishlar idoralari o‘rtasida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi o‘rtasida anglashuv memorandumi, Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, Atom energetikasi sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik to‘g‘risida, Innovatsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumlari, Madaniyat sohasida hamkorlik dasturi, Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari va chorvachilik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi», Irrigatsiya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hadli bitimlardir.
Marosimda ikki mamlakat vazirliklari rahbarlari imzolangan hujjatlarni almashdilar.




Tashrif doirasida O‘zbekistonda Debretsen universitetining ta'lim dasturlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim ham imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda Vengriya bilan munosabatlar faol rivojlanib, sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilganini ta'kidladi.
«Bugun ochiq va amaliy ruhda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Vengriya munosabatlarining deyarli barcha yo‘nalishlarini atroflicha muhokama qildik. Birinchi navbatda iqtisodiy hamkorlik masalalariga jiddiy e'tibor qaratdik. So‘nggi to‘rt yilda tovar ayirboshlash deyarli uch barobarga o‘sgan. Bu ko‘rsatkichni kelgusida bir necha barobarga oshirish niyatidamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun ikki mamlakat bozorlariga mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingani aytildi.


















