Surxondaryoda hokim yordamchisi fuqarolar nomiga kredit olib, yo‘qolib qoldi. Bunga shaxs aybdormi yoki tizginsiz tizim?
Kun.uz'ga murojaat yo‘llagan fuqarolarning bildirishicha, hozirda bank xodimlari ularga kredit qarzdorligini to‘lash majburiyatini qo‘ymoqda. Odamlarning o‘zlari esa nomlariga kredit olinganidan bexabar. Aytishlaricha, “summa katta, milliardlar haqida gap boryapti”.
Uzun tumanidagi Chaqar mahallasida yashovchi bir nechta fuqaro Kun.uz’ga murojaat qilib, mahalladagi hokim yordamchisi Jahongir Rahmonov ularning nomlariga kredit olganini bildirdi. Murojaatchilarning ma’lum qilishicha, bugunga kelib bank xodimlari ularni “yemagan somsaga pul to‘lashga” majburlamoqda.
“Qishlog‘imizga bank xodimlari kelib, ko‘pchilikka kreditlaring bor, to‘langlar, deyishdi. Odamlar hayron. Keyin bilsak mahallamizdagi hokim yordamchisi nomimizga kredit olib, to‘lab kelayotgan ekan. Ammo shu kunlarda hokim yordamchisi yo‘qolib qolgan. Bank xodimlari endi odamlardan pul so‘rayapti. Summa katta, aytishlaricha millardlar haqida gap ketyapti”, deya ta’kidlaydi murojaatchilardan biri.
Masalan, Chaqar mahallasida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan Oydin Berdiyeva nomiga 2022 yil sentabr oyida 3 yil imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga yillik 14 foizlik kredit ajratilgan. Kredit summasi 31 mln 178 ming so‘mni tashkil qiladi. Onlayn ravishda rasmiylashtirilgan kredit fuqaroga issiqxona yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun berilgan. Shartnoma elektron kalit orqali imzolangan.
Hokim yordamchisi Jahongir Rahmonov ta’minotchi tomonidan mahsulot yetkazib berilganini monitoring qilish bo‘yicha 40-sonli dalolatnomani imzolab, elektron tizimga biriktirgan. Unda mahsulot sifatli yetkazib berilgani, kredit ajratilishi maqsadga muvofiqligi qayd etilgan.
“Mahsulot (xizmat) yetkazib berish bo‘yicha Yagona elektron platformada yaratilgan «marketpleys» tizimida “KAMRONBEK OZODBEK SARDORBEK” MChJ bilan 07.09.2022 yilda 677662-sonli 31 100 000 so‘mlik (Issiqxona) shartnoma tuzilgan.
Yetkazib berilgan mahsulot (xizmat) uchun 09.09.2022 yilda 5-sonli elektron hisobvaraq-faktura imzolangan va arizachi tomonidan qabul qilingan.
Hokim yordamchisi tomonidan shaxsan arizachining faoliyat joyiga borib o‘rganilganida mahsulotlar (xizmatlar) to‘liq va sifatli yetkazib berilgani hamda arizachi to‘liq qoniqish hosil qilgani aniqlandi.
Joyiga chiqib o‘rganish natijasida mahsulot (xizmat) arizachiga to‘liq miqdorda va sifatli yetkazib berilgani tasdiqlandi va kredit shartnomasi shartlariga to‘liq mos keladi, ushbu mahsulotlar (xizmatlar) pulini kredit hisobidan to‘lab berish maqsadga muvofiq”, deya ko‘rsatilgan dalolatnomada.
Ammo nomiga kredit olinganidan fuqaro Oydin Berdiyevaning xabari bo‘lmagan. Qolaversa, uning xonadoniga qurilmagan issiqxona hokim yordamchisi tomonidan qurildi deya dalolatnoma qilingan.
Bugungi kunda “Agrobank” ATB Uzun tuman filiali boshqaruvchisi nomidan kreditning muddati o‘tgan foiz qarzdorligini to‘lash bo‘yicha fuqaroga talabnoma jo‘natilgan. Unda qarzdorlikni 10 kunlik muddatda to‘liq to‘lash talab qilingan.
Ushbu holat yuzasidan Oydin Berdiyeva hokim yordamchisi Jahongir Rahmonovga, bank xodimi va ta’minotchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab tuman prokuroriga murojaat qilgan.
Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida Jahongir Rahmonovning telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. Biroq aloqa yo‘qligi tufayli u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.
Lavozimi bilan bog‘liq holda sodir etilgan jinoyati fosh bo‘layotgan kasb vakillari orasida hokim yordamchilari yetakchilik qilmoqda desak adashmagan bo‘lamiz. Oxirgi 1 yilda quloqqa chalingan ayrim holatlar shunga ishora qilmoqda.
Masalan:
- Qashqadaryoda hokim yordamchisi 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilishda gumonlanmoqda;
- Surxondaryoda o‘zgalar nomiga 132 mln so‘m kredit olgan hokim yordamchisi aniqlandi;
- Toshkent va Jizzaxda hokim yordamchilari pora bilan ushlandi;
- Jizzaxda 55 nafar hokim yordamchisi ma’muriy javobgarlikka tortildi;
- Surxondaryoda hokim yordamchisi soxta hujjat rasmiylashtirib, qariyb 700 mln so‘mni o‘zlashtirdi;
- Ohangaronda hokim yordamchisi 15 ming dollar bilan ushlandi;
- Andijonda hokim yordamchisi 7 mln so‘m pora bilan ushlandi;
- Buxoroda hokim yordamchisi o‘zgalar nomiga kredit rasmiylashtirgani aniqlandi.
Hokim yordamchisi instituti missiyasini bajarib bo‘lmadimi?
Iqtisodchi Otabek Bakirov shunday yozadi:
“Paydo bo‘lganining uchinchi yiliga kelganida hokim yordamchilari yana bir bor, bu safar uchinchi marta vazirlik bo‘ysunuvini o‘zgartirmoqda.
Avvalroq, shu yil yozda kambag‘allikni qisqartirish bilan bog‘liq vazifalar ijtimoiy himoya tizimiga uyg‘unlashishi e’lon qilingach, mikromenejmentga asoslangan hokim yordamchilari instituti o‘rnini ijtimoiy himoya bilan mashg‘ul professionallar egallaydi, degan umid paydo bo‘lgandi.
Lekin bu safar ham, garchi Mahallabay agentligi tugatilayotganiga qaramay (nihoyat to‘g‘ri qaror), 8 mingga yaqin hokim yordamchilari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga o‘tkazilmoqda.
Men tushunaman, hokim yordamchilari orasida yaxshi sobiq bankirlar, yaxshi sobiq soliqchilar, moliyachilar bor. Ular o‘zlarini o‘zlarining sohasida ko‘proq realizatsiya qila olgan bo‘lardi deb o‘ylayman. Kimdir o‘tgan 3 yilda tayyor tadbirkorga aylandi. Shu bilan birga vaziyat 3 yil avvalgidek ham emas. Ijtimoiy reyestr bazasi allaqachon shakllangan, yer va mulk kadastri, avtomobil, kredit tarixi, soliq, MIB, sug‘urta, ijtimoiy yordamlardan tortib shaxs, uning telefon va ijtimoiy tarmoqlardagi xulq-atvorigacha axborotlarni jamlash va qayta ishlash imkoni paydo bo‘ldi. Ya’ni raqamlashtirish qamrovi va chuqurligi kambag‘allik bilan bog‘liq axborotlarni inson ishtirokisiz qayta ishlashga imkon beradi.
Shu bilan birga yuqori darajada korrupsiyalashgan zanjirlarning eng quyi bo‘g‘inida qolgan hokim yordamchilari vositachi va navbatchi aybdorga ham aylanib bormoqda.
Balki mana endi hokim yordamchilariga 3 yillik mehnatlari uchun rahmat aytib, ozodlikka qo‘yib yuborish payti kelgandir?”
Mavzuga oid
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
22:25 / 20.10.2024
Firibgarlar Telegram orqali fotosurat ko‘rinishida virus yubormoqda
15:12 / 20.10.2024
O‘zini bank xodimi deb tanishtirib, fuqaroning pullarini o‘zlashtirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
08:10 / 17.10.2024