Jizzaxlik mehnat muhojiri Nodira Qodirova shu yilning sentyabrida, 23 yoshida Turkiya parlamenti deputatining uyidagi hodisa oqibatida vafot etgan edi.

Hozirgacha voqea yuzasidan Anqara politsiyasi va prokuraturasi, O‘zbekiston konsulligi hamda deputat Shirin Unalning o‘zi rasman izoh bergan bo‘lsa-da, jamoatchilikda shubha-gumonlar hamon saqlanib qolmoqda.

Kun.uz bu mavzuni ham turk matbuoti, ham o‘z muxbirini Anqaraga yuborish orqali yoritib keldi. Voqeadan bir oy o‘tib, Nodira Qodirovaning akasi bilan kechgan batafsil suhbatimiz biz e'lon qilib kelgan o‘ndan ortiq xabarlarni bir-biriga bog‘lagani, mish-mishlarga oydinlik kiritgani va fojia haqida umumiy tasavvur hosil qilishga imkon bergani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

Nodira oxirgi bir yil davomida Turkiya parlamenti deputati, iste'fodagi general Shirin Unalning uyida uning 20 yildan buyon xasta ayoliga qarab kelayotgandi.

«Singlimning o‘z joniga qasd qilishiga hech qanaqa sabab yo‘q edi. Psixologik yo moddiy muammolari yo‘q edi. Hammasi joyida edi, umidlari ko‘p edi. «Aka, o‘qiyman, oliygohlarga kiraman», degan maqsadlari bor edi», – deya turk OAVga bergan intervyularidagi so‘zlarini tasdiqladi Muhammadali Qarshiboyev.

(Aka-singilning familiyasi boshqacha ekani ularning biriga ota, ikkinchisiga ona tomondan bobosining ismi familiya sifatida berilgani bilan bog‘liq).

– Voqea payti Shirin Unal sizni telefon qilib chaqirgan ekan. Uni oldin ko‘rganmisiz?

– Ko‘rganman, singlimni nazorat qilib turish uchun uyiga borib turardim. Choyga chaqirib turishardi. Borib, suhbatlashib, shu bahona singlimdan xabar olib turardim. Nima muammong bor, kayfiyating qanaqa, biron narsa kerak bo‘lmayaptimi, deb so‘rab turardim, 1-2 soat o‘tirib qaytib kelardim.

– 23 sentabr kungi voqealar xronikasini gapirib bersangiz.

– 23 sentabr kuni oqshom 20:48da Shirin Unalbey shaxsiy telefonidan menga telefon qildi. Uyda to‘pponcha yo‘qolgani, shu sababli 3-4 kundan beri bu masala bo‘yicha notinchlik bo‘layotganini aytdi.