O‘zbekiston | 07:33 / 18.06.2020
6755
5 daqiqa o‘qiladi

Fanlar akademiyasi tasarrufida Davlat va huquq instituti tashkil etiladi

Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tasarrufida Davlat va huquq instituti tashkil etiladi.

Institut quyidagi yo‘nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borishi belgilanadi:

davlat va huquqning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va faoliyat ko‘rsatishining umumiy qonuniyatlari, jahon siyosiy va huquqiy tafakkurining genezisi va evolyutsiyasini tadqiq qilish;

milliy davlatchilik va huquqning paydo bo‘lishi, evolyutsiyasi va rivojlanish istiqbollarini o‘rganish;

davlat va huquqning fuqarolik jamiyati boshqa institutlari bilan o‘zaro ta'siri umumiy qonuniyatlarini tadqiq qilish;

milliy davlatchilik rivojlanishining huquqiy muammolari, shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarini o‘rganish;

huquqiy til va huquqiy terminologiyani takomillashtirish;

konstitutsiyaviy va parlament huquqi, konstitutsiyaviy odil sudlovning rivojlanishini tadqiq qilish;

inson va fuqarolar huquq hamda erkinliklarini himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash va ta'minlashning zamonaviy muammolarini o‘rganish;

huquqiy madaniyat, huquqiy ong va huquq sotsiologiyasini tadqiq qilish;

raqamli iqtisodiyot shakllanishi sharoitida ma'muriy va sud-huquq islohotlarining fundamental muammolarini o‘rganish;

fuqarolik, mehnat va oilaviy huquqiy munosabatlar samaradorligini oshirish;

tadbirkorlik faoliyati va raqamli iqtisodiyotni tartibga solishning huquqiy jihatlarini o‘rganish;

qishloq xo‘jaligi, suv, yer va ekologiya huquqining dolzarb muammolarini tadqiq etish;

axborot xavfsizligiga zamonaviy tahdidlar sharoitida axborot huquqi muammolarini tadqiq etish;

raqamli iqtisodiyotda davlatning moliyaviy asoslari, bank, soliq tizimlarini takomillashtirishning huquqiy muammolarini o‘rganish;

rivojlangan davlatlarning ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish tajribasini qiyosiy huquqiy tadqiq etish;

xalqaro ommaviy va xususiy huquq muammolarini tahlil qilish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini, jumladan inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarini bajarishning tashkiliy huquqiy asoslarini takomillashtirish.

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

jamiyat va davlat qurilishi, sud-huquq va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarga maslahat va ekspert yordamini tashkil qilish;

mamlakatning barqaror rivojlanishi maqsadidan kelib chiqib, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar uchun ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga olgan tahliliy hujjatlarni tayyorlash; ¬

zamonaviy elektron-axborot va o‘quv-pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda, aholining huquqiy madaniyatini, davlat boshqaruv organlari xodimlari huquqiy ongi va madaniyati darajasini oshirish, inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga ko‘maklashish;

ilmiy faoliyatni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda, shartnomalar asosida amalga oshirish, eng dolzarb huquqiy tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha ilmiy yo‘nalishdagi fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida shartnomalar tuzish;

yuridik ixtisosliklar bo‘yicha dissertatsiyalar himoyasini tashkil qiluvchi ixtisoslashgan kengashlar tuzish yo‘li bilan zamonaviy talablar asosida ilmiy kadrlarni tayyorlash va ular malakasini oshirishda bevosita ishtirok etish;

Institut xodimlarining davlat va jamiyat islohoti turli jihatlariga taalluqli normativ-huquqiy va dasturiy xarakterdagi hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha davlat organlari huzuridagi ilmiy-maslahat kengashlari, komissiyalar va ishchi guruhlari ishida ishtirok etishi;

«Davlat va huquq» jurnalini, jamoaviy va individual monografiyalarni, o‘quv-metodik adabiyotlarni, qonunchilikka ilmiy-metodik sharhlarni, jumladan ularning elektron shaklini nashr etish faoliyatini amalga oshirish;

jamiyat uchun dolzarb ilmiy huquqiy muammolarni muhokama qilish va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy tadbirlarni (konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlarni) o‘tkazish va ularda ishtirok etish;

respublikada oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tashkilotlarning davlat va huquq sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy ta'minlash, shuningdek, davlat va huquq muammolarini o‘rganish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi ilmiy kengashni tuzish.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutini Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, 81-uyda bepul foydalanish huquqi asosida joylashtiradi.

Mavzuga oid