O‘zbekiston rahbari pandemiya sharoitiga qaramay Vengriyadan shunday katta delegatsiya kelgani o‘zaro do‘stlik va hurmat mustahkam ekanidan dalolat berishini ta'kidladi.

«O‘zbek va vengr xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, yaqin hamkorlik rishtalari birlashtirib keladi. Bugungi kunda esa Vengriya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Birgalikdagi intilish va amaliy ishlar natijasida bu sheriklik yildan yilga mustahkamlanib bormoqda.

So‘nggi to‘rt yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi hajmi salkam uch barobarga o‘sgan. Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, o‘tgan yili ham bu ijobiy dinamika saqlab qolingan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ishbilarmonlar va hududlar o‘rtasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgani bunda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, shu yil fevral oyida Budapeshtda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes-forum o‘tkazilgan edi. Kecha Toshkentda ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Muzokarada ikki tomonlama hamkorlik bobida hali ishga solinmagan juda katta imkoniyatlar borligi ta'kidlandi. Shu bois asosiy e'tibor savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, savdo hajmi muvozanatini tenglashtirish, zarur mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish muhimligini ta'kidladi.

Bu borada Budapeshtda tashkil etilayotgan O‘zbekiston-Vengriya savdo uyi imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.

Sanoat kooperatsiyasi – hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishidir. Vengriyaning ilg‘or tajribasi asosida O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo va mashinasozlik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Hududlar o‘rtasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda. Samarqand va Jizzax viloyatlarida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni modernizatsiya qilish, jumladan, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, eksport salohiyatini oshirish borasida Vengriya tajribasini tatbiq etish mo‘ljallanmoqda.