Iqtisodiyot | 15:37 / 06.05.2026
2729
4 daqiqa o‘qiladi

Markirovkali suv va ichimliklarni agregatsiyalash kechiktiriladi

Tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘lgan suv va ichimliklarni majburiy agregatsiyalash amaliyoti kechiktiriladigan bo‘ldi. Bu haqda prezident huzuridagi yig‘ilishdan keyin biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev ma’lum qildi. Soliq qo‘mitasi vakiliga ko‘ra, markirovka talablarini buzganlik uchun sanksiya yumshatiladi.

Foto: forintek.ru

O‘zbekistonda 1 apreldan suv va salqin ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida majburiy agregatsiya kuchga kirgan va bu tadbirkorlarda ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lib kelayotgan edi. 5 may kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda bu yangi talabni amaliyotga majburiy joriy etishni kechiktirish masalasi ko‘tarildi.

Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, prezident tomonidan tadbirkorlik muhitiga ta’sir qilayotgan muammolarni o‘rganish borasida topshiriq berilgan. Taqdimotda 15 ta masala ko‘tarilgan. Ulardan biri – markirovkalangan suv va ichimliklarni agregatsiyalash.

“2026 yil 1 apreldan boshlab markirovka tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu, ayniqsa, suv ishlab chiqaruvchi korxonalarga ta’sir o‘tkazyapti. Korxonalarni tahlil qilganimizda 90 foiz bozorni egallagan 10 ta yirik ishlab chiqaruvchining 5 tasi ushbu jarayonga tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi. Prezidentimizga buni aytganimizda, cho‘zish bo‘yicha taklif berdilar. Bu jarayon 2 marta cho‘zilgan. 2024 yil apreldan 2026 yilgacha. “Mayli, yana cho‘zamiz, qachonki tadbirkorlarimiz tayyor bo‘lganda yo‘lga qo‘yiladi”, dedilar”, – deydi Bo‘riyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, taqdimotda tadbirkorlarni qiynayotgan peshlavhalar, dizayn kod masalalari ham muhokama qilingan. “Tadbirkorlarning ovozini yetkazdik, hammasini prezidentimiz qo‘llab-quvvatladi”, – dedi biznes ombudsman.

Abdumannop Bo‘riyev

Soliq qo‘mitasining Soliq solish metodologiyasi departamenti direktori Aziz Umrzoqov yig‘ilishda raqamli markirovkalash borasida ikkita masala muhokama qilinganini ma’lum qildi.

“Tovarning ishlab chiqaruvchidan ulgurji sotuvchi, undan keyin yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan harakatini kuzatish imkonini beruvchi tizim yetarli darajada yuqori texnologik ekanidan kelib chiqib, qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun bunday vositalarni samarali joriy etish muddatini kechiktirishga qaror qilindi”, – dedi u.

Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab tadbirkorlarni markirovka bo‘yicha tashvishga solgan ikkinchi masala – ularga qo‘llanadigan jarimalar miqdori ham muhokama qilingan.

“Prezident uni kamaytirish tashabbusini ilgari surdi, ya’ni ishlab chiqaruvchilar, ulgurji sotuvchilar hamda import qiluvchilar uchun sanksiyalar kamaytiriladi, umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari uchun esa jarimalar daromad summasidan kelib chiqib emas, balki qat’iy belgilangan summada bo‘ladi”, – dedi Soliq qo‘mitasi mas’uli.

O‘zbekistonda ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimi joriy etilishi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Joriy yil 1 apreldan boshlab ichimliklar uchun majburiy agregatsiya talabi ham kuchga kirdi. Bu tizim mahsulot harakatini bosqichma-bosqich kuzatish va yashirin aylanmani qisqartirishni maqsad qiladi, biroq bozor ishtirokchilari yangi tartibni amaliyotga joriy etishda qator muammolar borligini ta’kidlamoqda.

Avvalroq soliq maslahatchilari Nodirbek Xo‘jabekov va Murod Muhammadjonov ham Kun.uz'ga bergan intervyusida markirovkalashga oid talablar amaliyotda nimalarga olib kelayotgani haqida gapirib o‘tgandi.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid