Sog‘lom hayot | 17:39 / 12.12.2025
5208
4 daqiqa o‘qiladi

“Retsepsiz beriladigan muhim dorilar ro‘yxati shakllantirilgan” – SSV “Elektron retsept” bo‘yicha tushuntirish berdi

Vazirlikka ko‘ra, “Elektron retsept” tizimi hozirda Toshkent shahri va 15 ta tumanda joriy etilmoqda. Tizimni butun respublika bo‘ylab kengaytirish 2026 yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. “Favqulodda holatlarda, shuningdek, bolalarga, keksa yoshdagi shaxslarga va surunkali kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda hech kim zarur dori vositalarisiz qolmaydi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Elektron retsept” tizimi joriy etilgani ortidan shifoxonalarda tartibsizlik yuzaga kelgani, shifokorlar esa retsept yozolmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Vazirlikka ko‘ra, “Elektron retsept” tizimini joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — davolash xavfsizligini oshirish va bemorlar salomatligini himoya qilish, shifokorlarning dori tayinlashdagi mas’uliyatini kuchaytirish, dori vositalarini tayinlash jarayonini tartibga solish, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli hisobga o‘tish, shuningdek, kontrafakt yoki noto‘g‘ri qo‘llanayotgan dori vositalari aylanmasi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishdan iborat.

“Elektron retsept” tizimi hozirda Toshkent shahri va normativ hujjatlar bilan belgilangan 15 ta tumanda joriy etilmoqda. Tizimni butun respublika bo‘ylab kengaytirish 2026 yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu natijalarni tahlil qilish, aniqlangan tashkiliy va texnik muammolarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarning xavotirini to‘liq tushunadi va ta’kidlaydiki: favqulodda holatlarda, shuningdek, bolalarga, keksa yoshdagi shaxslarga va surunkali kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda hech kim zarur dori vositalarisiz qolmaydi. Ushbu toifadagi bemorlar alohida nazoratda bo‘ladi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Qayd etilishicha, yangi tizimni joriy qilish davri mobaynida Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir rahbarligida doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh tashkil etilgan. Ushbu guruh tarkibiga shifokorlar, dorixona tashkilotlari va AKT mutaxassislari kiritilgan. Ishchi guruh tizimning amalda qo‘llanishini muntazam monitoring qiladi, fuqarolar va tibbiyot xodimlarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi, poliklinikalarga tushayotgan yuklamani, raqamli servislar barqarorligini va dori vositalarini berish tartibini tahlil qiladi. Zarur hollarda tezkor tarzda tegishli tuzatishlar kiritiladi.

“Shifokor retseptisiz beriladigan asosiy hayotiy muhim dori vositalarining bazaviy ro‘yxati shakllantirilgan. Uning maqsadi — kundalik va favqulodda maishiy holatlarda aholiga tezkor tibbiy yordam olish imkoniyatini ta’minlashdir. Ro‘yxat xalqaro amaliyot, shifokorlar tavsiyalari va hayotiy holatlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy axborot resurslarida e’lon qilingan. Bu jarayonda u amaliy qo‘llanish natijalari va kelib tushayotgan takliflar asosida aniqlashtirilishi va to‘ldirilishi mumkin”, deya ma’lum qilgan vazirlik.

Shuningdek, Toshkent shahri va 15 ta tajriba hududlarida joylashgan dorixonalarda joriy qilingan “Elektron retsept” tizimi doirasida vujudga kelayotgan murojaatlarni qabul qilish uchun Telegram’da @ssv_pilotbot tashkil etilgan. Ushbu bot orqali tizim va dori vositalarini berish bilan bog‘liq barcha murojaatlar ustuvor tartibda ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 sentabrdagi tegishli qaroriga binoan 2025 yil 10 dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar) hududidagi dorixonalar “Elektron retsept” tizimiga o‘tgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, dorixonalar tomonidan retsept asosida berilishi lozim bo‘lgan dori vositasini retsepsiz berganlik uchun javobgarlik belgilangan. Endilikda shifokor tomonidan tayinlanadigan ayrim dori vositalarini xarid qilishda fuqarolarga dorixonaga albatta, shifokor tomonidan tizimga kiritilgan elektron retsept asosida murojaat etish tavsiya etilmoqda

Mavzuga oid